O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Joriy yilning 4 oktyabr kuni
2018-10-05 | Jamiyat
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan “Oʻzbekiston fuqarolari mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi haqida“ mavzusida ijtimoiy soʻrov oʻtkazildi.
Undan koʻzlangan maqsad, davlatimiz rahbari tomonidan mazkur hujjatda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish samaradorligi toʻgʻrisida jamoatchilik fikrini aniqlashdan iborat.
Soʻrovda yurtimizning barcha hududlaridan turli kasb egalari, yoshlar va katta yoshdagi fuqarolar, turli millat va konfessiya vakillari ishtirok etdi. Bu natijalarning yuqori darajada ishonchli boʻlishini taʼminladi.
Ijtimoiy soʻrovning oʻziga xos xususiyati, u fuqarolarning Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi doirasida Oʻzbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jihatdan rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan tadbirlar va ularning amalga oshirilishiga toʻsqinlik qilayotgan omillarga toʻlaqonli bahosi hisoblanadi.
Soʻrov natijalari fuqarolarimiz tomonidan Murojaat doirasida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar toʻliq qoʻllab-quvvatlanayotganidan dalolat bermoqda. Aholining uchdan bir qismidan ortigʻi (34,9 foiz) davlat boshqaruvi tizimining maʼlum vakolatlarini respublika organlari va boshqarmalaridan viloyat, shahar, tumanlarga oʻtkazgan holda isloh qilish jadal surʼatlarda amalga oshirilmoqda, deb hisoblaydi. Fuqarolar chindan ham oʻtkir muammolar oʻz yechimini topayotganini his qilayotgani, hatto murakkab masalalarni ham joyida hal etish mumkinligiga ishonishini qayd etgan.
Ijtimoiy soʻrov davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish va mahalliy hokimiyat organlariga vakolat berishga toʻsqinlik qilayotgan asosiy sabablarni aniqlab berdi. Byurokratik toʻsiqlar mavjudligi, malakali va tashabbuskor kadrlar tanqisligi, ayrim amaldorlarning oʻzgarishlarga tayyor emasligi, baʼzi mahalliy hokimiyat organlari xodimlarining aholi muammolariga loqaydligi shular jumlasidandir.
Monitoring fuqarolarning obyektiv bahosi asosida Oliy Majlisga Murojaatnomada NNTni qoʻllab-quvvatlash va fuqarolik jamiyatini shakllantirish boʻyicha belgilab qoʻyilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish surʼatlarining ijobiy dinamikasini aniqladi. Biroq, fuqarolarning 32,9 foizi fuqarolik jamiyatlari sekin rivojlanayotgani, koʻplab NNTlar faqat hujjatlardagina mavjudligi, nohukumat sektori talab darajasida rivojlanmayotganini qayd etmoqda. NNTlarning jamiyatning muhim ijtimoiy muammolarini hal etishdagi roli va davlat organlari bilan mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha oʻzaro hamkorligi yetarli darajada emas.
Fuqarolarning yarmidan koʻpi (61,9 foiz) mamlakatda fuqarolik institutlarini rivojlantirish, jamiyat hayotining turli jabhalarini demokratlashtirish va liberallashtirishdagi rolini oshirish yoʻlidagi ishlarni yanada takomillashtirish uchun jamiyatda siyosiy va huquqiy madaniyat, ijtimoiy masʼuliyatni oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar koʻrish zarur, deb hisoblaydi. 56,4 foiz respondentning fikricha, NNT faoliyatini optimallashtirish va fuqarolik jamiyati institutlarini faollashtirish uchun ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni hal etishga aholining keng qatlamini jalb qilish lozim.
Fuqarolarning fikricha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi farmoni NNTlar faoliyatini takomillashtirish, fuqarolarning ijtimoiy muammolarini keng yoʻnalishlarda hal etish boʻyicha davlat va fuqarolik jamiyati oʻrtasida amaliy muloqotni yoʻlga qoʻyish imkonini beradi.
Respondentlarning 40,1 foizi sud-huquq tizimini modernizatsiya qilish oʻrtacha amalga oshirilmoqda, deb hisoblaydi. 61,9 foiz fuqarolarning fikricha, sud-huquq tizimini isloh qilish jarayoniga ayrim mansabdor shaxslar tomonidan xizmat mavqeini suiisteʼmol qilish toʻsiq boʻlmoqda. Sud-huquq islohotlarining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi yoʻlidagi toʻsiqlar sifatida sud-huquq tizimi xodimlari malakasi yetarli darajada emasligi, byurokratizm, yillar davomida shakllangan tizimni oʻzgartirishni istamaslik holatlari koʻrsatildi. Shuningdek, sud-huquq islohotlarining amalga oshirilishiga baʼzi aholi qatlamlarining huquqiy madaniyati va savodxonligi talab darajada emasligi toʻsqinlik qilmoqda.
Mamlakatda iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlarga davlat xizmatlari koʻrsatish mexanizmlarini soddalashtirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish surʼatlarini ijobiy baholayotgan fuqarolar soni oʻsish tendensiyalari aniqlandi. Fuqarolarning 46,4 foizi fikricha, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, sohada mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish, tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi ortiqcha byurokratik toʻsiqlarga barham berishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar tez surʼatlarda samarali amalga oshirilmoqda.
Fuqarolarning 61,1 foizi fikricha, biznes sohasi vakillarida huquqiy bilimlar yetarli emasligi iqtisodiyotni liberallashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish yoʻlidagi asosiy toʻsiqdir. Tadbirkorlarning aksariyati qonunchilikni yaxshi bilmaydi, xoʻjalik faoliyatini qonuniy amalga oshirish usullarini yetarlicha anglab yetmaydi.
Soʻrov ishtirokchilari byurokratizm va ayrim xodimlarning mavjud tizimni isloh qilishga qarshilik koʻrsatishi, zamon talablariga muvofiq oʻzgarish va yangicha ishlashni xohlamasligi, kadrlar malakasi yetarli emasligi iqtisodiyotni yanada rivojlantirishga yoʻl bermayotgan sabablar sifatida qayd etdi.
Soʻrov natijalariga koʻra, mamlakatimizda fuqarolar manfaatini taʼminlash, aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish boʻyicha samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bugun fuqarolar ijtimoiy sohada yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni his qilmoqda. Bular aholining bandlik darajasini oshirish, yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish va modernizatsiya qilish, aholining farovonligini oshirishdir.
Fuqarolar fikricha, belgilangan istiqbolli yoʻnalishlarni amalga oshirishga qodir professional kadrlar yetishmasligi ijtimoiy sohani modernizatsiya qilishga toʻsqinlik qilmoqda.
Soʻrov doirasida fuqarolar (37,9 foizi) doim zamon talablariga mos boʻlmagan tibbiy xizmat koʻrsatish darajasi va sifatidan qoniqmayotganini qayd etgan. Sogʻliqni saqlash tizimida islohotlarni amalga oshirishni ortga surayotgan asosiy omillar ayrim tibbiyot xodimlarida kasb malakasining yetishmasligi, tibbiyot muassasalarida korrupsiya, xususiy klinikalarda tibbiy xizmatlar bahosi yuqoriligi va oilaviy poliklinikalar hamda qishloq vrachlik punktlarida bepul tibbiy xizmat koʻrsatish sifatining pastligi, shifokorlar va tibbiyot xodimlarining ish haqi kamligi bilan bogʻliq ekani taʼkidlandi.
Soʻrov ishtirokchilarining aksariyati taʼlim sohasida soʻnggi vaqtlarda taʼlim muassasalari faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatayotgan oʻzgarishlar sodir boʻlayotgani toʻgʻrisidagi fikrlarni ilgari surmoqda. Fuqarolar fikricha, maktabgacha taʼlim muassasalari va maktablarda sharoit yaxshilanmoqda, mavjudlarini taʼmirlash va yangilarini qurish ishlari amalga oshirilmoqda.
Respondentlar oliy taʼlim muassasalariga kirishda test sinovlari oʻtkazish tartibini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan yangilikni alohida qayd etdi. Oʻzgarishlar korrupsiyaning oldini olish, test sinovlarining shaffofligi va abituriyentlarni onlayn tartibda kuzatish imkoniyatini taʼminlashga yordam beradi.
Fuqarolar fikricha, oʻquvchilarning maʼnaviy-axloqiy, intellektual va jismoniy jihatdan rivojlanish darajasi, oʻqituvchi kasbining nufuzi va obroʻsini oshirish, umumtaʼlim maktablari xodimlarini moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, oʻquv-tarbiya jarayoniga zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga yoʻnaltirilgan ijobiy oʻzgarishlar roʻy bermoqda.
Taʼlim sohasidagi islohotlarni amalga oshirish surʼatlarini ijobiy baholayotgan fuqarolar sonining oʻsish tendensiyasi aniqlandi. 2018 yilning uchinchi choragida taʼlim islohotlari jadal surʼatlarda amalga oshirilayotganini eʼtirof etgan respondentlar soni 9,3 foizga oshdi.
Fuqarolar taʼlim tizimini modernizatsiya qilishni ortga suruvchi sabab va omillar sifatida joylardagi masʼul xodimlarning oʻz ishiga yuzaki va sovuqqon munosabatda boʻlishi, byurokratizm va mazkur soha xodimlarida ijro intizomi pastligi, tarbiyachi, ustoz va oʻqituvchilar mehnatiga yetarlicha haq toʻlanmasligi holatlarini qayd etgan. Soʻrov ishtirokchilarining fikricha, taʼlim islohotlari yoʻlidagi toʻsiqlar yuqori malakali professional kadrlar yetishmasligi, yoshlarning oʻqituvchilik kasbini egallashni xohlamasligida namoyon boʻladi.
Soʻrov Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyoda ham tinchlikni asrash, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha samarali chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini koʻrsatdi. Fuqarolar fikricha, mudofaa salohiyatini mustahkamlash, xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha hududiy va xalqaro hamkorlik, ekstremistik va terroristik gʻoyalar tarqalishiga qarshi kurashish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish mamlakatimiz Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning istiqbolli yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Oʻzbekistonda xavfsizlik va barqarorlikni, tinch va osoyishta hayotni yanada mustahkamlash, jamoatchilik tartibini saqlashga xizmat qiluvchi ijobiy oʻzgarishlarni qayd etayotgan fuqarolar soni oʻsmoqda.
Umuman, soʻrov natijalari jamiyatda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yuritayotgan siyosat aholi tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani, amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar Oʻzbekistonning iqtisodiy va siyosiy kuch-qudratini yanada mustahkamlash, fuqarolarning texnik va intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilishiga qatʼiy ishonchini yana bir karra isbotladi.