O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Mening innovatsion g‘oyam” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi
2018-08-09 | Innovatsiya
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash va ularni har tomonlama rag‘batlantirish maqsadida joriy yilda ilk marotaba “Mening innovatsion g‘oyam” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilmoqda.
Ko‘rik-tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad o‘quvchilar o‘rtasida fan va texnikani rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlariga muvofiq texnik vositalar va kompyuter texnologiyalari ishini o‘rganishni tashkil etish hamda ular o‘rtasida texnik ijodkorlikni rivojlantirishdan iborat.
“Mening innovatsion g‘oyam” ko‘rik-tanlovi ikki bosqichda o‘tkazilib, uning hududiy bosqichlarida jami 1200 nafardan ortiq o‘quvchilar 3 minga yaqin ijodiy ishlar bilan ishtirok etdi.
Mazkur ko‘rik-tanlovda “Barkamol avlod” bolalar markazlari to‘garak a’zolari hamda umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirok etdi.
“Mening innovatsion g‘oyam” ko‘rik-tanlovida o‘quvchilar quyidagi 3 ta yo‘nalishda 300 dan ortiq ijodiy ishlari bilan qatnashishi ko‘zda tutilgan:
1) avtomodel
2) avia-raketamodel;
3) robototexnika va elektron o‘yinchoqlar;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-fevraldagi “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 50-sonli qarori asosida respublika bo‘yicha jami 211 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlari faoliyati tashkil etildi.
O‘quvchilarning ijodiy qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish, rivojlantirish va qiziqishlari bo‘yicha kasb-hunarning boshlang‘ich sirlarini o‘rgatish maqsadida barcha tuman va shaharlarda “Barkamol avlod” bolalar markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda respublikadagi 211 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlarida tashkil etilgan 4,8 mingdan ortiq to‘garaklar uzluksiz faoliyat ko‘rsatib, ularda uch yo‘nalishda, ya’ni ekologiya va o‘lkashunoslik, badiiy va texnik ijodiyot yo‘nalishida 58 turdagi to‘garaklar ishlamoqda.
Bu markazlarda o‘quvchilar radiotexnika, elektronika, robototexnika mexаtronika kabi to‘garaklarga ishtirok etib mustaqil hayotga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Bugungi kunda “Barkamol avlod” bolalar markazlaridagi to‘garaklarga respublika bo‘yicha jami 130 mingdan ortiq o‘quvchilar jalb qilingan.
2018-yil 10-avgust kuni Samarqand shahridagi “Yoshlar markazi”da “Mening innovatsion g‘oyam” ko‘rik-tanlovning yakuniy respublika bosqichi bo‘lib o‘tadi. Ko‘rik-tanlovda o‘quvchilarning ijodiy ishlari ko‘rgazmalari, turli professional jamoalarning master-klasslari, bolalar badiiy jamoalari chiqishlari hamda tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.