O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.Davletov, Davlat xizmatlari agentligi direktori X.To‘raxo‘jayev Ping Pong Global Limited kompaniyasi vakillari Jayn Siddxartxa va Vohid Alimirza bilan uchrashdi.
Adliya vaziri R.Davletov mehmonlarni yurtimizda investorlarga, xususan Davlat xizmatlari markazlarini qurishda ishtirok etganlar uchun beriladigan imtiyozlar bilan tanishtirdi.
Janob Jayn Siddxartxa yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi ishlarga o‘z munosabatini bildirdi.
Kompaniyamiz yigirma yildan buyon global savdo bilan shug‘ullanadi,– deydi J. Siddxartxa. – Biz mehmonxonalar, turar-joy va tijorat loyihalari, jamoat tashkilotlari va xizmatlari markazlari obyektlarini qurilishiga investitsiya kiritishimiz mumkin.
Uchrashuv doirasida Davlat xizmatlari markazlarini qurishning turli jihatlari muhokama etildi. Sarmoyadorlar huquqlarining kafolatlari, Davlat xizmatlari markazlari qurilishining taxminiy narxlari va xarajatlari shular sirasidandir.
Uchrashuv yakunida investorlar O‘zbekistonda Davlat xizmatlari markazlari qurilish obyektlariga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida investitsiya kiritishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Shuningdek, davlat homiyligidagi boshqa loyihalarga ham investitsiya kiritishga va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdi.