O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi
2018-09-18 | Hujjatlar
2018 yil 18 sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Buxoro viloyatining Kogon tumanida “Gʻuzor-Buxoro-Nukus” A-380 avtomobil yoʻlining 201 kilometrida “Isuzu” yoʻlovchi avtobusida oʻrnatilgan gaz balloni portlagan.
Buning oqibatida 5 kishi halok boʻlgan, 21 kishi jarohatlangan. Barcha yoʻlovchilar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning topshirigʻiga muvofiq va hodisaning roʻy berish sabablarini oʻrganish, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek, ularning yuzaga kelishiga sabab boʻlgan omillarni bartaraf etish choralarini ishlab chiqish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Buxoro viloyatining Kogon tumanida sodir boʻlgan hodisaning sabablarini oʻrganish va jarblanganlar hamda halok boʻlganlar oilalariga har tomonlama yordam koʻrsatish chora-tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha ilovaga muvofiq tarkibda Hukumat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Hukumat komissiyasi deb ataladi) tashkil etilsin.
2. Hukumat komissiyasi 2018 yil 18 sentabrda Buxoro viloyatining Kogon tumaniga Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining havo kemasida yuborilsin.
3. Hukumat komissiyasi (N.S.Otajonov):
jarohatlanganlar va halok boʻlganlar oilalariga zarur tibbiy hamda psixologik yordam koʻrsatilishini;
favqulodda vaziyatning yuzaga kelishiga sabab boʻlgan omillarni oʻrganish va bartaraf etishga chora-tadbirlari ishlab chiqilishini;
halok boʻlganlarni tanish va ularning shaxsi aniqlanishiga qarab, Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda halok boʻlganlarning yaqinlari va qarindoshlariga ularni dafn etish hamda motam tadbirlarini oʻtkazishga koʻmaklashishni taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi halok boʻlgan fuqarolar yashagan joylarga muvofiq maxsus yuk mashinalarini yoʻl-patrul xizmatining patrul avtomashinalari ular yashagan joylarga kuzatib borishini tashkil qilsin.
5. Buxoro viloyati hokimligi “Mahalla” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda:
jabrlanganlar va halok boʻlgan fuqarolar oilalariga moddiy yordam koʻrsatsin;
halok boʻlganlarning jasadi ularning oilalari yashaydigan joyga yetkazilishi va dafn etilishi bilan bogʻliq kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda Hukumat komissiyasi sarflagan xarajatlarni qoplash yuzasidan takliflar kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinboosari – “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J.Ramatov ikki oy muddatda:
a) gaz balloni oʻrnatilgan avtotransport vositalari, shuningdek, ularga xizmat koʻrsatuvchi gaz quyish stansiyalari;
tabiiy gazda ishlaydigan qozonxonalar, pechlar va boshqa uskunalarning texnik holatini puxta hamda har tomonlama xatlovdan oʻtkazsin;
b) xatlovdan oʻtkazish natijalariga koʻra, yoqilgʻi sifatida tabiiy gazdan foydalaniladigan avtotransport vositalari, gaz quyish stansiyalari, qozonxonalar, pechlar va boshqa uskunalardan foydalanish bilan bogʻliq avariyaning oldini olish boʻyicha “Yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
8. Ushbu farmoyishning bajarilishini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Oʻzbekiston Respublikasining
Bosh vaziri A.Aripov
2018 yil 18 sentabr