O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Prezidenti Fransiya Senati Raisi bilan uchrashdi
2018-10-09 | Siyosat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 oktyabr kuni Parij shahrida Fransiya Respublikasi Senati Raisi Jerar Larshe bilan uchrashdi.
Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.
Senat Fransiya parlamentining yuqori palatasi boʻlib, uning aʼzolari umumiy bilvosita ovoz berish yoʻli bilan saylanadi hamda mamlakat hududlariga vakillik qiladi.
Senatorlar qonun loyihalarini qoʻmitalarda ishlab chiqish, yalpi majlislarda muhokama qilish va maʼqullash orqali qonun hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi.
Davlatimiz rahbari Senat Raisini samimiy qutlar ekan, uni Fransiya Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 60 yilligi bilan tabrikladi. Ushbu sana munosabati bilan yurtimizda oʻzbek va fransuz tillarida chop etilgan Fransiya Konstitutsiyasining ilk nusxasini sovgʻa qildi. Jerar Larshe bu kitobni katta mamnuniyat bilan qabul qildi.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik ulardagi doʻstlik guruhlari ishi tufayli ancha faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston Oliy Majlisining ikkala palatasida ham Fransiya parlamenti bilan hamkorlik guruhlari tashkil etilgan. Fransiya Senatida “Fransiya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo guruhi, quyi palata – Milliy assambleyada “Fransiya - Oʻzbekiston” doʻstlik guruhi faoliyat yuritmoqda.
Jahonning ilgʻor davlatlaridan biri Fransiya bilan hamkorlik siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi keng koʻlamli amaliy aloqalarni qamrab olgan.
Mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari va hududlari oʻrtasidagi munosabatlarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Qonun chiqaruvchi organlar bozor iqtisodiyoti, qonun va inson huquqlari ustuvor boʻlgan kuchli fuqarolik jamiyatiga asoslangan davlatni barpo etishda, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan doʻstona munosabatlarni rivojlantirishda muhim oʻrin tutishi qayd etildi.
Parlamentlararo aloqalarni aniq yoʻnalishlar boʻyicha, jumladan, qoʻshma tadbirlar va oʻzaro tashriflarni muntazam tashkil etish, huquqiy bazani takomillashtirish va tajriba almashish orqali rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasida turli sohalardagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Fransiya Senati Raisi mamlakatimizda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, aholi farovonligini oshirish va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohot va yangilanishlarni yuksak baholadi.
Oʻzbekiston yaxshi qoʻshnichilik, hamkorlik va manfaatlarni oʻzaro hisobga olish tamoyillariga asoslangan konstruktiv mintaqaviy siyosat olib borayotganini alohida taʼkidladi.
Davlatimiz rahbarining Fransiyaga ilk rasmiy tashrifi uzoq istiqbolga moʻljallangan amaliy hamkorlikning, jumladan, mamlakatlarimiz parlamentlari oʻrtasidagi aloqalarning yangi yoʻnalishlarini belgilab olishga xizmat qilishi qayd etildi.
Jerar Larshe Fransiya Oʻzbekiston bilan doʻstlik rishtalari, samarali sheriklik munosabatlarini mustahkamlash yoʻlida parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish va ularga tizimli tus berishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari Fransiya Senatining tarixiy binosini koʻzdan kechirdi.