O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga
2018-08-07 | Siyosat
Hurmatli konferensiya qatnashchilari!
Qadrli do‘stlar!
Xonimlar va janoblar!
Avvalambor, siz azizlarni – dunyoning olis va yaqin turli qit’a va mintaqalaridan yurtimizga tashrif buyurgan muhtaram mehmonlarimizni bugungi adabiy anjumanning ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Sizlarning ushbu nufuzli xalqaro konferensiyadagi ishtirokingizni biz birinchi navbatda o‘zbek xalqiga, uning qadimiy va boy ma’naviy merosiga, zamonaviy adabiyotiga bo‘lgan chuqur hurmat va e’tiborning amaliy ifodasi sifatida qabul qilamiz.
Biz sizlarning har biringizni o‘zbek adabiyoti va madaniyatining mohir bilimdoni va jonkuyar targ‘ibotchisi, O‘zbekistonning chinakam do‘sti, ma’naviyat sohasidagi ishonchli hamkorimiz deb bilamiz va sizlarning olijanob faoliyatingizni yuksak baholaymiz.
Fursatdan foydalanib, milliy adabiyotimizni o‘z yurtingizda va xalqaro maydonda beg‘araz targ‘ib va tashviq etib kelayotganingiz uchun barchangizga samimiy minnatdorlik izhor etishni o‘zimning sharafli burchim, deb bilaman.
Muhtaram anjuman ishtirokchilari!
G‘oyat muhim va dolzarb mavzuga bag‘ishlangan ushbu konferensiya O‘zbekiston Respublikasining mustaqillik bayrami arafasida bo‘lib o‘tayotgani o‘ziga xos ramziy ma’noga ega.
Bundan yigirma yetti yil oldin xalqimizning xohish-irodasi va azmu qarori bilan qo‘lga kiritilgan milliy mustaqillik biz uchun jahon xalqlarining erkin va ozod oilasiga teng huquqli a’zo bo‘lib kirish, dunyo hamjamiyati bilan barcha sohalarda, jumladan, madaniy-gumanitar sohada samarali hamkorlik o‘rnatish imkonini yaratib berdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Biz milliy tiklanishdan – milliy yuksalishga erishishni o‘z oldimizga eng muhim va ustuvor vazifa qilib qo‘ydik. Bu ulug‘ maqsadga esa jahon ahli bilan hamjihat va hamkor bo‘lib yashash, ochiq demokratik jamiyat qurish, hayotimizda milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini yanada keng qaror toptirish orqaligina erishish mumkinligini biz yaxshi anglaymiz.
Ayni shu nuqtai nazardan qaraganda, o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilish, ko‘pqirrali bu mavzuni bugungi kunda dunyo adabiy makonida yuz berayotgan eng muhim jarayonlar bilan uzviy bog‘liq holda tahlil etib, zarur ilmiy-amaliy xulosalar chiqarish, kelgusi vazifalarimizni belgilab olish, o‘ylaymanki, katta ahamiyatga ega.
Ayniqsa, hozirgi notinch va tahlikali zamonda butun bashariyat oldida paydo bo‘layotgan, biz ilgari duch kelmagan g‘oyat murakkab muammolar, global xavf-xatarlarni birgalikda bartaraf etish, shu yo‘lda barcha ezgu niyatli insonlarni birlashtirishda, dunyo aholisining qariyb uchdan bir qismini tashkil etadigan yoshlarni gumanistik g‘oyalar ruhida tarbiyalashda badiiy so‘z san’atining o‘rni va mas’uliyatini har qachongidan ham yuksaltirish zarurligini bugun hayotning o‘zi taqozo etmoqda.
Bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan e’tiborga molik ishlar, xususan, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini izchil rivojlantirish, bozor iqtisodiyoti sharoitida ilm va ijod ahlini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlik madaniyatini oshirish kabi vazifalar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani haqida sizlar konferensiya ishi davomida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lasiz, deb o‘ylayman.
Bu haqda gapirganda, bir fikrga alohida urg‘u berishni o‘rinli, deb bilaman.
Biz O‘zbekistonda “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik” degan chuqur ma’noli tamoyilga amal qilgan holda, jahon adabiyotining durdona asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish va nashr etish masalasiga g‘oyat jiddiy e’tibor qaratmoqdamiz.
Yurtimizda dunyo adabiyotining bebaho mulki bo‘lgan ming-minglab asarlar tarjima qilinib, kitobxonlar qalbidan joy olgani, badiiy tarjima va tarjimashunoslik bo‘yicha o‘ziga xos ijodiy maktab shakllanganini alohida ta’kidlash lozim.
Shu bilan bir qatorda, asrlar davomida komil inson tarbiyasi, adolatli jamiyat, shaxs erkinligi, Vatan ozodligi, bunyodkorlik, bag‘rikenglik va baynalmilalchilik, odamiylik kabi o‘lmas fazilatlarni tarannum etib kelayotgan mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning eng sara namunalarini xorijiy tillarga o‘girish va chet ellarda targ‘ib etish bo‘yicha ham mamlakatimizda katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada respublikamiz ta’lim muassasalarida o‘zbek tili bilan birga qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz, turkman tillarida ta’lim berish yo‘lga qo‘yilgani, oliy o‘quv yurtlarimizda ingliz, fransuz, nemis, ispan, yapon, xitoy, koreys, arab filologiyasi maxsus fan sifatida o‘qitilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni vaqtda bu sohada ham oldimizda ko‘pgina dolzarb va muhim vazifalar turganini ham qayd etish zarur. Xususan, hozirga qadar jahon adabiyotidan ona tilimizga tarjima qilingan aksariyat asarlar vosita tillar orqali amalga oshirilgan va bu hol bugungi kunda ham davom etmoqda. Yosh tarjimonlarimiz asliyat tilini yaxshi bilsalar-da, ko‘p hollarda ularda badiiy mahorat yetishmayapti. Xuddi shunday holatni o‘zbek adabiyoti namunalarini boshqa tillarga tarjima qilish sohasida ham kuzatish mumkin.
Bugun mamlakatimizda sizlarning faol sa’y-harakatingiz bilan birinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro konferensiya mana shunday muhim ijodiy muammolarni atroflicha muhokama qilish, bu borada xalqaro tajriba, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, Internet imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanish, do‘stlik aloqalarini tiklash va mustahkamlash, ijodiy uyushmalar, adabiy nashrlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, o‘zaro bordi-keldilarni yo‘lga qo‘yishga doir amaliy takliflar ishlab chiqishga xizmat qiladi, deb ishonaman.
Bu muhim yo‘nalishda biz sizlar bilan har tomonlama samarali hamkorlik qilishga doimo tayyormiz. Jumladan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshida sizlarning ishtirokingizda O‘zbek adabiyotining xorijiy do‘stlari kengashini tuzish va uning faoliyatini tizimli asosda tashkil etish bu yo‘ldagi dastlabki amaliy qadam bo‘lishi mumkin.
Muhtaram do‘stlar!
Bundan yuz yil muqaddam buyuk o‘zbek shoiri Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li – Cho‘lpon “Adabiyot yashasa, millat yashar!” degan otashin da’vat bilan maydonga chiqqan edi.
Hayot va tarix sinovlaridan o‘tgan teran ma’noli bu so‘zlar bugun ham o‘z ahamiyati va qimmatini yo‘qotgan emas. Darhaqiqat, adabiyot, san’at va madaniyat yashasa, millat va xalq, butun insoniyat bezavol yashaydi.
Mana shunday ezgu va sharafli ishga o‘z hayotini bag‘ishlagan siz, azizlarga sihat-salomatlik, ijodiy yutuqlar, baxt va omad, konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti