O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

https://gov.uz/media/8444f159-dba0-418d-30e0-f219ba90f12b.jpg

2018-08-03 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘tgan yillarda mamlakatda sog‘liqni saqlashni boshqarishning yagona tizimini yaratish, tibbiyotning xususiy sektorini rivojlantirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va sog‘lom avlodni shakllantirish uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
 
Shu bilan birga, ushbu sohada sog‘liqni saqlashni samarali isloh qilishga to‘sqinlik qilayotgan qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan:
 
birinchidan, mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyaning mavjud emasligi oqibatida ushbu sohadagi islohotlar to‘liq bo‘lmagan shaklda va tizimsiz tarzda amalga oshirilmoqda, bu esa aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligi va sifatini oshirish imkonini bermayapti;
 
ikkinchidan, respublika sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishda sog‘liqni saqlashni boshqarishning xorijiy mamlakatlarda qo‘llanilayotgan muvaffaqiyatli tajribasi va aniq innovatsion modellari lozim darajada hisobga olinmayotganligi sohaga investitsiyalarni jalb etish va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini bermayapti;
 
uchinchidan, tibbiyot va farmatsevtika xodimlari, eng avvalo, respublikaning xususiy sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning kasbiy malakasini oshirish va lozim darajada saqlash, ularning ko‘nikmalari zamonaviy talablarga muvofiqligi ustidan ta’sirchan monitoring tizimi joriy etilmagan;
 
to‘rtinchidan, xususiy sektorni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash orqali davlatning sog‘liqni saqlashga xarajatlarini maqbullashtirishga, shuningdek, xususiy tibbiyot tashkilotlarini byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilayotgan birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish tizimiga integratsiya qilishga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti;
 
beshinchidan, klinik protokollar va tibbiy standartlarning mukammal emasligi, shuningdek, innovatsion ishlanmalar va texnologiyalardan foydalanish darajasining pastligi aholiga tibbiy yordamni tashkil etishga zamonaviy uslub va yondashuvlarni joriy etish imkonini bermayapti;
 
oltinchidan, tibbiyot va farmatsevtika xodimlari to‘g‘risida haqqoniy ma’lumotlar, shuningdek, ishonchli tibbiyot statistikasining yagona bazasi shakllantirilmaganligi sog‘liqni saqlash tizimi ahvolini munosib baholash va mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkonini bermayapti;
 
yettinchidan, hal etilmagan muammo va kamchiliklarning saqlanib qolayotganligi jamiyatda tibbiyot xodimlarining imidji va obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, ushbu kasb nufuzini va mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan ishonchni pasaytirmoqda.
 
Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tubdan yaxshilash, respublika sog‘liqni saqlash sohasini boshqarish tizimining samaradorligini oshirish, shuningdek, sohaga chet el investitsiyalarini faol jalb qilish, umume’tirof etilgan xalqaro standartlar va innovatsion texnologiyalarni joriy etish maqsadida:
 
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etishning strategik maqsadlari etib belgilansin:
 
umume’tirof etilgan xalqaro metodikalarga muvofiq aniqlanadigan mamlakat aholisi salomatligi ko‘rsatkichlarining barqaror yaxshilanishini va sog‘liqni saqlash tizimidan qanoatlanganlik darajasini ta’minlash;
 
dastlabki bosqichda mintaqada aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligi bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni hamda keyinchalik sog‘liqni saqlash tizimi samaradorligining jahon reytinglarida munosib o‘rinni egallash;
 
aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam hajmida xususiy sektor ulushini salmoqli darajada ko‘paytirish, ushbu xizmatning sifatini va undan foydalanish imkoniyatlarini oshirish;
 
milliy iqtisodiyotning byudjetni shakllantiradigan tarmog‘i sifatida tibbiy turizmni shakllantirish, keyinchalik uning mamlakat yalpi ichki mahsulotiga hissasini izchil oshirib borish;
 
respublika tibbiyot va farmatsevtika xodimlari, shu jumladan, boshqaruv kadrlariga xalqaro standartlarga muvofiq uzluksiz ta’lim berish va ular malakasini oshirishning zamonaviy tizimini yaratish.
 
2. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi (keyingi o‘rinlarda Milliy palata deb yuritiladi) tashkil etilsin, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
 
respublika sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish strategiyasini, ilg‘or xalqaro standartlar va jahondagi eng yaxshi amaliyotni hisobga olgan holda sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
 
zamonaviy klinik qo‘llanmalar va protokollar, diagnostika va davolash sifatiga oid standartlar, shuningdek, moddiy-texnik jihozlash standartlarini ishlab chiqishni tashkil etish, ularning o‘z vaqtida joriy etilishini monitoring qilish;
 
zarur statistik axborot bilan ta’minlash maqsadida tibbiyot statistikasini to‘plash va tahlil qilish tizimini takomillashtirish va raqamlashtirish, shuningdek, statistik ko‘rsatkichlarni manipulyatsiya qilish imkoniyatini istisno etadigan xalqaro standartlar va metodikalarni joriy etish;
 
respublika shifokorlari va provizorlarini ro‘yxatga olish tizimini joriy etish, shuningdek, umumiy foydalanish uchun ochiq bo‘lgan yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish;
 
xalqaro standartlarga javob beradigan sog‘liqni saqlash infratuzilmasini yaratishga, shu jumladan, tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun moliyaviy mablag‘lar jalb etishga, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasida yangi tashkilotlar tashkil qilishga ko‘maklashish;
 
tibbiyot xodimlarining obro‘sini, ushbu kasb nufuzi va mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan ishonchni oshirish, tibbiyot xodimlariga odob-axloq qoidalarini singdirish, korrupsiya ko‘rinishlariga barham berish va ularning oldini olish, shuningdek, ularning kasbiy faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash choralarini ko‘rish;
 
tibbiyot xodimlari kasbiy malaka darajasi, shuningdek, ularning ko‘nikmalari zamonaviy talablar va jahonning eng yaxshi amaliyotiga muvofiqligi ustidan, shu jumladan, ular faoliyatini yakka tartibda litsenziyalashni joriy etish orqali ta’sirchan monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish;
 
tibbiyot xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, ushbu sohaga zamonaviy standartlarni joriy etish, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi yuqori malakali xorijiy ekspert va mutaxassislarni mamlakatga faol jalb qilish, mamlakatimiz mutaxassislari va ekspertlarining chet elda stajirovka o‘tashini tashkil etish;
 
mamlakatimiz tibbiyot tashkilotlarining bu boradagi faoliyatini
 
va jahonning eng yaxshi amaliyotini chuqur o‘rganish asosida shifokor (tibbiy) xatolari, kasalliklarni noto‘g‘ri diagnostika qilish va davolash holatlarini kamaytirishning ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish;
 
mamlakat sog‘liqni saqlashni boshqarish tizimiga, shu jumladan, tibbiyot tashkilotlari faoliyatini tashkil etish va nazorat qilish masalalarida xorijning eng yaxshi amaliyotini moslashtirilgan tarzda joriy etish, shuningdek, fuqarolarni tibbiy sug‘urtalashni joriy qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish;
 
xususiy, eng avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini faol
 
jalb qilish, shuningdek, sog‘liqni saqlashning xususiy tizimini jadal rivojlantirish maqsadida davlat-xususiy sheriklikning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish va mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimiga joriy etish;
 
xorijiy (xalqaro) tibbiyot va boshqa tashkilotlar bilan sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shu jumladan, respublika sog‘liqni saqlash tizimiga grantlar, kreditlar, donorlik va boshqa mablag‘larni jalb etish maqsadida uchrashuvlar, muzokaralar va boshqa tadbirlarni tashkil qilish, shuningdek, ushbu mablag‘larning maqsadli va samarali ishlatilishini monitoring hamda nazorat qilish;
 
salohiyatli investorlar, ayniqsa, xorijiy investorlarga respublikaning xususiy sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish uchun investitsiya kiritish masalalari bo‘yicha axborot, maslahat, huquqiy va boshqa shakllarda, shu jumladan, biznes-rejalar ishlab chiqish va taklif etilayotgan loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalarini jalb qilish orqali har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish.
 
3. Belgilab qo‘yilsinki, Milliy palata:
 
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi
 
Jamiyat salomatligi va sog‘liqni saqlashni tashkil etish ilmiy-tadqiqot instituti va uning hududiy bo‘linmalari negizida ularni moliyalashtirishning amaldagi tartibi saqlab qolingan holda tashkil etiladi hamda ularning huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi;
 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘z tarkibiy bo‘linmalariga ega bo‘ladi, ularning tuzilmalari va nizomi Milliy palata raisi tomonidan tasdiqlanadi;
 
respublika tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini birlashtiruvchi, respublika sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini
 
joriy etish, shu jumladan, ushbu qarorning 1-bandida belgilangan strategik maqsadlarga erishishni ta’minlash uchun mas’ul tashkilot hisoblanadi;
 
sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish sohasida hamda vakolatiga kiritilgan boshqa masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, davlat boshqaruvi organlari, tibbiyot va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
 
O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashni boshqarish tizimini isloh qilish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishda sog‘liqni saqlash sohasidagi xorijiy (xalqaro) tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimiga grantlar, kreditlar, donorlik va boshqa mablag‘larni jalb qilish hamda ularning maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan monitoring va nazoratni tashkil etish bo‘yicha vakolatli tashkilot hisoblanadi;
 
tibbiyot, farmatsevtika va boshqa tashkilotlarning muassisi sifatida qatnashish, sog‘liqni saqlash sohasi xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida xizmat ko‘rsatishni tashkil etish huquqiga ega;
 
2020 yil 31 dekabrga qadar respublikada kasbiy faoliyatni amalga oshirayotgan shifokorlar va provizorlarni ro‘yxatga olish tizimini joriy etishni, shuningdek, ular to‘g‘risida umumiy foydalanish uchun ochiq bo‘lgan yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratishni ta’minlaydi.
 
Belgilansinki, 2021 yil 1 yanvardan shifokorlar va provizorlarning Milliy palatada ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritishi taqiqlanadi.
 
4. Milliy palata huzurida quyidagilar tashkil etilsin:
 
a) O‘zbekiston Respublikasida Sog‘liqni saqlashning innovatsion modelini joriy etish bo‘yicha maslahat kengashi (keyingi o‘rinlarda – Kengash).
 
Belgilab qo‘yilsinki:
 
Kengashga Milliy palata raisi rahbarlik qiladi hamda uning tarkibi sog‘liqni saqlash sohasidagi tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislari orasidan shakllantiriladi;
 
Kengash sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha Milliy palataning kollegial maslahat organi hisoblanadi;
 
Kengash tarkibi Milliy palata raisi tomonidan tasdiqlanadi;
 
b) yuridik shaxs tashkil etmagan holda, mablag‘lari tijorat bankidagi maxsus, shu jumladan, valyuta hisobvarag‘ida jamlanadigan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlashni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma).
 
Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
 
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
 
shifokorlar va provizorlarni ro‘yxatga olishni amalga oshirishdan, shuningdek, ular faoliyatini litsenziyalashdan tushadigan mablag‘lar;
 
shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatish va boshqa xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishdan tushumlar;
 
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini banklarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
 
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
 
xayriya qiluvchilar – jismoniy va yuridik shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining mablag‘lari;
 
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
 
5. Belgilab qo‘yilsinki, Jamg‘arma mablag‘lari, shu jumladan, quyidagilarga yo‘naltiriladi:
 
Milliy palatani saqlash, uning faoliyatini moddiy-texnik ta’minlash va xodimlarini moddiy rag‘batlantirish;
 
xalqaro standartlarga muvofiq ilg‘or tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarini tashkil etish, shuningdek, ularni zamonaviy uskunalar
 
va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash;
 
zamonaviy klinik qo‘llanmalar va protokollar, diagnostika va davolash sifatiga oid standartlar, tibbiyot tashkilotlarini moddiy-texnik jihozlash standartlarini ishlab chiqish va joriy etishni tashkil qilish;
 
respublika tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarining binolari, inshootlari va boshqa infratuzilmasini qurish, ularni zamonaviy uskunalar bilan, shu jumladan, lizing shartlarida jihozlashga qaytarish sharti bilan va imtiyozli asosda mablag‘ ajratish;
 
tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini xorijda tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, o‘qitish, malaka oshirish va tajriba almashishni respublikada tashkil etish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etish
 
bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish;
 
respublika shifokorlari va provizorlari to‘g‘risida umumiy foydalanish uchun ochiq bo‘lgan yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratish va yuritish, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
 
sog‘liqni saqlash sohasida xayriya faoliyatini amalga oshirish;
 
Milliy palata zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga qaratilgan boshqa tadbirlarni moliyalashtirish.
 
6. Milliy palata 2018 yil oxiriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Jamiyat salomatligi va sog‘liqni saqlashni tashkil etish ilmiy-tadqiqot instituti va uning hududiy bo‘linmalari xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazsin hamda Milliy palatani yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirishni ta’minlasin.
 
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
 
Milliy palataga 2018 yilda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Jamiyat salomatligi va sog‘liqni saqlashni tashkil etish ilmiy-tadqiqot instituti va uning hududiy bo‘linmalarini saqlash uchun nazarda tutilgan mablag‘larning ajratilishini hamda keyingi yillarda mablag‘lar hajmlarining saqlab qolinishini;
 
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash sohasini boshqarish tizimini isloh qilish doirasida Milliy palataning asoslantirilgan hisob-kitoblari bo‘yicha yetakchi xorijiy tashkilotlar, shu jumladan, “GMC Service International Ltd” (Buyuk Britaniya) tashkiloti vakillarining ekspert ko‘magini jalb etishga doir xarajatlarning moliyalashtirilishini ta’minlasin.
 
8. Belgilab qo‘yilsinki:
 
Milliy palataga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan rais rahbarlik qiladi;
 
Milliy palata raisi mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlariga ko‘ra vazirning birinchi o‘rinbosariga tenglashtiriladi;
 
Milliy palata raisi Milliy palata raisi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan birinchi o‘rinbosar va ikki nafar o‘rinbosarga ega;
 
Milliy palata raisi xalqaro moliya institutlari, chet el hukumat moliya tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning mablag‘larini jalb etishni nazarda tutadigan bitim va boshqa hujjatlarni, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha investitsiya bitimlarini o‘rnatilgan tartibda imzolash huquqiga ega;
 
Milliy palataning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Islohotlarni huquqiy ta’minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmati hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya, sport va turizm masalalari kompleksi tomonidan muvofiqlashtiriladi;
 
sog‘liqni saqlash masalalariga oid ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari Milliy palatada ekspertizadan o‘tkazilishi shart;
 
Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va sarflash, shuningdek, Milliy palata va uning bo‘linmalari xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlari Kengash tomonidan belgilanadi.
 
9. Quyidagilar:
 
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
 
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
 
10. Milliy palata raisiga:
 
zarur hollarda Milliy palata tuzilmasiga belgilangan xodimlar soni doirasida o‘zgartirish kiritish;
 
yuklatilgan vazifalarni bajarish doirasida davlat organlari, ilmiy-ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlar, shu jumladan, xorijiy tashkilotlar mutaxassislarini, shuningdek, boshqa ekspertlarni maslahatchi sifatida shartnoma asosida jalb etish huquqi berilsin.
 
11. Quyidagilarga:
 
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga – Milliy palataning O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, boshqa davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlar bilan samarali o‘zaro hamkorligi ta’minlanishi, shuningdek, sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarning sifatli amalga oshirilishi ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatilishi;
 
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.K.Shodmonov zimmasiga – Milliy palata va boshqa manfaatdor organlar va tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan javobgarlik yuklansin.
 
12. Milliy palata manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Milliy palata to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlashni nazarda tutadigan hukumat qarori loyihasini kiritsin.
 
13. Milliy palata 2022 yil 1 yanvarga qadar muddatda:
 
yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari, barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan;
 
o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha respublikada ishlab chiqarilmaydigan uskunalar, kompyuter texnikasi, o‘qitishning texnik vositalari, adabiyotlar, multimedia mahsulotlari, qurilish materiallari, inventar va boshqa moddiy-texnika resurslari uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etilsin.
 
14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Islohotlarni huquqiy ta’minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmati 2018 yil yakunlariga ko‘ra Milliy palata faoliyatining samaradorligini o‘rgansin hamda 2019 yil 1 fevralga qadar muddatda uning faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, shifokorlar va provizorlar faoliyatini yakka tartibda litsenziyalash tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritsin.
 
15. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Milliy palataning buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb etilayotgan chet el mutaxassislari, shu jumladan, xalqaro ekspertlarga belgilangan tartibda kirish vizalarining konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
 
16. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Milliy palataning buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb etilayotgan chet el mutaxassislari, shu jumladan, xalqaro ekspertlarga belgilangan tartibda davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik kirish vizalari berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, ularning vaqtinchalik yashash joylarida vaqtincha propiskaga qo‘yilishi va vaqtincha propiska muddati uzaytirilishini ta’minlasin.
 
17. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Milliy palata buyurtmanomalariga binoan belgilangan tartibda respublikaga chet el mutaxassislari, shu jumladan, xalqaro ekspertlarni jalb etishga ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, ushbu chet el fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) ta’minlasin.
 
18. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Milliy palatani belgilangan tartibda hukumat va shahar aloqasi bilan ta’minlasin.
 
19. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov) Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda bir hafta muddatda Milliy palataning joylashtirilishini ta’minlasin.
 
20. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Milliy palataga 6 ta, shu jumladan, 4 ta shaxsiy, 1 ta yuqori o‘tish qobiliyatiga ega bo‘lgan
 
va 1 ta navbatchi avtotransport vositasini sotib olish va saqlashga limit ajratsin.
 
21. Milliy palata O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
 
22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.
 
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                Sh.MIRZIYOYEV
 
Toshkent shahri, 2018 yil 2 avgust

Поделиться