O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida
2018-10-08 | Siyosat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari Vladimir Putinni tugʻilgan kuni bilan chin dildan tabriklab, eng samimiy va ezgu tilaklarini bildirdi.
Muloqotda oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal surʼatlar bilan rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi yuqori surʼatlar bilan ortmoqda, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, jumladan, neft-gaz, energetika, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa sohalarda yirik investitsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Tomonlar imzolangan hukumatlararo bitimga muvofiq atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida strategik loyihani amalga oshirishga kirishdi.
Hududlar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar hamda ishbilarmon doiralar hamkorligi faollashdi. Shu oyda Toshkentda ikki mamlakat hududlari, yetakchi korxona va kompaniyalari rahbarlari ishtirokida Oʻzbekiston-Rossiya birinchi hududlararo forumi boʻlib oʻtadi.
Madaniy-gumanitar sohada amalga oshirilayotgan amaliy tadbirlar yuksak baholandi. Oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi sheriklik munosabatlari faollashgani taʼkidlandi. Yaqinda poytaxtimizda Oʻzbekiston va Rossiya yetakchi universitetlarining rektorlari va professor-oʻqituvchilari ishtirokida birinchi qoʻshma taʼlim forumi boʻlib oʻtadi.
Davlat rahbarlari Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifini oʻtkazish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qildilar. Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Muloqot soʻngida Prezidentlar Oʻzbekiston bilan Rossiyaning uzoq muddatli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, oʻzaro manfaatli amaliy hamkorligini har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlash borasida intilishlari qatʼiy ekanini taʼkidladilar.