Tantanali kutib olish marosimidan soʻng Shavkat Mirziyoyev Nyu-Dehli shahridagi “RajGxat” yodgorligiga tashrif buyurib, Hindiston xalqining milliy qahramoni Mahatma Gandi xotirasiga yoqilgan mangu olov yoniga gulchambar qoʻydi.
Nyu-Dehli, 1 oktabr.
OʻzA maxsus muxbiri Matnazar Elmurodov xabar qiladi
Mohandas Karamchand Gandi Hindiston milliy ozodlik harakatining buyuk rahnamosi, “gandizm” gʻoyasining asoschisidir. U oʻz vatanining milliy istiqloli uchun kurashgan va Hindistonda inglizlar mustamlakachiligiga chek qoʻygan inson sifatida qadrlanadi. Mahatma Gandi tugʻilgan kun 2-oktabr har yili milliy bayram sifatida keng nishonlanadi.
Mazkur yodgorlik majmuasi uning mamlakati va xalqi oldidagi xizmatlariga hurmat ifodasi sifatida bunyod etilgan.
Shavkat Mirziyoyev buyuk davlat va siyosat arbobi yodgorligi poyiga gul qoʻyib, uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Prezidentimiz majmuaning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.
Manba: O'zA