O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistonlik mutaxassislar molekulyar allergologiya asoslari bilan tanishdilar
2018-10-12 | Fan
Allergologiya boʻyicha oʻzbekistonlik bir guruh mutaxassislar Xalqaro molekulyar allergologiya va immunologiya tarmoq universiteti(INUNIMAI)ning klinik va ilmiy bazasi boʻlgan Kiyevdagi Ukraina molekulyar allergologiya va immunologiya maktabida malakalarini oshirdilar.
Safardan asosiy maqsad INUNIMAI dasturi va hamkorligida allergik va immunologik kasalliklarni diagnostika qilish va davolashning zamonaviy usullarini oʻrganish edi. Mashgʻulotlar Oʻzbekistondan tashrif buyurgan shifokorlar uchun 11.05.2018 y.dagi PQ-3715-sonli “Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qoʻyish va davolashni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarorini amalga oshirish boʻyicha tadbirlar doirasida INUNIMAI universitetlarining xalqaro platformasi vitse-prezidenti, professor V. F. Garib tashabbusi hamda INUNIMAIning Oʻzbekiston boʻyicha milliy muvofiqlashtiruvchisi G. S. Jambekova boshchiligida maxsus tashkil etildi.
Yurtimizda molekulyar allergologiyaning aktualligi hukumat hujjatlarida oʻz aksini topgan. Taʼkidlash joizki, ishtirokchilar faqatgina allergologiya boʻyicha mutaxassislar emas, balki guruh aʼzolari pulmanolog, pediatrlardan, shuningdek, kasalliklarning molekulyar asoslarini tushunishga asoslangan diagnostikaning zamonaviy usullari tibbiyotning kelajagi ekanligini eʼtiborga olgan holda allergologiya sohasidagi dunyoda erishilgan yutuqlarga qiziqadigan laboratoriya diagnostikasi mutaxassislaridan ham iborat boʻldi.
Mashgʻulotlarning 1-bosqichi molekulyar allergologiya asoslari, bahorda daraxtlarining changiga qoʻzgʻaydigan allergiya va uydagi changga allergiyaga bagʻishlandi. 2-bosqichda esa boshoqli va yovvoyi oʻtlar changiga allergiyani davolashda qoʻllaniladigan maxsus immunoterapiya asoslari haqida batafsil toʻxtatib oʻtildi. Har bir bosqichda ikki kun davomida maʼruzalar oʻqildi, klinik holatlarlar tahlil qilindi, oʻqituvchilar bilan munozaralar oʻtkazildi. Mashgʻulotlar boshlanishidan avval tinglovchilarning tayanch bilimlarini aniqlash uchun molekulyar va klinik allergologiya asoslari boʻyicha testlar oʻtkazildi. Natijalarga koʻra oʻquv dasturiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Shuningdek, bolalardagi allergik kasalliklarni tashhislash va davolashga alohida eʼtibor qaratildi. Maʼruzachilar bolalar allergiyasidagi murakkab holatlar boʻyicha oʻz klinik tajribasi va kuzatuvlari bilan boʻlishdi. Bu esa oʻz navbatida tinglovchilarda katta qiziqish uygʻotdi.
Oʻqitish davrida maxsus immunoterapiya uchun turli preparatlarni qoʻllash, ularning havfsizligi va qiyosiy samaradorligi haqida bilimlarni kengaytirishga erishildi. Tinglovchilarda allergik tashhis tizimining xususiyatlari va kamchiliklari aks etgan tahlili katta qiziqish uygʻotdi. Amaliy nuqtai nazardan muhim boʻlgan tashhis va davolash texnologiyalari haqidagi maʼlumotlar yildan yilga yangilanadi va takomillashtiriladi, bu esa bilimlarni birlashtirish va tajriba almashishni talab etadi. Ukrainalik hamkasblarning taʼkidlashicha, mutaxassis, xoh u shifokor boʻlsin, xoh laboratoriya hodimi yoki olim, oxirgi qarorni qabul qiladi va uning molekulyar allergologiya sohasida zamonaviy bilimlarga ega boʻlishi oʻta muhim. Bunda asosli tadqiqotlar, taqriz qilinuvchi xalqaro ilmiy jurnallarda xalqaro ekspertlarning hulosalari, maqolalariga asoslanish lozim.
Har bir bosqich maktabi yakunida testlar oʻtkazilib, bunda tinglovchilar molekulyar allergogologiyani oʻrganishda oʻz muvaffaqiyatlarini namoyish etishdi. Kuzda bazaviy darajali maʼruzalarning navbatdagi sikli rejalashtirilib, shuningdek molekulyar allergologiyaning yanada murakkab, qiziqarli jihatlarini oʻz ichiga olgan molekulyar allergologiya boʻyicha chuqurlashtirilgan maʼruzalar siklining dasturi ishlab chiqilmoqda. Molekulyar allergologiya sohasida hamkorlik va Toshkentda sayyor siklni oʻtkazishga kelishildi.
Barcha tinglovchilar INUNIMAI birinchi va ikkinchi bazaviy bosqichidan oʻtganligi toʻgʻrisida diplomlar, esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar. Shuningdek, Ukraina molekulyar allergologiya va immunologiya maktabi rahbari A.Nazarenko ishtirokchilar va maʼruzachilarni 3-chi va 4-chi boschiq Maktabining mashgʻulotlariga taklif qildi.