O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Tojikiston – strategik sherik davlatlar
2018-08-17 | Siyosat
Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida Prezidentlar shu haqdagi shartnomani imzoladi. O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomada uzoq muddatli va barqaror sheriklik munosabatlari o‘rnatish maqsadi, o‘zaro hamkorlikning strategik yo‘nalishlari belgilangan.
Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotini ham imzoladi.
Shuningdek, sanoat, standartlash va sertifikatlash, chegaradan o‘tkazish, ta’lim hujjatlarini tan olish, geodeziya va geologiya, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir 27 ta hujjat imzolandi. Jumladan, Surxondaryo viloyati bilan Xatlon viloyati, Samarqand viloyati bilan So‘g‘d viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik to‘g‘risida bitimlar qabul qilindi.
Davlat rahbarlari bo‘lib o‘tgan muzokaralar va erishilgan kelishuvlardan mamnunligini, Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma ular orasida alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
“O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlaridagi katta o‘zgarishlar haqida ko‘p gapirish mumkin. Lekin eng muhim yutuq – amaliy ishlarimiz millionlab odamlarga naf keltirayotgani, ularning qalbida iliqlik uyg‘otayotganidir. Biz bundan buyon ham xalqlarimiz do‘stligining buzilmas ko‘prigini har tomonlama mustahkamlashga harakat qilamiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tojikiston Prezidentining davlat tashrifi davom etmoqda.