Endilikda qadimiy shaharlarimiz Samarqand, Buxoro va Shahrisabz oʻzaro bir yoʻlda birlashadi, bitta kompozitsiyani tashkil etadi.
Bunyodkorlik ishlari haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, mazkur yoʻnalishda Gʻuzor, Qamashi, Yakkabogʻ vokzallari yangidan bunyod etildi. Barcha signallashtirish va telekommunikatsiya tizimi modernizatsiya qilindi. Ichki quvvat manbai binosi qurildi. Qamashi-Yakkabogʻ hamda Yakkabogʻ-Tanxoz stansiyalarini bogʻlovchi temir-beton koʻprigi, suv oʻtkazish sunʼiy inshootlari zamon talablariga mos ravishda yangidan barpo etildi. Eʼtiborlisi, mavjud temir yoʻllar modernizatsiya qilindi hamda atrofi temir-beton toʻsiqlar bilan oʻraldi. Kitob stansiyasida esa mashinistlar dam olish maskani qad rostladi. Shu bilan birga loyiha doirasida poyezdlarga texnik xizmat koʻrsatish binosi ham qurildi.
Qarshi-Kitob liniyasida harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida 14ta jamlanma yoʻl oʻtkazgichlar yangisiga almashtirildi. Qurilish ishlariga 100ga yaqin zamonaviy texnika, 300 nafardan ziyod tajribali mutaxassis jalb qilindi. Soha energetiklari tomonidan temir beton uskunalar oʻrnatish, ularga konsollar ilish, kontakt simlari tortish kabi barcha ishlar oʻz vaqtida, sifatli bajarildi. Bundan tashqari, oʻtgan vaqt mobaynida 1ta eletr tortish stansiyasi ham qurib foydalanishga topshirildi.
Samarqand, Buxoro va Shaxrisabz oʻzaro bir yoʻlda birlashishi yurtimiz aholisi, chet ellik mehmonlar uchun yanada koʻplab qulayliklar yaratadi. Sayohlik sohasida yana bir oʻziga xos majmua yuzaga keladi.
Olib borilgan bunday ulkan bunyodkorlik ishlari yurtimizni yanada chiroy ochishi, dunyo ahlini oʻziga chorlab, turizmni rivojlantirishda yangi sahifa ochadi.
Inobat Ahatova, OʻzA