O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Prezidentining MDH sammitida ishtirokiga doir
2018-09-26 | MDH
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 27-28 sentyabr kunlari Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining Dushanbe shahrida boʻlib oʻtadigan navbatdagi majlisida ishtirok etadi.
Sammit kun tartibidan turli sohalardagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning joriy holati va istiqbollariga doir keng koʻlamli masalalar oʻrin olgan.
Shuningdek, davlat rahbarlari 2019 yilda MDHga raislik qiladigan davlatni, MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisini oʻtkazish joyi va muddatini belgilash masalasini koʻrib chiqadi, mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb muammolari yuzasidan fikr almashadi.
Majlis yakunida qator salmoqli hujjatlar, jumladan, MDHga aʼzo mamlakatlar davlat rahbarlarining 1948-yil 10-dekabrdagi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan bayonoti, 1941-1945 yillardagi Ulugʻ Vatan urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligiga tayyorgarlik koʻrish va uni nishonlash boʻyicha asosiy tadbirlar rejasi, 2019-2023 yillarga moʻljallangan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha hamkorlikdagi saʼy-harakatlar davlatlararo dasturi, Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolanishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston Prezidentining tashrifi doirasida Dushanbe shahrida ikki tomonlama qator uchrashuvlar oʻtkazish ham koʻzda tutilgan.