O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxoro viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2018-10-12 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Davlat mulkining va davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik yurituvchi jamiyatlarning ishlab chiqarish maydonlari va obyektlaridan samarali foydalanish, investitsiyalarni faol jalb etish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish, yangi raqobatbardosh ishlab chiqarishlarni va kichik korxonalarni rivojlantirishni yanada qoʻllab-quvvatlash, ularni muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasiga ega alohida hududlarda joylashtirishni taʼminlash va shu asosda ishlab chiqarish sohasida yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda aholining bandligi va farovonligini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Buxoro viloyati hokimligining Buxoro viloyatida davlat mulkining va davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik yurituvchi jamiyatlarning foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va obyektlari negizida 1-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha kichik sanoat zonalarini (keyingi oʻrinlarda – KSZ deb yuritiladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda bir oy muddatda foydalanilmayotgan tegishli ishlab chiqarish maydonlari va davlat mulki obyektlarining Buxoro viloyati hokimligiga belgilangan tartibda oʻtkazilishini, shuningdek, davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik yurituvchi jamiyatlari boshqaruv organlarining majlislarida foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va obyektlarni ularning ustav jamgʻarmalaridagi davlat ulushini va xoʻjalik boshqaruvi organlarining ulushini tegishli ravishda oʻtkazilayotgan aktivlarning qoldiq (balans) qiymati summasiga kamaytirgan holda, ushbu qarorning 1-ilovasiga muvofiq Buxoro viloyati hokimligiga topshirish masalasi koʻrib chiqilishini taʼminlasin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
KSZ hududidagi davlat koʻchmas mulki tadbirkorlik subyektlariga biznes rejalarni bajarish, ish oʻrinlarini yaratish va saqlab qolish, barcha turdagi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlash sharti bilan keyinchalik mulk huquqi berilgan holda 10 yilga uzoq muddatli ijaraga beriladi;
KSZ hududidagi koʻchmas davlat mulkidan ijara davrida foydalanish uchun ijaraga olingan maydonda amalga oshirilayotgan faoliyat turidan kelib chiqqan holda, ortib boradigan koeffitsiyentni qoʻllamasdan ijara toʻlovining eng kam stavkasi belgilanadi;
KSZ ishtirokchilariga investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun yer uchastkalarini berish toʻgʻrisidagi qarorlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-oktyabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–3356-son qarori bilan tashkil etilgan Buxoro viloyati erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashi tomonidan qabul qilinadi.
4. Buxoro viloyati erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashi bir oy muddatda:
mazkur qarorning 1-ilovasida koʻrsatilgan KSZ faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilsin;
Buxoro viloyati hokimligi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat unitar korxonasi shaklida yagona KSZ direksiyasini tashkil etsin.
5. Belgilansinki, KSZ direksiyasi va ishtirokchilariga 2020-yilning 1-noyabriga qadar ular egallab turgan maydondan kelib chiqqan holda hisoblanadigan yer soligʻining belgilangan eng kam miqdori – uch baravardan kam boʻlmagan yagona soliq toʻlovi boʻyicha qonunchilikda nazarda tutilgan talablar tatbiq etilmaydi.
6. Buxoro viloyati kichik sanoat zonalari va “Buxorotexnopark” DUK muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini qayta tiklash ishlarining manzilli roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Buxoro viloyati erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashining asoslangan
hisob-kitoblari boʻyicha ushbu qarorning 2-ilovasiga muvofiq boʻlinish chegarasigacha Buxoro viloyati KSZ va “Buxorotexnopark” DUK muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini qayta tiklash ishlarini bajarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan mablagʻlar ajratsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, Buxoro viloyati hokimligi bir oy muddatda ushbu qarorning 2-ilovasiga muvofiq Buxoro viloyati KSZ va “Buxorotexnopark” DUK muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini qayta tiklash ishlarini amalga oshirish uchun tarmoq jadvallarini tasdiqlasin va ularning soʻzsiz bajarilishini taʼminlasin.
7. Buxoro viloyati erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda Buxoro viloyati iqtisodiyotining ehtiyojlari, shuningdek, mavjud mineral-xomashyo, qishloq xoʻjaligi resurslari va infratuzilmani hisobga olgan holda KSZ hududida tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlarning import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan turlarini ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish boʻyicha aniq takliflar – “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilishini taʼminlasin;
KSZ hududida oʻzlashtirish uchun taklif qilinayotgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlarning import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan turlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tadbirkorlik subyektlariga yetkazsin;
KSZ hududida loyihalarni amalga oshirishga tadbirkorlik subyektlarini jalb etish, ular bilan tizimli ishlar olib borish, shuningdek, KSZ hududida ishlab chiqarishni joylashtirish boʻyicha investitsiya buyurtmanomalarining sifatli va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini taʼminlasin;
tadbirkorlik subyektlariga KSZ hududida ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha investitsiyaviy loyihalarning biznes-rejalarini ishlab chiqishda koʻmaklashsin.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning samaradorligi va natijadorligi toʻgʻrisida 2018-yil 15-noyabr va 2019-yil 15-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Iqtisodiyot vazirligi uch hafta muddatda KSZ hududida amalga oshirilayotgan loyihalarning natijadorligini oshirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi kichik sanoat zonalarini boshqarish boʻyicha direksiyalarning vakolatlarini kengaytirish va masʼuliyatini kuchaytirishga doir takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari – “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J.Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R.Xolmuradov, iqtisodiyot vaziri B.A.Xodjayev va Buxoro viloyati hokimi Oʻ.I.Barnoyev zimmasiga yuklansin.