O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi Adliya vazirliklari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi
2018-08-28 | ShHT
Oʻzbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletovning 2018 yil 24 avgust kuni Qirgʻizistonning Choʻlpon-ota shahrida boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar adliya vazirlarining oltinchi majlisidagi ishtiroki doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi Adliya vazirliklari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.
Memorandumdan koʻzlangan maqsad xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyil va normalariga muvofiq huquqiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatish va tajriba almashishdan iborat.
Memorandumga muvofiq inson huquqlari va fuqarolar erkinliklarini himoya qilish, norma ijodkorligi, yuridik xizmatlar koʻrsatish, yuridik kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish va oʻzaro manfaatli boshqa yoʻnalishlarda hamkorlik amalga oshiriladi.
Shuningdek, Memorandumda konferensiya, seminar, leksiya va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish, qonunchilik va boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni tayyorlash amaliyoti, shuningdek yuridik adabiyotlar va boshqa nashrlar boʻyicha axborot almashish, tomonlar adliya organlari va muassasalari faoliyati bilan yaqinroq tanishish maqsadida delegatsiyalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma tadqiqotlarni tashkil qilish va oʻtkazish, Tomonlar bilan kelishilgan boshqa tadbirlarni oʻtkazish koʻzda tutilgan.
Taʼkidlash joizki, imzolangan ushbu hujjat ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi va ikki mamlakat adliya vazirliklari oʻrtasida huquqiy sohada samarali hamkorlik uchun huquqiy zamin yaratadi.