O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vazirligi tomonidan kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlovchi qaror loyihasi ishlab chiqildi
2018-10-10 | Jamiyat
Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasi uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga (www.regulation.uz ) joylashtirildi.
Loyihada, nafaqalar va moddiy yordam ariza beruvchining yashash (doimiy propiska yoki vaqtincha (turgan joyi boʻyicha) hisobga olingan) joyi boʻyicha fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan tayinlanishi, vaqtincha (turgan joyi boʻyicha) hisobga olingan joydan ariza bilan murojaat qilganda, doimiy propiskadan oʻtgan joyidan nafaqalar va moddiy yordam tayinlanmaganligi haqida maʼlumotnoma taqdim etishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, hujjatda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, shuningdek, uning joylardagi organlari tomonidan nafaqalar va moddiy yordam tayinlangan va toʻlangan fuqarolar haqida maʼlumotlar elektron reyestri yuritilishini belgilovchi norma kiritilmoqda.
Elektron reyestrning joriy etilishi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan byudjet mablagʻlarining maqsadsiz sarflanishi va soxta maʼlumotlar berilishi holatlari oldi olinadi.
Kam taʼminlangan oilalarning propiskadan oʻtgan joyidan qatʼiy nazar, ularning moddiy va mulkiy holatini toʻliq oʻrganish hamda haqiqatdan ehtiyojmand va davlat koʻmagiga muhtoj oilalarni aniqlash va ularga oʻz vaqtida zarur moddiy yordam koʻrsatish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur qaror loyihasining qabul qilinishi haqiqatdan ehtiyojmand va davlat koʻmagiga muhtoj boʻlgan kam taʼminlangan oilalarning davlat tomonidan ijtimoiy himoya qilinishi taʼminlanishiga erishiladi.