O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“O‘zekspomarkazda” Tojikiston sanoati mahsulotlari ko‘rgazmasi davom etmoqda

2018-08-20 | Iqtisodiyot

Tojikiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida tashkil etilgan Tojikiston sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘z ishini davom ettirmoqda.

Ushbu ko‘rgazma qo‘shni mamlakatning iqtisodiy va eksport salohiyati, investitsiya siyosati bilan o‘zbekistonlik ishbilarmonlarni yaqindan tanishtirish, xalqlarimizning boy madaniy merosini, turizm salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi. Unda Tojikistonning tog‘-kon sanoati, metallurgiya, energetika, farmatsevtika kabi sohalarda erishgan yutuqlari, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, yengil sanoat, mebelsozlik, zargarlik, turizm kabi tarmoqlarda erishgan yutuqlari namoyish etilmoqda.
 
Ikki davlat rahbarlarining tashabbusi tufayli do‘st va qo‘shni mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi yaqin sheriklikni yanada mustahkamlash imkonini beradigan turli darajadagi forum va ko‘rgazmalar tashkil etish o‘ziga xos an’anaga aylandi. Fikrimizning tasdig‘i sifatida o‘tgan yil aprel oyida Dushanbe shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston sanoat korxonalari mahsulotlari milliy ko‘rgazmasi va oktyabr oyida poytaxtimizda Tojikiston Respublikasi milliy mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tganini aytish mumkin.
 
Prezidentimizning joriy yilda Tojikistonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish imkonini berdi. Termizda tashkil etilgan Xatlon viloyati tovar ishlab chiqaruvchilari yarmarkasi ham o‘zaro savdo-iqtisodiy munosabatlarning yangi bosqichda davom etayotganidan darak beradi.
 
“Tojikistonda ishlab chiqarilgan” shiori ostida o‘tkazilayotgan bugungi ko‘rgazmada “Talko” va “Gayur” kompaniyalar guruhi, “Mohir sement” MCHJ, “Faroz” ko‘p tarmoqli korxonasi, “Angisht”, “Namaki Asht va Xo‘jamo‘min” DUK, “Amiri”, “Makolli”, “Obi zulol” kabi 60 dan ortiq yirik sanoat korxonalari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
 
– Tog‘-kon, mettalurgiya, kimyo sanoati kabi qator sohalarni birlashtirgan korxonamiz O‘zbekiston bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda, – deydi “Nokili Talko” direktori Shohiyon Yusuf. – Korxonamizga mamlakatingizdan oltingugurt, mis, kalsiyli soda, qurilish mollari import qilinadi. O‘z navbatida, korxonamizning alyuminiy, ko‘mir, flyuorit singari mahsulotlari O‘zbekiston sanoati uchun yetkazib berilmoqda. “Talko” bugun korxonalar tarmog‘i sifatida mahsulot eksporti geografiyasini kengaytirib bormoqda. Bunda O‘zbekiston bilan mustahkamlanib borayotgan munosabatlar muhim o‘rin tutadi. Ko‘rgazmada “Andijon kabel” korxonasi bilan mis va alyuminiy kabellar eksport-importi bo‘yicha manfaatli kelishuvlarga erishdik.
 
Oziq-ovqat va iste’mol tovarlari stendida Tojikistonning 50 dan ziyod korxona va kompaniyalari import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlari bilan qatnashmoqda. “Shiri Dushanbe”, “Pokiza”, “Subhi vatan”, “Shirin premium” kompaniyalari tomonidan taqdim etilayotgan 200 dan ziyod turdagi mahsulotlar o‘zining yuqori sifati bilan ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilarga manzur bo‘ldi.
 
– Korxonamiz sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash, ularning ichki va tashqi bozorda savdosini yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullanadi, – deydi Tojikistonning “Shiri Dushanbe” kombinati mas’ul xodimi Nazarmo Nazarbekova. – Mahsulotlarimiz tabiiy, sog‘liq uchun foydali. Bu esa korxonamiz uchun biologik toza mahsulotlarga talab yuqori bo‘lgan O‘zbekiston bozoriga yo‘l ochishi mumkin. Bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, yangi tarmoqlar hisobiga faoliyat turini kengaytirish rivojlanishning muhim shartiga aylangan. O‘zbekistonda halol standarti joriy etilayotgani ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning ana shunday yangi yo‘nalishi. Mamlakatingizning ushbu tajribasini o‘rganish va o‘zlashtirish istagidamiz.
 
Prezidentimizning sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi” tamoyili bugun mintaqada hamkorlik va taraqqiyotning yangi bosqichini boshlab berdi. Turizm sohasida qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi sayyohlik sanoatining mamlakatlarimiz o‘zaro tovar aylanmasidagi ulushini sezilarli oshirish imkonini bermoqda.
 
– O‘tgan yili Tojikistonga 500 mingdan ziyod sayyoh kelgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 700 mingdan ortiqni tashkil qilmoqda, – dedi Tojikiston Turizmni rivojlantirish tashkilotlari uyushmasi raisi Fattoh Fayzullayev. – 2018 yil mamlakatimizda Turizmni rivojlantirish va xalq hunarmadligi yili, deb e’lon qilinganini bunday ijobiy o‘zgarishlarning muhim omili sifatida ko‘rsatish mumkin. Mamlakatlarimiz yuqori turistik salohiyatiga ega. Imkoniyatlarimizning birlashtirilishi bu boradagi salohiyatni yanada oshirishga xizmat qiladi.
 
Ko‘rgazmada Tojikistonning 10 dan ortiq sayyohlik kompaniya va firmalari ishtirok etmoqda. Ular o‘zlarining tranzit, transport, mehmonxona kabi servis sohasidagi xizmatlarini namoyish etmoqda.
 
Tadbir doirasida kimyo, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm, sanoat ishlab chiqarish sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
 

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA

Поделиться