O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan kompaniya O‘zbekistonda
2018-08-08 | Jamiyat
“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.Sanginov Xitoy Xalq Respublikasining yirik “SANY Heavy Industry Northwest Co.,LTD“ korporatsiyasi prezidenti Syan Venbo bilan uchrashdi.
Qayd etish joizki, Xitoydagi mazkur kompaniya o‘z faoliyatini 1989 yilda boshlab, hozirda yirik qurilish texnikalarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahonda yetakchi hisoblanadi. Beton bilan ishlashga mo‘ljallangan uskunalar, ekskavatorlar, gusenitsali kranlar, o‘zi yurar kranlar, qoziqoyoqlar qoqish uchun mashinalar, yo‘l-qurilish texnikasi, shamol turbinalarining bir necha turi shular sirasidandir. Ayni vaqtda u Xitoyda beshta industrial parkka, AQSH, Germaniya, Hindiston va Braziliyada tadqiqotchilik va ishlab chiqarish bazasiga ega bo‘lgan global korporatsiya hamdir.
Hozirda bu kompaniya 150 dan ortiq mamlakatga qurilish texnikalarini yetkazib bermoqda. Eng qizig‘i, “SANY Group” 2007 va 2009-yillarda 66 metr va 77 metr balandlikdagi beton nasoslar ishlab chiqarishdagi muvaffaqiyati uchun Ginnesning rekordlar kitobiga ikki marotaba kirgan.
– O‘zbekistonda gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarida ishtirok etishdan quvonchimiz cheksiz, – deydi “SANY Heavy Industry Northwest Co.,LTD“ korporatsiyasi prezidenti Syan Venbo. – Bugungi ikki tomonlama do‘stona hamkorlik uchrashuvida hududlardagi qurilish ishlari uchun yana ko‘proq zamonaviy texnikalar yetkazib berishga kelishib oldik.
Uchrashuvda hamkorlik memorandumi imzolandi.