O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati jamoasiga
2018-08-06 | Siyosat
Qadrli do‘stlar!
Hurmatli temiryo‘lchilar!
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimida mehnat qilayotgan ishchi va xizmatchilar, quruvchi va muhandislar, mashinist va vagon kuzatuvchilari, soha faxriylarini, samarali mehnati bilan mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan barcha yurtdoshlarimizni Temiryo‘lchilar kuni bayrami bilan samimiy tabriklab, sizlarga o‘zimning ezgu tilaklarimni va chuqur hurmatimni izhor etaman.
O‘z kasbiga sadoqatli va fidoyi sizlar kabi minglab yurtdoshlarimizning sidqidildan qilayotgan mehnati, bilim va tajribasi tufayli temir yo‘l tarmog‘i xodimlari el-yurtimiz o‘rtasida haqli ravishda obro‘-e’tibor va ehtiromga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimiz temir yo‘l tizimi mustaqil davlatimiz bilan birgalikda katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. O‘tgan chorak asr davomida puxta o‘ylangan, uzoq muddatga mo‘ljallangan strategiya asosida tarmoqni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan kundan buyon yuk tashish hajmi 2,1 marta, yo‘lovchi tashish hajmi 2 barobar ko‘paygani, temir yo‘llar orqali 1,5 milliard tonna yuk tashilib, 370 million nafar yo‘lovchi o‘z manziliga yetkazilgani sizlarning fidokorona mehnatingiz tufayli amalga oshirilgan ishlar salmog‘i naqadar katta ekanining yaqqol tasdig‘idir.
Bugungi kunda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan Harakatlar strategiyasi doirasida barcha soha va tarmoqlar singari, temir yo‘l tizimida ham tub islohotlar olib borilmoqda.
Hozirgi vaqtda mamlakatimiz bo‘yicha yuklarning 60 foizdan ziyodi, yo‘lovchilarning esa 75 foizdan ortig‘i temir yo‘l transporti orqali manzillariga yetkazilayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu soha iqtisodiyotimiz rivojida qanday muhim va katta mavqeni egallab turganini yanada chuqurroq his qilamiz.
Tizimdagi sanoat korxonalari davr talabiga mos texnologiyalar bilan jihozlanib, ularda zamonaviy yo‘lovchi va yuk vagonlari ishlab chiqarilmoqda. Bu esa mamlakatimizda tobora rivojlanib borayotgan transport mashinasozligi sohasida ham temiryo‘lchilarimiz o‘zining munosib o‘rnini topganidan dalolat beradi.
Jumladan, birgina “Quyuv-mexanika zavodi” korxonasida harakatlanadigan tarkibni ta’mirlash bazasini rivojlantirish, vagonsozlikni tashkil etish va quyuv korxonasini rekonstruksiya qilishga qaratilgan katta ko‘lamdagi loyihaning amalga oshirilishi natijasida yangi yuk vagonlari, ko‘p tonnali konteynerlar ishlab chiqarilishini kengaytirish va yuk vagonlarini kapital ta’mirlash va qayta tiklash ishlarini yanada jadallashtirish imkoniyati yaratilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston temir yo‘llari transmintaqaviy transport koridorlarining eng muhim bo‘g‘ini sifatida xalqaro temir yo‘llar tashuvi tizimida munosib o‘rin egalladi. Bu borada amalga oshirilgan katta ko‘lamdagi ishlarning barchasi iqtisodiyotimizda yuksak natijalarni qo‘lga kiritishga asos bo‘lmoqda. Temiryo‘lchilarimiz tomonidan istiqlol yillarida 1500 kilometrdan ortiq yangi temir yo‘llarning barpo etilgani, 1800 kilometrlik temir yo‘l liniyalarining elektrlashtirilgani mamlakatimizni modernizatsiya qilishda ulkan qadam bo‘ldi.
Eng asosiysi, bu o‘zgarishlar xalqimiz hayotida o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, bunday ishlarimiz bugungi kunda ham izchillik bilan davom ettirilmoqda. Jumladan, hozirgi vaqtda Toshkent metropolitenining “Sergeli – Olmazor”, “Do‘stlik – Rohat – Qo‘yliq bozori” yo‘nalishlarida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan yer usti halqa metro liniyalarini qurish ishlari jadal sur’atlar bilan olib borilayotganidan jamoatchiligimiz yaxshi xabardor.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining ko‘p millatli jamoasi temir yo‘l transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish, takomillashtirish va rekonstruksiya qilish, temir yo‘l orqali yuk va yo‘lovchi tashish xavfsizligini ta’minlash borasida ham salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda.
Bu borada yangi temir yo‘llarning foydalanishga topshirilishi mamlakatimiz hududlarining iqtisodiy salohiyatini yanada rivojlantirish, mineral resurslar, neft va gaz, rangli metallar, qurilish materiallari va boshqa xomashyoga boy konlarni kompleks o‘zlashtirish, eng muhimi, ming-minglab yurtdoshlarimizni ish bilan ta’minlash imkonini berayotganini alohida ta’kidlash lozim.
Ispaniyaning “Talgo” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” elektropoyezdlari poytaxtimizdan Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi tarixiy shaharlarimizga qatnamoqda. Bu elektropoyezdlar qisqa muddatda xalqimiz va xorijiy mehmonlarning e’tibori va ishonchini qozondi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan transport sohasidagi xizmat ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish maqsadida harakatlanadigan tarkibni zamonaviy, yuqori samarali lokomotiv va qulay vagonlar bilan ta’minlash va modernizatsiya qilish ishlariga alohida e’tibor berilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda jahon standartlari talablariga javob beradigan 16 ta yangi temir yo‘l vokzali qurildi, 10 ta vokzal qayta qurildi va deyarli barcha stansiyalar xalqaro sifat standartlari talablari darajasidagi yuqori texnologiyalar bilan jihozlandi.
Temir yo‘l transporti kommunikatsiyalari va infratuzilmani rivojlantirish uchun 8 milliard dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi, shundan 2,6 milliard dollari xorijiy investitsiyalardir.
Temiryo‘lchilarimiz yana bir yo‘nalish - ko‘mir sanoatini texnik jihatdan qayta jihozlash, modernizatsiya qilish, kon ishlarining samaradorligini oshirish, resurslarni tejaydigan yangi, progressiv texnologiyalarni joriy etish, aholiga ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berish ishlarida ham o‘zlarining yuqori salohiyatini namoyon etmoqdalar.
Sizlarning fidokorona mehnat qilib, uzog‘imizni yaqin qiladigan ravon yo‘llar, Toshkent shahrida va yurtimizning boshqa hududlarida o‘nlab zamonaviy ko‘priklar qurib, Vatanimiz obodligiga munosib hissa qo‘shayotganingiz alohida tahsinga sazovor.
Shuningdek, temir yo‘l sohasi ishchi-xodimlarining “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida ijtimoiy sohada, xususan, tabiiy sharoiti, iqlimi og‘ir hududlarga toza ichimlik suvi yetkazib berish, qishloq va mahallalarni obod qilish, xalqimiz farovonligini oshirish, arzon uy-joylar, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash muassasalari, madaniyat va sport maskanlarini barpo etish yo‘lida olib borayotgan ezgu ishlarini mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardim.
O‘zbekiston temiryo‘l tarmog‘ining kelajagi, avvalo, sohaga zamonaviy bilimga ega, ilg‘or texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan, o‘z kasbiga sodiq, Vatanimizga farzandlik mehri bilan yashaydigan yosh mutaxassis va ishchilarni keng jalb etish bilan bevosita bog‘liqdir.
Yurtimizdagi 3 ta temir yo‘l kasb-hunar kolleji, akademik litsey va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutini har yili 3 mingdan ziyod yosh mutaxassislar tamomlab, hayotga yo‘llanma olayotgani mamlakatimiz temiryo‘l transportining kelgusi taraqqiyoti uchun ishonchli poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayni vaqtda sizlarning oldingizda yuk va yo‘lovchi tashish hajmini oshirish bilan bir qatorda, hududlarning iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish, boy mineral-xom ashyo resurslarini kompleks o‘zlashtirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, tarmoq korxonalari uchun mutaxassislar tayyorlash, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining ko‘mir mahsulotlariga tobora o‘sib borayotgan talabini qondirishga yo‘naltirilgan investitsiyaviy loyihalarni amaliyotga tatbiq etish kabi muhim va ustuvor vazifalar turibdi.
Ishonamanki, 87 ming nafardan ortiq yuqori malakali, o‘z kasbiga sadoqatli, fidoyi va ilg‘or temiryo‘lchilar jamoasi bu vazifalarni chuqur his etgan holda o‘zlarining bor bilim, malaka va kuch-g‘ayratlarini safarbar etib, zimmalaridagi burchlarini sharaf bilan ado etadilar.
Hurmatli temir yo‘l transporti xodimlari!
Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, olijanob faoliyatingizda va shaxsiy hayotingizda yutuq va omadlar, oilalaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti