Qonunchilikda yangiliklar yuz bermoqda, talablar ortib, faoliyat mezonlari takomillashmoqda. Idora va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan yuridik xizmat xodimlari bu yangiliklardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lishi, xodimlarni bundan ogoh etishi, tayyorlanayotgan hujjatlarni esa yangi me’yorlarga moslashtirishi zarur.
Amalda shunday bo‘layaptimi? Ming afsuski, qonunchilikda ro‘y berayotgan o‘zgarishlardan ayrim yuridik xizmat xodimlarining o‘zi xabardor emas. Boisi aynan shu xizmat xodimlari tomonidan tayyorlanayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ko‘p hollarda eski me’yorlarga tayangan holda tayyorlanmoqda. Eng yomoni, ko‘p hollarda hujjatning nomi boshqa-yu, mazmunida boshqa masalalar haqida so‘z ketmoqda. Gohida eski hujjatga yangi nom berilgan. Bunga mas’ul yurist uni hatto o‘qib ko‘rmagan. Aynan mana shunday qusurlar tufayli keyingi paytda Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun taqdim etilgan 1,5 ming normativ-huquqiy hujjatning uchdan bir qismi rad etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida “Qonun hujjatlarini takomillashtirish va qonun ijodkorligi” mavzuida tashkil etilgan seminarda shular haqida so‘z bordi.
Adliya vazirligi Qonunchilik bosh boshqarmasi boshlig‘i Xudoyor Meliyev yuridik xizmat xodimlariga davlat tomonidan barcha shart-sharoit yaratib berilayotgani, ular ham bunga javoban vijdonan mehnat qilishi zarurligini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 13 aprelda “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Adliya organlari hujjatlarda nazarda tutilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda, tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etishda “Odilona qonunlarni qabul qilish, jamiyatda qonunga hurmat ruhini qaror toptirish – demokratik huquqiy davlat qurishning garovidir” degan konseptual g‘oyani hayotga tatbiq etish orqali yagona davlat huquqiy siyosatini amalga oshirmoqda.
Seminarda so‘zga chiqqanlar Prezident qarori bilan endilikda “respublika – viloyat – tuman (shahar)” uch pog‘onali prinsipi bo‘yicha vertikal boshqaruvni joriy etgan holda tuman (shahar)larda adliya bo‘limlari tashkil etilganini qayd etib o‘tdi.
Bu bilan bevosita joylardagi huquqiy muammolar, fuqarolarning huquq va erkinliklari ularning huquqiy ehtiyojlari bilan bog‘liq holda ta’minlanishini chuqur o‘rganish, jamiyatdagi aniq huquqiy holatdan kelib chiqib huquqiy targ‘ibotni amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Adliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida bir qator yangi boshqarmalar tashkil etildi.
Joriy yildan boshlab Adliya vaziri davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida har yili Oliy Majlis Senatiga axborot taqdim etadi.
2018 yil 1 maydan boshlab esa normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari Vazirlar Mahkamasiga, Prezident devoniga faqat Adliya vazirligining huquqiy-ekspertiza yakuni bo‘yicha ularni qabul qilishning maqsadga muvofiqligi haqidagi xulosasi mavjud bo‘lgandagina kiritilmoqda.
Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari loyihani ishlab chiquvchi tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirilishi lozim.
Ayni paytda joriy etilgan bu tartibga ko‘pchilik yuridik xizmatlar to‘liq rioya etmayotir. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi muhokamaga qo‘yilmasdan Adliya vazirligiga ekspertizadan o‘tkazish uchun yuborish yoki ekspertizaga yuborilgan kunda muhokamaga qo‘yish holatlari kuzatilmoqda. Aslida loyihalar muhokamadan o‘tkazilib, aholi fikrlari inobatga olingan holda to‘ldirilib, keyin ekspertizaga taqdim etilishi darkor.
Seminarda 2019 yil 1 yanvardan o‘z kuchini yo‘qotayotgan mamlakatimiz hududida 1993 yil 17 iyungacha qabul qilingan va Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tmagan umummajburiy idoraviy hujjatlar o‘rniga sifatli va zamon talabiga javob beradigan qonun hujjatlarini ishlab chiqish yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, bu borada hukumatning 2018 yilning 16 iyul kuni “O‘z kuchini yo‘qotayotgan umummajburiy idoraviy hujjatlarning o‘rniga yangi normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan 2019 yil 1 yanvarga qadar sobiq ittifoq davrida qabul qilingan 171 qonun hujjati o‘rniga zamon talablariga javob beradigan 56 normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi belgilandi.
Adliya vazirligi hukumat tomonidan mazkur jarayonni muvofiqlashtiruvchi organ etib tayinlandi.
Tadbirda, shuningdek, yuridik xizmat sohasida qonunchilikdagi yangiliklar, tashkilotlarda yuridik xizmatni amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA