O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi boshlig‘i Rustam Isroilov Malayziya jinoiy masalalar bo‘yicha politsiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Dato Mohd Zakaria Ahmad bilan uchrashdi.
Muzokarada O‘zbekiston bilan Malayziya o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish va qidiruv faoliyatida hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2018-yil 10-fevraldan Malayziya fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy qilingani sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Ikki mamlakat huquq-tartibot organlari o‘rtasida hamkorlikning mustahkamlanishi sayyohlar xavfsizligini ta’minlash, xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, odam savdosi kabi transmilliy jinoyatchilikning barcha ko‘rinishlariga qarshi birgalikda kurashish imkonini beradi. Uchrashuvda buning asoslarini yaratish, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda idoralararo munosabatlarni faollashtirish yuzasidan fikr almashildi. Ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish barobarida mintaqaviy hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Malayziya delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasida ham bo‘lib kadrlar tayyorlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida O‘zbekiston tajribasi bilan tanishdi.
Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA