Ilm-fan, texnika va axborot-kommunikatsiya sohalarida O‘zbekiston – Janubiy Koreya munosabatlari ijobiy ko‘rinish kasb etgan. Bugun ikki mamlakat hamkorligi turli jabhalarda faol davom etmoqda. Jumladan, oliy ta’lim sohasida qator loyihalar hayotga joriy etilayotir.
Poytaxtimizda Inha universitetining ochilishi katta voqea bo‘lgan edi. Malakali kadrlarni shakllantirish, maktabgacha ta’lim tizimida salohiyatli tarbiyachi va ilmli mutaxassislarni ko‘paytirish, rivojlangan mamlakatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan uzoq muddatli munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 2-iyuldagi “Toshkent shahrida Puchon universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ayni damda ushbu universitetda qabul jarayonlari yakunlandi.
Universitetda kadrlar, birinchi navbatda, maktabgacha ta’lim muassasalarining pedagog kadrlarga, shuningdek, arxitektura va dizayn sohasida hamda talab yuqori bo‘lgan ta’limning boshqa yo‘nalishlarida malakali kadrlarga ehtiyojni hisobga olgan holda tayyorlanadi. 2018/2019-o‘quv yili uchun Puchon universitetiga qabul uch – maktabgacha ta’lim, koreys tili hamda arxitektura va dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirildi.
– Oliy ta’lim muassasasi yangi va imkoniyati keng bo‘lgani bois qabul jarayonlarida yoshni inobatga olmadik. Asosan, maktabgacha ta’lim yo‘nalishida o‘rta yoshli abituriyentlar hujjat topshirgani ham kuzatildi, – deydi universitet qabul komissiyasi a’zosi Botir Ochilov. – Koreys tili yo‘nalishida koreys tili bo‘yicha boshlang‘ich ma’lumotga ega va shu tilga yo‘naltirilgan maxsus maktablarda ta’lim olgan o‘quvchilar hujjatlarini qabul qildik. Arxitektura va dizayn yo‘nalishiga qiziquvchi yoshlar ko‘pchilikni tashkil etishi qabul jarayonlarida ham sezildi. Universitetga jami 2 ming 700 dan ortiq abituriyent hujjat topshirdi. Imtihonlar bir necha bosqichli bo‘lib, hozir ilk bosqich yakunlandi. Yana ikki bosqichdan so‘ng universitetda o‘qish baxtiga muyassar bo‘lgan talabalar saralab olinadi.
Oliy o‘quv yurtida ta’lim o‘zbek, ingliz va rus tillarida olib boriladi. Koreys tili fakultetida maxsus fan sifatida koreys va ingliz tili fanlari o‘tiladi. Abituriyentlar ehtiyojini inobatga olgan holda, ta’limni kunduzgi, sirtqi va kechki shakllarda olib borishning tizimli va istiqbolli rejalari ishlab chiqilgan. Yangi oliy o‘quv yurti ta’limni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga mos holda, Koreya Respublikasining Puchon universiteti o‘quv reja va dasturlari asosida amalga oshiradi. Bitiruvchilarga Koreyada tasdiqlangan diplom beriladi va u yurtimizda oliy ma’lumot maqomini beruvchi hujjatlar bilan bir xil darajada deb qaraladi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joiz, Koreyadagi Puchon universiteti o‘z salohiyati va kadrlar tayyorlash bo‘yicha mamlakatning eng nufuzli universitetlari o‘ntaligiga kiritilgan. Uni har yili minglab talabalar tamomlaydi. Puchon universiteti o‘z yo‘nalishi bo‘yicha Koreya Respublikasi taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Universitet bitiruvchilari qurilish, arxitektura va axborot-kommunikatsiya sohalarida ko‘plab davlatlarda samarali faoliyat olib bormoqda. Koreya maktabgacha ta’lim tizimi jahonda yetakchi bo‘lishida aynan mana shu o‘quv yurtining o‘rni beqiyos.
Toshkent shahrida Puchon universitetining tashkil etilishi maktabgacha ta’lim tizimini malakali kadrlar bilan ta’minlash, arxitektura va dizayn sohalarini takomillashtirish, shuningdek, talab yuqori bo‘lgan ta’limning boshqa yo‘nalishlarida ilg‘or xorijiy tajribalarni ommalashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Dilobar Mamatova, O‘zA