O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida

2018-09-26 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Xorijda yashayotgan va professional faoliyatini yuritayotgan vatandoshlarimiz, ayniqsa, katta ilmiy salohiyatga ega olimlar, mutaxassislar va isteʼdodli yoshlar bilan yaqin oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, Oʻzbekistonning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun zarur, jahon mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislarni ham yetakchi xorijiy taʼlim muassasalarida, ham Oʻzbekistonda tayyorlash va malakasini oshirish orqali shunday kadrlar bilan taʼminlash maqsadida: 

1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish markazi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb yuritiladi) etib qayta tashkil etilsin. 

2. Belgilab qoʻyilsinki, Jamgʻarma Xorijda stipendiatlarning malaka oshirishi, stajirovkasi va oʻqishini tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Isteʼdod” jamgʻarmasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi. 

3. Quyidagilar Jamgʻarmaning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin: 

xorijdagi nufuzli ilmiy-tadqiqot, taʼlim va tibbiyot muassasalarida, iqtisodiyotning boshqa istiqbolli tarmoqlarida, ayniqsa, eng yangi materiallar va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarish va qoʻllash sohalarida ishlayotgan, qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlarimiz bilan aloqalar oʻrnatish; 

davlat organlarining kadrlar boʻyicha xizmatlari tomonidan foydalanilishi va onlayn tarzda izlash amalga oshirilishi mumkin boʻlgan jahon mamlakatlari va mutaxassisliklar boʻyicha kataloglashtirilgan qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlarning elektron reyestri (maʼlumotlar bazasi)ni yaratish va yuritish; 

xorijiy olimlar, oʻqituvchilar, muhandislar va boshqa mutaxassislar, shu jumladan, vatandoshlarni taʼlim, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalariga, ayniqsa, yangi, istiqbolli tarmoqlarga jalb etish, ular uchun qulay sharoitlar yaratish, dolzarb muammolarini hal etish, ularning salohiyatidan samarali foydalanishni taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish va tadbirlarni amalga oshirish; 

taʼlim, sogʻliqni saqlash va iqtisodiyot sohalarida ishlayotgan vatandoshlar orasida Oʻzbekistonning ijobiy qiyofasini shakllantirish, Oʻzbekiston Respublikasida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirish masalalari boʻyicha ularning gʻoya va fikrlarini toʻplash, umumlashtirish vategishli tashkilotlarga yetkazish, shuningdek, toʻplangan materiallarni tayyorlash va tarqatishning samarali tizimini yaratish; 

xorijda Oʻzbekistonning ijobiy imidjini shakllantirish va qoʻllab-quvvatlashda, shuningdek, rivojlangan mamlakatlarning nufuzli taʼlim va ilmiy markazlari bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish va hamkorlikni rivojlantirishda vatandoshlar salohiyatidan faol foydalanish; 

rivojlangan mamlakatlarning yetakchi taʼlim va ilmiy muassasalarida magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha tanlov oʻtkazish va tayyorgarlikni, shuningdek, taʼlim, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalarida istiqbolli mutaxassislar, shu jumladan, pedagoglar va ilmiy kadrlar uchun malaka oshirishni va stajirovkadan oʻtishni tashkil etish; 

nufuzli xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarda istiqbolli mutaxassislarni oʻqitishni monitoring qilish, ularning Oʻzbekistonda munosib ishga joylashishiga koʻmaklashish, ushbu mutaxassislarning mehnat faoliyatini monitoring qilish, ularning kasbiy jihatdan oʻsishiga va mansab pillapoyalarida koʻtarilishiga koʻmaklashish; 

ham mamlakatimiz, ham xorijiy ekspertlarning, shu jumladan, vatandoshlarimizning Oʻzbekistondagi ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlarning borishiga oid tahliliy materiallari chop etiladigan jurnallar, ilmiy toʻplamlarni tayyorlash va keng tarqatish; 

davlat organlari va boshqa tashkilotlarda ishlar holatini monitoring qilish hamda kadrlarni xorijda tayyorlash va xorijiy mutaxassislarni jalb etish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish; 

taʼlim, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot, davlat boshqaruvi sohalarida xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning davlat tuzilmalari va nodavlat tashkilotlari bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish, ularni hamkorlik va rivojlanish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga jalb etish. 

4. Quyidagilar: 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq; 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasitoʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha“El-yurt umidi” jamgʻarmasi Vasiylik kengashi tarkibi 3-ilovaga muvofiq; 

Xorijda taʼlim olish, stajirovka oʻtash va malaka oshirish uchun nomzodlarni tanlab olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

5. Belgilansinki: 

Jamgʻarmaga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi; 

Jamgʻarma direktori maqomi,mehnatga haq toʻlash, maishiy, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlariga koʻra vazirning birinchi oʻrinbosariga, uning oʻrinbosarlari esa vazir oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi; 

Jamgʻarma xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligidagi tegishli lavozimlar uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish miqdorlari va sharoitlari tatbiq etiladi; 

Jamgʻarma xodimlariga ular ishining hajmi va samaradorligidan kelib chiqqan holda direktor qaroriga asosan lavozim maoshlarining 100 foizigacha miqdorida oylik ustama belgilanadi. 

6. Jamgʻarma direktoriga: 

Jamgʻarma tuzilmasiga, zarur hollarda, xodimlarning belgilangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirish kiritish; 

Jamgʻarmaga yuklatilgan vazifalarni bajarishga davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari, shuningdek, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning malakali ishchi va mutaxassislarini shartnoma asosida jalb etish huquqi berilsin. 

7. Belgilab qoʻyilsinki: 

Jamgʻarmaning moliyaviy koʻmagida xorijda magistratura va doktorantura dasturlari asosida taʼlim olgan, malaka oshirgan, stajirovka oʻtagan stipendiatlar zimmasiga stipendiat bilan tuzilgan shartnomada belgilangan muddat davomida oliy taʼlim muassasasi yoki ilmiy muassasada, shuningdek, vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlarida ishlab berish majburiyati yuklatiladi; 

stipendiat uzrsiz sabablarga koʻra xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarning talabalari safidan chiqarilganda, malaka oshirish, stajirovka oʻtash, magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha taʼlim tugagandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi hududida, shuningdek, oliy taʼlim muassasasi va ilmiy muassasada, vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlarida mehnat faoliyatini davom ettirishdan bosh tortganda Jamgʻarma tomonidan stipendiatni oʻqitishga sarflangan barcha moliyaviy xarajatlar stipendiat tomonidan qoplab beriladi. 

8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi xorijda taʼlim olish, malaka oshirish va stajirovka oʻtash uchun nomzodlarni tanlov asosida tanlab olishni tashkil etishda Jamgʻarmaga har tomonlama uslubiy yordam koʻrsatsin. 

9. Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Jamgʻarma yoʻnalishi boʻyicha xorijiy mamlakatlarda taʼlim olgan, shu jumladan, fan doktori ilmiy darajasini olgan stipendiatlarning taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarini maxsus sinovlarsiz nostrifikatsiyadan oʻtkazishni (ekvivalentligini belgilashni) taʼminlasin. 

10. Jamgʻarma xarajatlarini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin: 

a) stipendiatlarni xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarida oʻqitishni, ularning malakasini oshirishni va stajirovka oʻtashini tashkil etish, xorijiy mutaxassislarni, shu jumladan, vatandoshlarimizni respublikada mehnat faoliyatini amalga oshirishga jalb etish boʻyicha: 

2018-yilda – Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamgʻarmasidan oliy taʼlim muassasalari obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash uchun koʻzda tutilgan hajmning 10 foizigacha miqdorida Jamgʻarmaning asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha ajratiladigan mablagʻlar; 

2019-yildan boshlab – keyinchalik tegishli yildagi isteʼmol narxlarining prognoz indeksiga teng koeffitsiyentni qoʻllagan holda har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan 45 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlar; 

tegishli yilda Jamgʻarmaga ajratiladigan byudjet mablagʻlari umumiy summasining 5 foizi miqdorida respublika oliy taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari (oshirilgan shartnoma stavkalari boʻyicha toʻlov-shartnoma asosida oʻqitishdan tushadigan) mablagʻlaridan ajratmalar; 

jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablagʻlari; 

xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar; 

b) Jamgʻarmaning joriy taʼminoti, shu jumladan, xodimlar mehnatiga haq toʻlash va Jamgʻarmaga yuklatilgan vazifalarni bajarish boʻyicha: 

2018-yilda – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Jamgʻarmaning Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadigan miqdorda respublika oliy taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari (toʻlov-shartnoma asosida oʻqitishdan tushadigan) mablagʻlaridan ajratmalar; 

2019-yildan boshlab – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari; 

xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushumlar; 

jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar. 

Respublika oliy taʼlim muassasalari roʻyxati va byudjetdan tashqari (oshirilgan shartnoma stavkalari boʻyicha toʻlov-shartnoma asosida oʻqitishdan tushadigan) mablagʻlardan Jamgʻarmaga ajratmalar summasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Jamgʻarmaning Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanadi. 

11. Jamgʻarma 2022-yil 1-yanvarga qadar davlat maqsadli jamgʻarmalariga soliq va majburiy toʻlovlardan ozod qilinsin. 

12. Jamgʻarmaga toʻrtta yengil avtotransport vositasi, shu jumladan, uchta shaxsiy va bitta navbatchi avtomobil saqlash uchun limit ajratilsin. 

13. “Oʻzavtosanoat” AJ vaJamgʻarmaning Jamgʻarmani “Oʻzavtosanoat” AJning Toshkent shahri, Mirobod tumani, Amir Temur shoh koʻchasi, 13-uy (3-qavat) manzilida joylashgan binosida begʻaraz foydalanish huquqi asosida joylashtirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. 

Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Toshkent shahri, Furqat koʻchasi, 171-uy manzilida joylashgan Xorijda stipendiatlarning malaka oshirishi, stajirovkasi va oʻqishini tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Isteʼdod” jamgʻarmasining boʻshayotgan bino va inshootlarini tutash hududlari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga operativ boshqaruv huquqi asosida begʻaraz berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. 

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga loyiha-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, shuningdek, berilayotgan bino va inshootlarni kapital taʼmirlash va rekonstruksiya qilishni amalga oshirish uchun Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash byudjetdan tashqari jamgʻarmasining mablagʻlaridan foydalanishga ruxsat berilsin. 

14. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligi Jamgʻarmaga: 

vatandoshlar va xorijiy mutaxassislar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyishda; 

stipendiatlar xorijiy mamlakatlarga viza olishi, konsullik hisobiga qoʻyilishida, notarial va boshqa xizmatlar koʻrsatilishida, borgan davlatida stipendiatlarning oʻqishi, malaka oshirishi va stajirovka oʻtashini monitoring qilishda; 

chet eldan ishga taklif etilayotgan xorijiy mutaxassislarning viza olishida; 

xorijdagi vatandoshlarning tashkilotlari, xorijiy davlatlarda faoliyat yuritayotgan oʻzbek madaniy markazlari va jamiyatlari toʻgʻrisidagi axborotlarni toʻplashda, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, xorijiy ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishda amaliy yordam koʻrsatsin. 

15. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi belgilangan tartibda: 

Jamgʻarmani kerakli aloqa, shu jumladan, hukumat aloqasi bilan, uning internet jahon axborot tarmogʻidan keng polosali foydalanishini taʼminlasin; 

vatandoshlarning elektron reyestri (maʼlumotlar bazasi)ni yaratish va yuritish, shuningdek, xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda videokonferensiyalar, internet-forumlar va telekoʻpriklar oʻtkazishda zarur texnik yordam koʻrsatsin. 

16. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va “Dunyo” axborot agentligi Jamgʻarma faoliyati doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin. 

17. Jamgʻarma ikki hafta muddatda xorijdagi vatandoshlar bilan ishlashni tashkil etish hamda xorijiy mutaxassislar, shu jumladan, vatandoshlarimizni Oʻzbekiston Respublikasiga jalb etish tartibini ishlab chiqsin va Jamgʻarmaning Vasiylik kengashiga koʻrib chiqish uchun kiritsin. 

18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlarning malakasini oshirish “Isteʼdod” jamgʻarmasi faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-5121-son Farmonini, uning 3-bandi oltinchi xatboshisi va 5-ilovasini istisno etgan holda, oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin. 

19. Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

20. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvoxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin. 


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                           Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 25-sentyabr

 
 

Поделиться