O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Osiyo o‘yinlarida 232 nafar o‘zbekistonlik sportchi sportning 30 turi bo‘yicha bahslashadi

2018-08-07 | Sport

Joriy yilning 18 avgust – 2 sentyabr kunlari Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida o‘tkaziladigan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida 232 nafar sportchimiz sportning 30 turi bo‘yicha g‘oliblik uchun bahslashadi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida mazkur musobaqada ishtirok etadigan sportchilarni rasmiy kuzatish marosimi o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari mutasaddilari, murabbiylar, sport jamoatchiligi ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va boshqalar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazishga doimiy e’tibor qaratilayotgani, buning samarasida jahon va qit’a chempionatlari, Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarning yangi avlodi voyaga yetayotganini ta’kidladi.

Osiyo o‘yinlarida 1994 yildan buyon muntazam qatnashayotgan O‘zbekiston sportchilari haqli ravishda kuchlilar qatoridan o‘rin olib kelmoqda.

Buni o‘tgan yillar davomida sportchilarimizning mazkur musobaqadagi g‘alabali odimlarida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, 1994 yili Yaponiyaning Xirosima shahrida o‘tkazilgan XII Osiyo o‘yinlarida ilk marotaba ishtirok etgan mamlakatimiz sportchilari 11 oltin, 12 kumush va 19 bronza medali bilan 42 davlat vakillari o‘rtasida umumjamoa hisobida beshinchi o‘rinni egallagan edi. 1998 yili Tailandning Bangkok shahridagi XIII Osiyo o‘yinlarida sportchilarimiz 6 oltin, 23 kumush va 15 bronza, to‘rt yildan so‘ng Pusan shahrida (Janubiy Koreya) tashkil etilgan Osiyo o‘yinlarida 15 oltin, 12 kumush va 24 bronza medal jamg‘ardi. 2006 yili Qatar poytaxti Doha shahri mezbonlik qilgan XV yozgi Osiyo o‘yinlarida vakillarimiz 11 oltin, 14 tadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritdi. 2010 yili Xitoyning Guanchjou shahrida o‘tgan XVI qit’a o‘yinlarida 11 oltin, 22 kumush, 23 bronza, 2014 yili Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tgan XVII yozgi Osiyo o‘yinlarida 9 oltin, 14 kumush va 22 bronza, jami 45 medalga sazovor bo‘ldi.

Sportchilarimiz navbatdagi Osiyo o‘yinlarida ham munosib ishtirok etishga astoydil bel bog‘lagan. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 martdagi O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risidagi qarori bu boradagi ishlarni izchil, tizimli va yangicha asosda yo‘lga qo‘yishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Muxtasar aytganda, o‘n sakkizinchi marotaba o‘tkazilayotgan Osiyo o‘yinlarida vakillarimiz Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, Prezidentimiz va xalqimiz ishonchini oqlash uchun o‘z mahorati, tajriba va salohiyatini to‘liq namoyon etishiga shak-shubha yo‘q.

– Osiyo o‘yinlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishimiz uchun barcha sharoit yaratib berildi, – deydi tennis bo‘yicha xalqaro turnirlar g‘olibi Nigina Abduraimova. – Biz, sportchilar haftasiga olti kun tashkil etilgan jismoniy, texnik va taktik tayyorgarlik mashqlarida ishtirok etayapmiz. XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida yuqori o‘rinlarni egallab, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga astoydil harakat qilamiz.

Marosim doirasida O‘zbekiston sport delegatsiyasi uchun yangi liboslar topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu sport ekipirovkalar Xitoyning “QIERTE Co.Ltd” kompaniyasi “PRES-JOG” brendi tomonidan taqdim etildi.

XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarining ochilish marosimida O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdori etib tayinlangan boks bo‘yicha Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari sovrindori, ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibi Isroil Madrimov tadbirda so‘zga chiqib, barchaga omad yor bo‘lishini tiladi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA

Поделиться