O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent shahri Yashnobod tumanini rivojlantirish masalalari jamoatchilik nazoratida
2018-08-28 | Jamiyat
2018 yil 27 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Yashnobod tuman Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, mahalla raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi.
Ta’kidlanganidek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosi doirasida barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari zimmasiga Yashnobod tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qator muhim vazifalar yuklatilgan.
Qo‘shma majlisda mas’ul vazirlik va idoralar hamda Toshkent shahar, Yashnobod tumani hokimliklari rahbarlarining Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan chora-tadbirlar haqidagi axborotlari eshitildi, shuningdek tumanda sog‘lom ovqatlanishni tashkil qilish va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning ahvoli to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 15 avgustdagi “Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq Hukumat, vazirliklar, idoralar va shahar hokimligi zimmasiga poytaxtning investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirish bo‘yicha qator muhim vazifalar yuklatildi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga, Toshkent shahar va tumanlar xalq deputatlari Kengashlariga Toshkent shahri va tumanlari ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan samarali deputatlik nazoratini tashkil etish va amalga oshirish masalasida ko‘maklashish tavsiya etildi.
So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, tumanda 4 ta sektor kesimida Respublika ishchi guruhi tomonidan tumanning 57 ta mahallasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda. Ular bandlikni ta’minlash va yangi ish o‘rinlari yaratish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatish, elektr tarmoqlari, obodonlashtirish va yo‘llarni ta’mirlash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish kabi sohalarga taalluqlidir.
2018-2019 yillarda iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish dasturiga tumanning 142 ta korxonasi kiritilgan. Mazkur korxonalarning 72 tasi sanoat, 70 tasi esa xizmat ko‘rsatish sohasiga ixtisoslashgan bo‘lib, ularning qiymati 576 mlrd. 507 mln. so‘mni tashkil etadi. Tumanda 54 ta loyiha ishga tushirildi. 945 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi, loyihalar doirasida kiritilgan investitsiyalarning umumiy qiymati 70 mlrd. 371 mln. so‘mni tashkil etadi.
Tumanda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokida tashkil etilgan 18 ta korxona tomonidan 2018 yil oxirigacha 41,8 mln. dollar miqdorida xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish va 588 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtiralgan. Bugungi kunga qadar tumanning 14 ta korxonasi tomonidan jami 27,9 mln. dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi va 150 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Xorijiy investitsiyalar asosan Xindiston (10,3 mln. doll.), Avstriya (5,8 mln. doll.), Latviya (5,7 mln. doll.) va Turkiya (5,3 mln. doll.) davlatlariga to‘g‘ri keladi.
Tumanda 322 ta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Masalan, “Serena Healtcare” qo‘shma korxonasi tomonidan dori va ampula mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasi doirasida bugungi kunda 7,0 mln. dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi, korxonada montaj-qurilish ishlari olib borilmoqda hamda joriy yil oxirida u to‘liq ishga tushiriladi va 100 ta ish o‘rni yaratiladi.
Vakillik organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va tatbiq etilayotgan “Obod mahalla”, “Yoshlar kelajagimiz”, “Har bir oila - tadbirkor”, “Aholi bandligiga ko‘maklashish” kabi davlat dasturlari doirasidagi vazifalarning tumanda ijro etilishini ta’minlash, mahalla rolini yanada oshirish lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, qo‘shma majlisda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar tartibli o‘tkazilishini deputatlar va keng jamoatchilik tomonidan nazorat qilish masalasi muhokama qilindi.
So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarida bunday tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzish to‘g‘risidagi qarorning mazmun-mohiyati, tumanda namunali oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tashkil etish, ortiqcha dabdabalikka, milliy qadriyatlarga zid marosimlarga, nomaqbul odatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr yuritdilar.
Majlisda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Yashnobod tuman Kengashining tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosini parlament, deputatlar va jamoatchilik tomonidan nazorat qilish choralari to‘g‘risida qo‘shma qarori qabul qilindi.