O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Savdo-iqtisodiy hamkorlik yanada kengayadi
2018-08-17 | Iqtisodiyot
Toshkentda 16 avgust kuni Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Hindiston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, ishbilarmon doira vakillari, yirik kompaniya va konsernlar rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Suxrob Xolmurodov, Hindiston Respublikasi savdo va sanoat vaziri Suresh Prabxu mamlakatlarimiz munosabatlari barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotgani, jumladan, axborot texnologiyalari, turizm, tibbiyot va farmatsevtika sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi. So‘nggi ikki yil mamlakatlarimizning iqtisodiyot, sarmoya, savdo, tekstil, turizm va logistika tarmoqlarida hamkorlik uchun samarali kechdi.
Hindiston kompaniyalari mamlakatimizda neft-gaz, kimyo, tekstil, terini qayta ishlash, charm-attorlik, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Yurtimizda Hindiston kapitali ishtirokidagi 139 korxona ro‘yxatdan o‘tgan.
– O‘zbekiston va Hindiston axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, innovatsion ishlanmalar, turizm, tibbiyot va farmatsevtika sohalaridagi hamkorligi yil sayin kengaymoqda, – dedi Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Vinod Kumar. – Hozirgi kunda meva-sabzavotni qayta ishlash, saqlash, qadoqlash va eksport qilish borasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ishlari olib borilmoqda. O‘zaro savdo aloqalarini rivojlantirishga keng ahamiyat qaratilmoqda. Turli doiradagi o‘zaro maslahatlashuvlar, xususan, muntazamlik kasb etgan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Hindiston hukumatlararo komissiyasi majlislari bunda muhim omil bo‘lmoqda.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari uchun biznes-forum tashkil etildi. Unda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash, sayyohlik sohasida manfaatli dasturlarni ishlab chiqish kabi masalalar muhokama qilindi. AKT va tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tarmog‘ida istiqbolli kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish uchun tomonlarda imkoniyat yuqori ekani ta’kidlandi.
Hukumatlararo komissiya majlisi yakuni bo‘yicha qator foydali kelishuvlar imzolandi.
Dilobar Mamatova, O‘zA