O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston Prezidentining tashrifi Hindiston matbuoti nigohida

2018-10-05 | Jamiyat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 30-sentyabr – 1-oktyabr kunlari Hindistonga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga koʻtardi.

Tashrif doirasida turli sohalarda ikki mamlakat hamkorligi rivojiga xizmat qiladigan muhim hujjatlar imzolandi. 

Ushbu tarixiy voqea Hindiston jamoatchiligida katta qiziqish uygʻotib, ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. 

Hindistonning yirik kundalik nashrlaridan biri Economic Times gazetasi 800 ming nusxada chop etiladi. Bu Wall Street Journal (AQSH) gazetasidan keyingi eng yirik iqtisodiy nashrdir. 

Gazetaning 1-oktyabr soni asosan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifiga bagʻishlangan. Birinchi sahifada “Oʻzbekiston – Hindiston: ikki tomonlama hamkorlikning yangi sahifasi” sarlavhali maqola, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Narendra Modining suratijoy olgan. 

Ikkinchi sahifada toʻrtta maqola chop etilgan boʻlib, ularning asosiysi “Oʻzbekiston – Hindiston: taraqqiyot yoʻlida hamkorlar” deb nomlanadi. Materialda ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanish jarayonlari tavsiflangan, iqtisodiy aloqalar batafsil tahlil qilingan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “ilk davlat tashrifi ikki xalq oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi”, deb yozadi Economic Times gazetasi. 

“Nima uchun Oʻzbekistonga sarmoya kiritish kerak? Ochilayotgan bozor yangi ishtirokchilarga keng imkoniyatlar yaratadi” sarlavhali ikkinchi maqolada Oʻzbekistondagi iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyati bayon etilgan va Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilaniqtisodiyotni liberallashtirish borasida olib borilayotgan islohotlarga yuksak baho berilgan. Materialga ilova tarzida joylashtirilgan infografikada Oʻzbekistonga sarmoya kiritish afzalliklarining asosiy omillari, jumladan, diversifikatsiya qilinayotgan iqtisodiyot, yurtimizning Markaziy Osiyodagi eng yirik bozor ekani, qulay geografik joylashuvi, ulkan insoniy va intellektual resurslari, tabiiy zaxiralari va sarmoyadorlarga berilayotgan imtiyozlar koʻrsatilgan. 

“Andijon erkin farmatsevtika zonasi biznes aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi”deb nomlangan maqolada Oʻzbekistonda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoit, xorijiy investorlarga taqdim etilayotgan imtiyozlar, Hindiston bilan oʻzaro munosabatlarning rivoji xususida soʻz yuritilgan. 

Gazetaning ikkinchi sahifasida “Uzbekistan Airlines Toshkent-Mumbay toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarga taklif etadi” sarlavhali maqolada yangi aviaqatnovlar ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo va turizmni rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlanadi. 

Indian Express gazetasi ham Prezidentimiz tashrifini keng yoritgan. 1-oktyabr soni bosh sahifasining yarmi va uchinchi sahifasi toʻliq ushbu davlat tashrifiga bagʻishlangan.Mazkur nashr har kuni 495 ming nusxada chop etiladi. 

Gazeta Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining surati hamda tashrif jarayonlariga oid maʼlumotlarni eʼlon qilgan. “Oʻzbekiston – Hindiston: aloqalar mustahkamlanmoqda” sarlavhali maqola joylashtirilgan. 

Materiallarda ikki tomonlama munosabatlar tahlili, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar surʼati, mamlakatning Hindiston sayyohlari uchun jozibadorligi, madaniy almashuvlar va Oʻzbekistonda “Xoychoy” nomli hind filmini suratga olish jarayonlari, Agra va Samarqand shaharlari oʻrtasida hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish masalalari bayon etilgan. Xususan, asosiy maqolada tashrif doirasida ikki tomonlama oʻnlab hujjatlar imzolanishi kutilayotgani, Dehlida oʻtgan Oʻzbekiston – Hindiston biznes-forumi natijasida ONGC Videsh, Sun Group, Sharda Univervity kabi kompaniyalar Oʻzbekistonga sarmoya kiritishni rejalashtirayotgani yozilgan. Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni mustahkamlashda Oʻzbekiston Hindistonning eng asosiy sherigi ekani qayd etilgan. 

Hindiston – Oʻzbekiston doʻstlik jamiyati rahbari Anil Shastri bilan suhbatda madaniy-gumanitar munosabatlarga alohida eʼtibor qaratilgan. Anil Shastri Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy munosabatlarning mustahkamlanishida yangi sahifa ochishiga ishonch bildirgan. 

Shuningdek, The Statesman, The Times of India, Daily News & Analysis, Millenium Post kabi gazetalar ham tashrif voqealarini keng yoritgan. 

Hindistonda Prezidentimizning davlat tashrifiga bagʻishlab maxsus nashrlar ham chop etildi. 

Business opportunities of Uzbekistan (Oʻzbekistonda biznes yuritish imkoniyatlari) deb nomlangan 70 sahifali yoʻriqnomada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, mavjud investitsiyaviy imkoniyatlar bayon etilgan. Oʻn ikki boʻlimdan iborat nashrda “Nima uchun Oʻzbekistonga investitsiya kiritish kerak?”, “Makroiqtisodiy koʻrsatkichlar va tashqi savdo”, “Infratuzilma”, “Agro-sanoat majmuasi”, “Bozor”, “Eksport imkoniyatlari”, “Biznes yuritish boʻyicha Jahon banki reytingida Oʻzbekistonning oʻrni”, “Xorijiy investitsiyalarning kafolati va himoyasi”, “Soliq siyosati”, “Xorijiy investorlar uchun imtiyozlar va preferensiyalar” kabi mavzularda maqolalar berilgan.Alohida bobda “Angren”, “Gʻijduvon”, “Hazorasp”, “Jizzax”, “Qoʻqon”, “Navoiy”, “Namangan”, “Urgut” erkin iqtisodiy zonalari hamda farmatsevtika zonalari va ulardagi istiqbolli yoʻnalishlar toʻgʻrisida hikoya qilinadi. 

Hind tilida nashr qilingan “Oʻzbekiston: Harakatlar strategiyasi. Jadal islohotlar” nomli kitob Hindistonning yirik Jamiya Milliya universiteti bilan hamkorlikda tayyorlangan boʻlib, mazkur universitet professori, oʻzbek tili kafedrasi mudiri Shahid Taslim tomonidan hind tiliga tarjima qilingan. Oʻzbekistondagi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi maqolalari asosida nashr etilgan ushbu kitobda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yoʻnalishlariga sharh berilgan. Yuzdan ortiq sahifali kitobda bugun yurtimizda olib borilayotgan islohotlarningmazmun-mohiyati, tahlili va sharhi berilgan. 

Business Central Asia jurnalining maxsus soni Oʻzbekistonga bagʻishlangan. Mazkur jurnal har oyda 42 ming nusxada chop etiladi hamdamamlakatdagi rasmiy va biznes doiralar, diplomatik korpus va xalqaro vakolatxonalarga tarqatiladi. Jurnalning maxsus sonida muallif va ekspertlar Oʻzbekistondagi iqtisodiy islohotlar, ijtimoiy va siyosiy oʻzgarishlar haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirgan. Nashr, shuningdek, tashqi siyosat, Oʻzbekiston – Hindiston munosabatlari sharhi, mamlakatimizning turistik salohiyati, investitsiyaviy jozibadorligiga oid yangiliklarni ham oʻz ichiga olgan. Maxsus sondan Oʻzbekiston Respublikasi PrezidentiningBMT Bosh Assambleyasi sessiyasidagi nutqi va Oʻzbekiston Oliy Majlisi palatalariga Murojaatnomasigabagʻishlangan maqolalar ham oʻrin olgan. 

Hindiston – MDH savdo-sanoat palatasining Business Magazine jurnalidagi “Oʻzbekiston va Hindiston: Savdo va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar” sarlavhali maqola Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Narendra Modining surati bilan chop etilgan. Nashr ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlar, Oʻzbekistondagioʻzgarishlar dinamikasi, investitsiyaviy imkoniyatlar, erkin iqtisodiy zonalarning rivojlanishi, farmatsevtika sohasidagi hamkorlik hamda Oʻzbekistonning turistik jozibadorligi kabi maʼlumotlarni oʻzida aks ettiradi. 

Visit Uzbekistan maxsus nashri Oʻzbekistonningsayyohlik va madaniysalohiyati hamda Hindiston bilan oʻzaro hamkorligiga bagʻishlangan. Unda Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati, Oʻzbekiston – Hindiston madaniy hamkorligidagi asosiy voqealarga oid maqolalar, fotoreportajlar va materiallar chop etilgan. 

Hindistonning Mikro, kichik va oʻrta biznes forumining maxsus nashri "Hindiston – Oʻzbekiston biznes hamkorligi” deb nomlangan. Unda ikki mamlakat oʻrtasidagisiyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalar bayon etiladi. Ikki tomonlama tovar ayirboshlash, Hindiston biznesmenlarining Oʻzbekistondagi faoliyati, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, erkin iqtisodiy zonalarga investitsiya kiritish imkoniyatlari,sarmoyadorlar uchun yaratilgan imtiyozlar, logistika, viza tartibotlari toʻgʻrisidagi materiallar raqamlar va dalillar asosida yoritilgan. 

Hindiston sanoat konfederatsiyasi (CII) tomonidan chop etilgan Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi biznes munosabatlarga oid maxsus nashrida ikki tomonlamamunosabatlar dinamikasi, Toshkent va Dehlida oʻtgan hukumatlararo komissiya yigʻilishlari, biznes-forumlar, Hindiston tadbirkorlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, Oʻzbekistondagi biznes muhiti haqida maqolalar, shuningdek, “Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 10 islohoti” infografikasi oʻrin olgan. 

CII Communique Hindiston sanoat konfederatsiyasi jurnalining sentyabr sonida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifiga bagʻishlangan maqolalar eʼlon qilingan. Jumladan, “Oʻzbekiston va Hindiston: ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash sari” sarlavhali maqolada oʻzaro savdo-iqtisodiy munosabatlar, Oʻzbekiston iqtisodiyoti, boʻlib oʻtgan biznes-forumlar va ishbilarmon doiralar hamkorligi dinamikasi kabi maʼlumotlar berilgan. 

Political events haftalik jurnali 20-27 sentyabr sonlarida Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi aloqalar, Oʻzbekistonning mintaqaviy siyosatiga bagʻishlangan kengaytirilgan tahliliy materiallarni berib borgan. Jurnal 2000 nusxada chop etiladi hamda tahliliy va akademik markazlar, Hindiston hukumat muassasalari, diplomatik korpusga tarqatiladi. 

Prezidentimizning davlat tashrifi Hindistondagi boshqa ommaviy axborot vositalarida, televideniye koʻrsatuvlari, ijtimoiy tarmoqlarda ham keng yoritildi. 

 

OʻzA muxbiri

Alouddin Gʻafforov
tayyorladi.

Поделиться