Namangan shahrida “Orzu” kichik sanoat zonasi ish boshladi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tadbirkor va ishbilarmonlar, mehnat faxriylari hamda yoshlar ishtirok etdi.
“Orzu” kichik sanoat zonasida yengil sanoat, oziq-ovqat, tibbiy texnika, poligrafiya, polietilen paketlar va plyonkalar, energiya tejaydigan lampalar ishlab chiqarish boʻyicha umumiy qiymati 142 milliard soʻmlikdan ziyod 22 loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning may oyida viloyatga tashrifi chogʻida mazkur kichik sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishib, ularni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan maslahatlar, mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar bergan edi.
Oʻtgan davr mobaynida mazkur koʻrsatmalar ijrosi doirasida tadbirkorlik subyektlariga yer maydoni ajratish, yoʻl, elektr, suv va boshqa infratuzilma tarmoqlarini shakllantirish, kredit mablagʻlari berishga alohida eʻtibor qaratildi. Sanoat ishlab chiqarishini yoʻlga qoʻyish uchun zarur sharoit yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasidamasʻuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi 10 ta korxona belgilangan muddatda ishga tushirildi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan kichik sanoat zonasida tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yana bir yangi korxonamizni ochdik, – deydi “Istiqlol dizayn markazi” masʻuliyati cheklangan jamiyati rahbari B.Umarov. – “Ideal” savdo belgisi bilan ishlab chiqarilayotgan kostyum-shimlar nafaqat mamlakatimizda balki tashqi bozorda ham xaridorgir. Bunday hududlarning tashkil etilishi tadbirkorlar uchun juda qulay imkoniyatdir, faqat undan oqilona foydalana bilish muhim.
“Orzu Ideal tekstil” korxonasida bir yarim gektardan ziyod maydonda qiymati 24 milliard soʻmlik loyiha amalga oshirildi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, yillik 250 ming dona turli assortimentdagi kiyimlar ishlab chiqarish quvvatiga ega, kutilayotgan eksport hajmi 2 million dollar boʻlgan mazkur korxonada 500 ish oʻrni yaratildi. Loyihaning navbatdagi bosqichi ishga tushirilsa ish oʻrinlari soni yana 250 taga koʻpayadi.
Xuddi shuningdek, mustaqillik bayramiga munosib tuhfa sifatida ishga tushirilgan “Orzu” kichik sanoat zonasida “Porloq tekstil liboslari”, “Nurobod sifat tekstil”, “Ulugʻ-B”, “White gold towel textile”, “Kvars sanoat servis”,“Bosir tekstil servis”, “Sugʻdiyona fayz tekstil”, “Universal Food Trade”, “Mega eko plast” kabi korxonalarda mingga yaqin ish oʻrinlari yaratildi.
Marosim ishtirokchilari “Orzu” kichik sanoat zonasida yangi ishga tushirilgan korxonalarda oʻrnatilgan zamonaviy texnologik uskunalarning ilk mahsulot ishlab chiqarish jarayonlari, ishlovchilar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari bilan tanishishdi.
“Orzu” kichik sanoat zonasidagi barcha loyihalar hayotga toʻliq tatbiq etilsa yiliga 82 milliard soʻmlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratiladi va 4 ming nafarga yaqin kishining bandligi taʻminlanadi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning asosiy qismi eksportga yoʻnaltiriladi.
Marosimda taʻkidlandiki, bundan tashqari, Namangan shahrida “Yuksalish”, “Orzu”, “Paxtalikoʻl”, “Xonobod” kabi yana toʻrtta kichik sanoat zonasi barpo etiladi.Bu 12 mingdan ortiq qoʻshimcha yangi ish oʻrni yaratish imkonini beradi.
“Orzu” kichik sanoat zonasining ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi X.Bozorov soʻzga chiqdi.
A.Sattorov, H.Mamadaliyev (surat), OʻzA