2018 yil birinchi yarmida “O‘zbekinvest” kompaniyasi tomonidan 112 milliard so‘m hajmda sug‘urta mukofotlari yig‘ildi
Bugun jamiyatimizda jadal islohotlar sharoitida sug‘urta bozorining o‘rni va nufuzi sezilarli darajada oshib bormoqda. Mazkur sohada dadil siljish va o‘zgarishlarning kuzatilayotgani, tabiiyki, investitsion iqlimning yaxshilanishi, xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi va aholi turmush farovonligi oshishiga xizmat qiladi.
Sug‘urta bozorining takomillashuvi jarayonlarida “O‘zbekinvest” milliy sug‘urta kompaniyasi ham faol ishtirok etmoqda. Aytish mumkinki, ushbu kompaniya hozirga kelib ishonchli, kafolatli va sifatli xizmatlari bilan mijozlarni keng jalb etayapti. Buni joriy birinchi yarmida kompaniya erishgan salmoqli yutuqlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Xususan, hududlar va agentlik tarmog‘ini rivojlantirish, yangi, dolzarb sug‘urta mahsulotlarinijoriy etish hamda jismoniy va yuridik shaxslar kesimida faol sug‘urta faoliyatini yuritish natijasida 112 mlrd. so‘m hajmda sug‘urta mukofotlari yig‘ildi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 barobar ortiq bo‘ldi. Mijozlar bilan tuzilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha olingan sug‘urta majburiyatlari hajmi 69 trln. so‘mni yoki 8,9 mlrd. AQSH dollari ekvivalentini tashkil etdi. E’tiborlisi, Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya, Koreya, AQSH, Shveysariya va boshqa mamlakatlar xorijiy investorlari va pudratchilari tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha kompaniyaning xorijiy sug‘urta kompaniyalarga qayta sug‘urtaga berilgan joriy sug‘urta majburiyatlar hajmi 21,7 mlrd. AQSH dollariga yetgani xalqaro hmkorlik qamrovi kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Kompaniya Navigators Insurance Company (AQSH), Lancashire Insurance Company Limited (Buyuk Britaniya), Tokio Marine & Nichido Fire Insurance Co. Ltd. (Yaponiya), Allianz SE va HDI Global Network AG (Germaniya), AXA (Fransiya), People Insurance Company of China (Xitoy), Korean Reinsurance Company (Koreya), “Ingosstrax”, “Sogaz” (Rossiya), Zurich Insurance Group (Shveysariya) kabi dunyo sug‘urta kompaniyalarining birinchi o‘ntaligiga kiruvchi yetakchi transmilliy sug‘urta kompaniyalari bilan faolaloqa o‘rnatgani buning yorqin isbotidir.
Jismoniy shaxslar bilan ishlash bo‘yicha yondashuvning tubdan yaxshilanishi, sug‘urtaning ixtiyoriy va majburiy tizimiga shahar va qishloq aholisini faol jalb qilinishi “O‘zbekinvest” kompaniyasi sug‘urta faoliyatining 2018 yildagi asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
Bu boradigi tizimli ishlar natijasida 12,6 mlrd. so‘m hajmidagi yoki o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda 2,6 barobar ko‘p sug‘urta mukofoti yig‘ildi. Shu bilan birgalikda, hududlarda, ayniqsa, chekka qishloqlarda sug‘urta faoliyatini tubdan rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Aytish kerakki, joriy yil birinchi yarmida kompaniyaning 12 ta yangi hududiy sug‘urta bo‘limi ochildi, hududiy filiallar tomonidan 34,3 mlrd. so‘m sug‘urta mukofotlari yig‘ildi. Tumanlardagi sug‘urta bo‘limlari tomonidan yig‘ilgan sug‘urta mukofolari hajmi 193 foizga o‘sib, 16,4 mlrd. so‘mni tashkil etdi.
Quvonarlisi, mijozlar soni oshishi kuzatilmoqda. Jumladan, jismoniy shaxslar hisoblangan mijozlar soni 231 foizga o‘sdi. Yuridik shaxslar bilan esa 23 754 ta sug‘urta shartnomasi tuzildi.
Sir emaski, davlat iqtisodiyotining yuksalishida turizm sohasining ta’siri beqiyosdir. Ayni chog‘da yurtimizda zamonaviy turizimni rivojlantirishga ulkan e’tibori qaratilayotgani bezij emas. Bu jarayonda “O‘zbekinvest” kompaniyasi ham o‘z ulushini qo‘shishga intilayotganini ta’kidlamoq joiz.
Kompaniya davlatning turizmini tubdan rivojlantirishga qaratilgan siyosatida faol ishtirok etib, bir nechta yangi sug‘urta mahsulotlari ishlab chiqildi va mijozlarga taqdim qilindi.
Bundan tashqari, kompaniya o‘z majburiyatlarini qat’iy bajarib, hisobot davrida sug‘urta hodisalari bo‘yicha aholiga va yuridik shaxslarga 11,5 mlrd so‘m hajmida yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 132 foizga ko‘p sug‘urta qoplamalarini to‘lab berdi.
Kompaniyaning imijini va sug‘urta xizmatlarini targ‘ib qilish hamda aholining sug‘urta haqidagi xabardorlik darajasini oshirish maqsadida reklama-marketing faoliyatini faollashtirish bo‘yicha tadbirlariga ham diqqat qaratildi. Xususan, “Jahon futboli ishqibozi” aksiyasi o‘tkazilib, g‘oliblarga Rossiyada bo‘lib o‘tgan Futbol bo‘yicha jahon chempionati markaziy o‘yinlariga chiptalar taqdim etildi. Kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar doirasida qator seminarlar o‘tkazildi. Kompaniyaning 14 nafar xodimi respublika va xorijiy o‘quv markazlarga o‘qishga yo‘naltirildi.
Joriy yilning birinchi yarmida kompaniyaning investitsion portfeli o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda 192 foizga oshib, 710,9 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Shundan 255 mlrd. so‘mi depozit ko‘rinishida tijorat banklariga joylashtirildi, 439 mlrd. so‘mi esa yirik tashkilotlar aksiyalariga jalb etildi. Ta’kidlash joizki, “O‘zbekinvest” kompaniyasi yirik tijorat banklari, sug‘urta kompaniyalari va neftgaz sohasidagi korxonalarning aksioneri hisoblanadi.
Sug‘urta bozoridagi raqobatning kuchayib borayotganligi, shuningdek, taqdim etilayotgan sug‘urta xizmatlari sifatiga mijozlar talabining oshishi muhitida “O‘zbekinvest” kompaniyasi biznes yuritishning innovatsion yondashuvlari asosida samarali faoliyatini davom ettirish va sug‘urtalanuvchilarning shaxsiy va mulkiy manfaatlariga ishonchli sug‘urta himoyasini taqdim etishni maqsad qilgan.
Shavkat Tohirov, O‘zA