O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston va Qozogʻiston Adliya organlari oʻrtasida hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilmoqda
2018-10-09 | Jamiyat
2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilandi.
Xususan, Oʻzbekiston va Qozogʻiston rahbarlarining faol hamkorligi va birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli munosabatlarni mustahkamlashda katalizator boʻlib xizmat qiluvchi sheriklikning barcha sohalarida salmoqli qadamlar qoʻyildi.
Shu tariqa 2018 yilning 17-28 sentyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining masʼul xodimlari tajriba almashish doirasida Qozogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur tashrif Qozogʻistonda “Oʻzbekiston yili” deb eʼlon qilingan yilda amalga oshirilganida ramziy va chuqur amaliy maʼno bor.
Uchrashuv doirasida Qozogʻiston Respublikasi Adliya vaziri M.Beketayev davlat tomonidan ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish va milliy qonunchilikning xalqaro standartlarga muvofiqligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotganligini taʼkidladi. Bu borada yagona davlat huquqiy siyosatini oʻtkazishga masʼul Markaziy Osiyo mintaqasining Adliya organlari oʻrtasida strategik hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhimligi qayd etildi.
Mazkur chora-tadbirlar savdo-iqtisodiy munosabatlarini yoʻlga qoʻyishga yoʻnaltirish uchun tomonlarga tajriba almashish yoʻli bilan qoʻshni mamlakatlar qonunchiligini uygʻunlashtirishga yordam beradi. Tashrif dasturi nafaqat Qozogʻiston Adliya vazirligining departament va boshqarmalari, balki Intellektual mulk milliy instituti, Qonunchilik instituti, Respublika huquqiy axborot markazi, Sud-ekspertizalari markazi, Ostona shahrining Adliya departamenti faoliyati taqdimotini ham koʻzda tutadi.
Shuningdek, aholiga xizmat koʻrsatish markazlaridan biriga tashrif buyurish orqali “Fuqarolar uchun hukumat” davlat korporatsiyasi faoliyati oʻrganildi. Qozogʻiston Respublikasi hukumatining 2013 yil 18 sentyabrdagi 983-sonli qarori bilan 709 davlat xizmatlarini mujassam qilgan davlat xizmatlari reyestri tasdiqlangan.
Intellektual mulk milliy institutiga tashrif doirasida qozogʻistonlik hamkasblar Qozogʻistonda intellektual mulk huquqlarini himoya qilish va saqlash xususiyatlari haqida soʻzlab berdi. Mazkur sohada davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish Adliya organlari vakolatiga kirishini taʼkidlash joiz.
“Davlat xizmatlari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinishini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasida maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi ijrosi jarayonida maʼmuriy davlat xizmatchilari mehnatiga haq toʻlashning yangi, sifatli tizimini aprobatsiya qilish boʻyicha Qozogʻiston tajribasi eʼtiborga molik.
Demak, 2018 yildan boshlab sinov tariqasida Qozogʻiston Respublikasining davlat xizmati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Ostona shahri va Mangʻit viloyati adliya vazirligi va akimatlarining maʼmuriy davlat xizmatchilari uchun fakt-ballar shkalasi asosida mehnatga haq toʻlashning yangi tizimi joriy etildi.
Shu bilan birga, haq toʻlash darajasi davlat xizmatchisi davlat organi strategik maqsadlariga erishishga qanday hissa qoʻshayotganligiga bogʻliq boʻladi. Bonuslarni toʻlash esa oʻrnatilgan shkalaga muvofiq davlat xizmatchisi olgan aniq bahodan kelib chiqib belgilanadi. Bonuslarni faqat yuksak natijalarga erishayotgan xizmatchilar qoʻlga kiritadi. Buning uchun esa davlat xizmati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ular faoliyati samaradorligini baholaydigan tizim joriy etilgan.
Qozogʻiston Respublikasi Adliya vazirligida shuningdek, huquqiy monitoring, notariuslar, advokatlar, xususiy sud ijrochilari, sud ekspertlari faoliyatini muvofiqlashtirish va litsenziya berish sohasida ham katta tajriba toʻplangan.
Tashrif konstruktiv ruhda oʻtdi.