O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Advokatura instituti faoliyatida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?
2018-08-14 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak!” degan ezgu g‘oyasi asosida davlat va jamiyat hayotidagi muhim masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining 2-yarim yillikka mo‘ljallangan rejasiga asosan Adliya vazirligi tomonidan joriy yilning 13 avgust kuni “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirishning dolzarb masalalari” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Advokatlar palatasi rahbariyati va mas’ul xodimlari, advokatlar, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Matbuot anjumanida adliya vaziri o‘rinbosari A. Tashkulov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 maydagi “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining qabul qilinishi uchun asos bo‘lgan muammolar va ularni bartaraf etishning ahamiyati, Farmonga muvofiq advokatura tizimini tubdan takomillashtirish, professional yuridik yordam sifatini va advokat kasbining nufuzini oshirish, shuningdek, sud ishini yuritishda tenglik va tortishuv prinsiplarini to‘liq ro‘yobga chiqarish bo‘yicha advokatlarga berilgan imtiyozlar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, A. Tashkulov tomonidan tadbir qatnashchilariga Farmonda belgilangan vazifa va tadbirlar ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida aniq raqamlar asosida ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng, Advokatlar palatasi raisi v.b. Sh. Sadiqov so‘z olib, Farmonning advokatura sohasini takomillashtirishdagi ahamiyatini aytib o‘tib, Advokatlar palatasining advokatura instituti himoyachisi sifatidagi rolini oshirish choralari, advokatlik faoliyatini litsenziyalash tartibotlari, advokatlar tomonidan Advokatlarning kasb etikasi qoidalari talablari, advokatlik siri va advokat qasamyodini buzish hollari, ularni bartaraf etish yo‘llari haqida, bu borada Advokatlar palatasi tomonidan amalga oshirilayotgan amaliy ishlar haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, tadbirda advokatlar, ommaviy axborot vositalari advokatlarning ijtimoiy himoyasi qanchalik ta’minlanganligi, ularning ixtisoslashuv masalasi, sud jarayonlaridagi ishtiroki kabi qator masalalarda o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etishib, fikr-mulohazalari bilan faol ishtirok etishdi.
Tadbir so‘nggida Farmonda belgilangan vazifa va tadbirlar ijrosi yuzasidan amalga oshirish ishlarni ommaviy axborot vositalari orqali muntazam yoritib borish belgilab olindi.