O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Startapni yoʻlga qoʻymoqchimisiz? “Startap-tashabbuslari”da ishtirok eting!
2018-08-29 | Innovatsiya
Oʻzbekiston boʻylab Yoshlar startap-tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash dasturining uchinchi davrida ishtirok etish uchun arizalar qabuli boshlandi. Joriy yilda beshta eng yahshi jamoa startapni yaratishga oid ulkan tajribadan tashqari, oʻz loyihalarini rivojlantirish uchun pullik sarmoyalarga ham ega boʻladilar.
2016 yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan “Startap-tashabbuslari” dasturi yoshlarni oʻz shaxsiy startaplarini yaratishga hamda tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirishga koʻmaklashishga qaratilgan. Dastur BMTTD, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasining qoʻshma faoliyati mahsuloti boʻlib, joriy yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi va Yoshlar ittifoqi hamkorligida “Yoshlar-kelajagimiz” davlat dasturida belgilangan vazifalar doirasida Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistondagi Elchixonasining moliyaviy koʻmagida amalga oshirilmoqda.
Dasturga saralash qanday oʻtkaziladi?
Dasturga saralab olish onlayn arizalar va jamoalar bilan suhbat oʻtkazish asosida amalga oshiriladi. Xususan, qizlar rahbarligidagi yoki jamoalar tarkibida taʼsischi sifatida qizlar ishtirok etayotgan jamoalar va loyihalar ustuvorlik kasb etadi.
Dastur nimalardan iborat?
Hakamlar hayʼati tomonidan aniqlangan eng yaxshi loyihalarning jamoalari Dasturda ishtirok etishlari va Lean Startup (“Tejamkor startap”) uslubiyati asosidagi startap-loyihalarni rivojlantirish boʻyicha tayanch taʼlim kursini oʻtishlari mumkin.
Dastlabki ikki davr tajribasidan kelib chiqqan holda, asosiy eʼtibor ekspertlar va mentorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazish hamda tanlab olingan startaplarni hayotga tatbiq etishda amaliy yordam koʻrsatishga qaratiladi. Ekspertlar loyiha gʻoyalarini hayotiyligini aniqlashda, qiymat takliflari va qabul qilingan taxminlarni sinashda, MVP (yakuniy mahsulotning minimal ishga layoqatli koʻrinishi)ni yaratishda, loyihaning biznes-modelini ishlab chiqishda, savdo kanallarini izlashda va sarmoyachilalar uchun taqdimotni tayyorlashda yordam beradilar.
Eng muvaffaqiyatli loyihalarning jamoalari “Demo Day” yakuniy tadbiri istiqboldagi investorlarga oʻz loyihalarini taqdim etish hamda innovatsiyalar forumida ishtirok etish imkoniga erishadilar. “Demo Day” yakunlari boʻyicha eng yaxshi deb topilgan beshta loyiha oʻz startaplarini rivojlantirish uchun begʻaraz sarmoya shaklida mablagʻga ham ega boʻladilar. Bunda moliyaviy koʻmak Innovatsiyalarni rivojlantirish vazirligi va Yoshlar ittifoqi tomonidan koʻrsatiladi.
Joriy yilda alohida seminarlar va mahorat darslari Toshkent shahridan tashqari, Namangan va Samarqand viloyatlarida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham oʻtkaziladi. Har bir hududda Qoʻllab-quvvatlash dasturida ishtirok etish uchun 30 tagacha eng yaxshi loyihani tanlab olish rejalashtirilgan. Dasturning hududiy bosqichi yakunlanganidan soʻng, ekspert guruhi tomonidan saralab olingan 3 tagacha eng yaxshi loyiha Toshkentda boʻlib oʻtadigan “Demo Day” yakuniy tadbirida ishtirok etish imkonini qoʻlga kiritadi.
Qanday qilib ishtirokchiga aylanish mumkin?
Dasturda qanday ishtirok etish, loyihalarni saralab olish mezonlari va ishtirokchilarga qoʻyilgan talablar haqidagi maʼlumot bu yerda joylashtirilgan.
Ariza topshirishning yakuniy sanasi – 2018 yil 17 sentyabr.
Dastur yangiliklaridan xabardor boʻlish uchun dasturning Facebook ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasiga aʼzo boʻling: https://www.facebook.com/startupuzb/