O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Janubiy Koreya Farg‘onada yirik investitsiya loyihalarini amalga oshiradi

2018-08-06 | Iqtisodiyot

Farg‘ona viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasida bo‘lib, qator investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

Viloyatda investitsiya loyihalarini amalga oshirish, chet ellik investorlarni jalb etish borasida salmoqli ishlar qilinmoqda. Janubiy Koreya bilan hamkorlikdagi ishlar buning yorqin dalilidir.

Viloyat hokimi Sh.G‘aniyev boshchiligidagi delegatsiya uch kun davomida Koreya Respublikasining Seul, Incheon, Kvanju, Xvasong va Pxochxon shaharlari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar davomida viloyat delegatsiyasi Incheon shahridagi yirik “Incheon” erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan natijalar bilan tanishdi. Farg‘ona viloyati va “Incheon” erkin iqtisodiy zonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Incheon shahrida “Evergreen Motors Group” kompaniyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston – Koreya biznes markazida yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning doimiy ko‘rgazmasi bilan tanishuv ham viloyat delegatsiyasida katta taassurot qoldirdi. Shu yerda biznes markaz bilan hamkorlik o‘rnatish, viloyatning Koreya Respublikasiga mahsulotlar eksportini oshirish va Farg‘onaga koreyalik investorlarni jalb etish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Gvanju shahri meriyasi va Gvanju savdo-sanoat palatasi rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy sohalarda hamkorlik qilish, Farg‘ona viloyatini investitsion habga aylantirish yuzasidan fikr almashildi. Ko‘plab yirik tadbirkorlarni birlashtirgan Gvanju savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlik shartnomalari tuzildi. Farg‘ona delegatsiyasi va “Gvanju biznes texnoparki” tomonidan viloyatda ilmiy izlanish, nau-xau va innovatsiyani rivojlantirish, biznes va ilm-fan o‘rtasida uzviylikni yaratishda yaqin hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan maqsad viloyatda “Biznes texnopark” tashkil qilishda “Gvanju biznes texnoparki” tajribasidan foydalanish va Gvanjuning ilg‘or kompaniyalarini Farg‘onaga jalb qilishdir.

Pxochxon shahri meriyasi bilan uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Farg‘ona viloyati va Pxochxon-Si shahri ma’muriyati o‘rtasida imzolangan memorandumga asosan Qo‘qon va Pxochxon-Si shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatiladigan bo‘ldi. Ikki shahar o‘rtasida iqtisodiy, ijtimoiy, investitsiya va turizmni rivojlantirish va yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan bu kelishuvlar mamlakatlarimiz uchun birdek manfaatlidir.

Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalaridan bo‘lgan “Korea Heating Corporation” prezidenti bilan o‘tkazilgan uchrashuvda viloyat shaharlarida isitish tizimini rekonstruksiya qilish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borishga kelishib olindi.

Farg‘ona shahrida to‘rt yulduzli mehmonxona va zamonaviy ko‘p qavatli turar joy majmualarini loyihalash va qurish bo‘yicha “Chung Construction Design Group” kompaniyasi bilan olib borilgan muzokaralar yakunida tegishli memorandum imzolandi. “Sang Myong” kompaniyasi bilan tuzilgan kelishuvga asosan Uchko‘prik tumanida 12 gektar maydonda sog‘lomlashtirish turizm markazi va tibbiyot klinikasi tashkil etishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritiladi. “Doori Enginering” kompaniyasi bilan Farg‘ona tumanidagi “Bahodir Agrosanoat” MCHJ o‘rtasida imzolangan kelishuvga ko‘ra, 50 gektar maydonda gidroponika usulida issiqxona tashkil etilib, yetishtirilgan mahsulotni Janubiy Koreyaga eksport qilish yo‘lga qo‘yiladi.

“Crechiko” kompaniyasi tomonidan Farg‘onada yirik parrandachilik kompleksi tashkil etish hisobidan yiliga 10 ming tonna tovuq go‘shti ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. “Taeho Machinery” kompaniyasi bilan Farg‘ona tumanidagi “Bahodir Log‘on tekstil” qo‘shma korxonasi o‘rtasida imzolangan bitimga asosan trikotaj ishlab chiqarish liniyasi tashkil etish va tayyor mahsulotlarning Janubiy Koreyaga eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnoma tuzildi. “UKO Global Light” kompaniyasi bilan imzolangan memorandumga ko‘ra, Farg‘ona shahrida chiqindini qayta ishlash va undan energiya ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshiriladi.

Farg‘ona viloyati delegatsiyasi safar davomida yana qator kompaniyalar bilan istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha shartnomalar imzoladi. Mazkur kelishuvlar hayotga tatbiq etilishi natijasida viloyatga Koreya investitsiyalarini jalb etish ko‘lami ortib, iqtisodiy barqarorlik yanada yaxshilanadi.

 

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
 

Поделиться