O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistonlik yoshlar xalqaro forumda ishtirok etdi
2018-10-08 | Jamiyat
Rossiyaning Volgograd davlat universitetida III Rossiya–Oʻzbekiston xalqaro yoshlar forumi boʻlib oʻtdi.
Forumda qatnashgan Oʻzbekiston delegatsiyasiga Samarqand viloyati hokimining oʻrinbosari R.Qobilov boshchilik qildi.
Tadbirning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Volgograd davlat universiteti rektori Vasiliy Tarakanov siyosatdan tashqari jamoat va yoshlar diplomatiyasi mavjudligini, busiz chinakam doʻstlik rishtalarini bogʻlab boʻlmasligini taʼkidladi. Davlatlar oʻrtasidagi aloqalarning mustahkamlanishida forumning ahamiyati katta ekani aytildi.
Ikki kun davom etgan forum doirasida yoshlar siyosati, taʼlim, jamoat diplomatiyasi, tadbirkorlik, zamonaviy media taraqqiyoti va yoshlar turizmi masalalari boʻyicha davra suhbatlari va munozaralar tashkil etildi.
Forumda Volgograd davlat universitetining Oʻzbekiston milliy universiteti va Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi kelishuv imzolandi.
- Rossiya hamda Oʻzbekiston hamkorligi koʻp yillik anʼanalarga tayangan strategik hamkorlikdir, – deydi R.Qobilov. – Mazkur forum mamlakatlararo muloqotlar uchun maydon boʻlmoqda. Turli sohalar rivojida dunyoqarashi keng, tashabbuskor yosh kadrlarning fikr almashuvi, hamjihatligi muhim.
Jamoat va yoshlar tashkilotlari vakillari, olimlar, hokimiyat organlari rahbarlari, jurnalist va blogerlar jamlangan mazkur forum Rossiyaning Moskva, Astraxan va Volgograd shaharlarida boʻlib oʻtdi.