O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Teatrlarning ish faoliyatini qayta isloh qilish yo‘lida
2018-08-01 | Madaniyat
Joriy yilning 29 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyat teatrlari direktorlari, bosh rejissyorlari hamda ijodkorlari ishtirokida 2017-2018 yil teatr mavsumi yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Ushbu majlis kun tartibidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2017 yil 31 maydagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3022-sonli Qarori, O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan 2017 yil 3 avgust kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi bayoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 yanvardagi “2018-2022 yillarda davlat teatrlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi 9-son qarori, shuningdek madaniyat, san’at, xususan, teatr san’ati sohasini rivojlantirish borasida qabul qilingan bir qator hujjatlarda belgilab berilgan vazifalarning bajarilishi holati, Mustaqilligimizning 28 yilligi bayram tadbirlari va kuz-qish hamda yangi teatr mavsumiga tayyorgarlik kabi yana bir qator dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Mazkur yig‘ilishda 2017-2018 yil teatr mavsumida erishilgan bir qator yutuqlar bilan birgalikda zudlik bilan o‘z yechimini topishi zarur bo‘lgan eng dolzarb masalalardan biri – bu teatrlarda yuksak badiiy saviyadagi repertuarni shakllantirish ekanligini, bu ishda teatr direktori bilan bir qatorda bosh rejissyor, rejissyor hamda adabiy emakdoshning birdek mas’ulligini alohida ta’kidladi. Shu o‘rinda yangi teatr mavsumining ochilishida e’tiborga olinishi muhim bo‘lgan tashkiliy va ijodiy vazifalar belgilab berildi. Har bir teatr o‘zining eng sara, badiiy jihatdan yetuk, klassik dramaturgiya namunalari asosida yaratilgan spektakllari bilan yangi mavsumga qadam qo‘yishi o‘zining ijobiy samarasini berishiga ishonamiz. Nafaqat parda ochilishi, balki bundan keyin har bir sahna asarining saviyasi masalasi birinchi o‘rinda bo‘lishi zaruriyati bizning bosh maqsadimiz va mezonimiz bo‘lishi zarur.
Shuningdek majlisda rahbar xodimlarning oldida turgan bugungi kundagi asosiy vazifalaridan bo‘lmish teatrlarga malakali, salohiyatli kadrlarni jalb etish, yosh iste’dodlarni izlab topish, ishonch bildirish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa yosh rejissyorlarga alohida e’tibor qaratish va shart-sharoitlar yaratib berish bu soha rivojida muhim omillardan ekanligi alohida e’tirof etildi.
Majlisda teatrlar va “Do‘stlar klub”lari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilgan amaliy ishlar to‘g‘risida ham fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi. Ushbu hamkorlik aloqalarining barchasi ham samarali emasligi to‘g‘risidagi fikrlar bildirildi.
Har bir teatrdagi ijodiy va ma’naviy muhitning sof va barqaror bo‘lishi uchun ijodiy va ma’muriy boshqaruv xodimlarining ko‘rsatkichlari monitoringini olib borish va shu asosda moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish choralarini ko‘rish, shuningdek, teatrlar faoliyatini va repertuarlarini yoritishda tanqid va tahlildan ko‘proq foydalanish kerakligini tavsiya qilindi.
Mazkur holatlar yuzasidan vazirlikning tegishli boshqarmalariga quyidagi:
Respublikaning yetuk teatrshunos va rejissyorlardan iborat mutaxassislari ro‘yxatini shakllantirilsin va ularni ma’lum teatrga rahbar (kurator) sifatida biriktirilsin;
har bir teatrning ijodiy va texnik xodimlarini chet ellarda malakasini oshirishi bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli amaliy choralar ko‘rilsin;
keyingi mavsum rejasiga kiritilgan sahna asarlarini davlat buyurtmasi asosida sahnalashtirilishi bo‘yicha takliflar ishlab chiqilsin va vazirlikka taqdim etilsin;
Qoraqalpog‘iston respublikasi, Toshkent shahri va viloyat teatrlarining grim mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji o‘rganilsin va ularning ehtiyoji qondirilishi bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilishi to‘g‘risidagi ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, majlis so‘nggida O‘zbekiston respublikasi Madaniyat vazirligining tegishli boshqarmalari, Qoraqalpog‘iston respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarning Madaniyat boshqarmalari, teatrlar rahbarlari oldidagi quyidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmon va Qarorlari, Vazirlar Mahkamasi Qarorlari, Madaniyat vazirligi tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosining o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishini ta’minlash;
- Qoraqalpog‘iston respublikasi va viloyatlarda har bir teatr reklamasi uchun reklama shitlari, banner, panno va monitorlarning o‘rnatilishi ishlarini jadallashtirish;
- soha mutaxassislaridan iborat komissiya tashkil etilib, teatrlarning repertuari hamda ijodiy va ma’naviy muhitini o‘rganish, ijodiy ko‘mak berish maqsadida ularni xizmat safariga yuborish; mavjud muammolarning sabablarini o‘rganib, ularni atroflicha va keng muhokama qilish;
- vazirlikning navbatdagi Hay’at majlisida ushbu masalalar natijalarini hamda teatr muassasalarining reyting ko‘rsatkichlarini muhokama qilish, erishilgan natijalarni yanada yuksaltirish, reyting ko‘rsatgichi past bo‘lgan teatrlar yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish;
- teatrlarda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilash hamda kelajakda ijodiy jihatdan yuqori va ijobiy ko‘rsatkichlarni egallash uchun zarur choralarni ko‘rish.
- barcha teatrlarning iqtidorli yosh kadrlarini qo‘llab-quvvatlash, ishonch bildirish, ustoz-shogird an’analarini yo‘lga qo‘yish;
- kelajakda sahnalashtiriladigan barcha spektakllarning 3 va 5 yillik istiqbolli rejasi tuzish va ularning aniq reja asosida ishlashini yo‘lga qo‘yish;
- Madaniyat vazirligi va teatrlar Badiiy Kengash a’zolari hamda teatrlar adabiy emakdoshlarining sahnalashtiriladigan spektakllarning badiiy saviyasiga mas’ulligi va javobgarligini oshirish.
Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan yig‘ilish, savol javoblarga boy bo‘lib, bu o‘z navbatida ko‘plab muammolarni yechishga asos bo‘ldi.