Avval xabar berganimizdek, poytaxtimizda 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar ishtirokida “CAFA U-15 championship” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.
Bosh ofisi Toshkentda joylashgan va rahbarlik mas’uliyati hamyurtlarimiz zimmasida bo‘lgan Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan musobaqada Azamat Abduraimov ustozligidagi o‘smirlarimiz faxrli ikkinchi o‘rinni egallashdi.
Yosh futbolchilarimiz so‘nggi turda afg‘onistonlik raqiblariga qarshi o‘yinda durang natija qayd etishdi. Qirg‘iziston terma jamoasi turkmanistonliklarni 4:0 hisobida mag‘lub etishdi. Eron terma jamoasi esa Tojikiston terma jamoasi darvozasiga uchta javobsiz to‘p kiritishib, musobaqaning g‘olibi bo‘lishdi.
Shu tariqa eronliklar oltin, o‘zbekistonliklar kumush va tojikistonliklar esa bronza medali sohibi bo‘lishdi. Shuningdek, musobaqaning eng yaxshi deb topilgan o‘yinchilariga tashkilotchilarning maxsus sovg‘alari taqdim etildi.
“Milliy” stadionda g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Marosimda OFK vakili Vohid Kardaniy, O‘FA va PFL mutasaddilari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
O. Yunusov, O'zA