O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Rasman! Ektor Kuper - O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi
2018-08-02 | Sport
6 avgust kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi rasman tanishtiriladi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mamlakat bosh jamoasini ishonib topshirish mumkin bo‘lgan mutaxassis bilan muzokaralarni yakunladi. O‘FA rasmiylari shartnoma imzolash mumkin bo‘lgan 10 dan ziyod nomzodlar orasidan argentinalik Ektor Kuper variantida to‘xtaldi. 6 avgust kuni mutaxassis jamoatchilikka rasman tanishtiriladi.
Bungacha tashkilot birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov milliy terma jamoaga jahonda o‘z obro‘siga ega bo‘lgan murabbiy olib kelinishi haqida bir necha bor aytib o‘tgandi. Bu masala yuzasidan O‘FA jiddiy ish olib bordi. Termani qabul qilib olayotgan inson o‘zidagi katta mas’uliyatni his qilishi, xalqimizning ko‘p yillik orzusini ro‘yobga chiqarishi zarurligini ongli ravishda tushunib yetishi kerak edi. Shu vajdan yakuniy qarorga kelish vaqt talab qildi.
Ektor Kuper o‘zbekistonlik futbol muxlislari uchun yaxshi tanish. 62 yoshli mutaxassis faoliyati davomida katta hajmdagi ishlarni bajargan hamda futbol olamida o‘z nomiga ega bo‘lib ulgurgan. U 1996 yil Argentinaning “Lanus” jamoasi bilan KONMЕBOL Kubogi sohibi bo‘ldi. Bu muvaffaqiyati unga Yevropa eshiklarini ochib berdi.
1998 yil Kuper Ispaniyaning “Malorka” klubini mamlakat kubogi finaliga qadar boshlab keldi, Ispaniya Superkubogi uchun maydonga chiqdi. Bir yil o‘tib “Malorka” Ektor bilan UYEFA Kubogi finaligacha yetib keldi.
Shu tariqa murabbiy mashhur “Valensiya” klubi nazariga tushdi. Katta avlod futbol muxlislarimiz yaxshi eslashadi. “Ko‘rshapalaklar” 2000 hamda 2001 yilgi mavsumlarda Yevropa Chempionlar Ligasining finaligacha yetib kelib, ko‘pchilikning hayratiga sabab bo‘lishdi. Bunda Kuperning roli anchagina katta edi. Chunki “Valensiya”ning finalgacha yetib borishi ko‘pchilik uchun o‘ziga xos syurpriz bo‘lgandi.
Keyinroq Ektor Kuper Italiyaning “Inter” hamda Gretsiyaning “Aris” jamoalarida yaxshi ishladi. Bungacha u 1999 yilda Ispaniyada, 2000 yilda esa Yevropada yilning eng yaxshi murabbiyi deb topilgandi.
Ektor Kuperning milliy terma jamoadagi yurishi 2017 yilga to‘g‘ri keldi. 2015 yil Misr bosh jamoasini qabul qilib olgan Kuper, oradan ikki yo‘l o‘tib jamoasini Afrika Millatlar Kubogi finaliga qadar boshlab keldi. Shuningdek, 28 yildan buyon mundial chiptasini qo‘lga kirita olmayotgan misrliklarni Rossiya—2018 sari boshlab bora oldi. Mashhur Muhammad Salohning mamlakat qahramoniga aylanishi aynan Ekter Kuper davriga to‘g‘ri keldi.
Endilikda O‘zbekiston milliy terma jamoasining taklifini qabul qilgan murabbiyi 6 avgust kuni Milliy olimpiya qo‘mitasining anjumanlar zalida soat 15:00da futbol muxlislariga tanishtiriladi. Shundan so‘ng u bilan matbuot anjumani tashkil etiladi. Anjumanda barcha turdagi OAV ishtirok etishi mumkin.
- Kuper bilan yaxshi niyatlar hamda jiddiy maqsadlar yo‘lida kelishuvga erishdik. Umid qilamizki, millionlab vatandoshlarimizning uzoq yillik orzularini ro‘yobga chiqarishda bu inson bizga yordam beradi. Biz Yevropa futboli nafasini O‘zbekistonga olib kira oladigan, o‘z futbolchilariga qahramonlik hislarini singdira oladigan, jamoalari har qanday raqibga tik qaray oladigan, eng muhimi, Jahon Chempionati sari yo‘lni bosib o‘tgan tajribali murabbiyni istagandik. Bizningcha, Kuper bu talablarga mos keladi. Mana shunday mutaxassisning olib kelinishi uchun sharoit yaratib berayotgan O‘zbekiston hukumatiga hamda yangi bosh murabbiyni sabr bilan kuta olgan xalqimizga minnatdorchilik bildiraman, - dedi Umid Ahmadjonov.