AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) delegatsiyasi Qashqadaryo viloyatida E-SUD tizimi vositasida fuqarolarga yaratilgan interfaol xizmatlar bilan tanishdi.
AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha ofisi direktori Kyung Shin Cho boshchiligidagi delegatsiya fuqarolik ishlari bo‘yicha Shahrisabz tumanlararo sudida bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida aholining odil sudlovga erishish darajasini oshirish va odamlarda sudga ishonchni mustahkamlash maqsadida olib borilayotgan ishlar bilan bevosita tanishdi.
Xorijlik mehmonlar loyiha doirasida ishlab chiqilgan E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimining ishlash tartibi, bosqichlari, sudga elektron shaklda kelib tushgan arizani ro‘yxatdan o‘tkazishdan QR-kod dasturi orqali chiqarilgan sud qarori haqiqiyligini tekshirishgacha bo‘lgan jarayonni bevosita kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
– AQSH Xalkaro taraqqiyot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va BMT o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik sudlar faoliyatining shaffofligi va samaradorligi oshishiga olib kelgani quvonarlidir, –dedi Kyung Shin Cho. – Fuqarolar uchun sudga murojaat qilishda yanada qulayliklar yaratilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida fuqarolik ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudlariga elektron shakldagi 35 ming 248 murojaat kelib tushgan. Ularning 22 ming 511 tasi sud buyrug‘i berish to‘g‘risida, 12 ming 737 tasi esa da’vo tartibida hal qilinadigan arizalardir. Toifasiga ko‘ra taqsimlaganda, eng ko‘p murojaatlar ajralish (23,63 foiz), hujjatlarning shaxsga tegishlilik faktini belgilash (12,01 foiz), yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni tasdiqlashga oid (9,36 foiz) va oila munosabatlari bilan bog‘liq boshqa ishlardan (8,47 foiz) iborat.
– Shahrisabz tumanlararo sudi E-SUD tizimi joriy qilinishi natijasida o‘z faoliyati samaradorligini oshirish va fuqarolar uchun yangi qulayliklar yaratishga erishdi, – dedi Shahrisabz tumanidagi “Kesh inspect” advokatlik firmasi advokati Sevara Mo‘minova. – Jumladan, sudga murojaat qilishga ketadigan vaqt sezilarli darajada qisqardi. Endi uzoq masofani bosib o‘tish yoki navbat kutishga hojat yo‘q. Kompyuterda bir necha buyruq va topshiriqni amalga oshirishning o‘zi kifoya. Qog‘ozbozlik ham yo‘q bo‘ldi. Sud xodimlari bu tizimga juda qulay va tezkor, deb ta’rif berishi bejiz emas. Endilikda biror da’vo arizasi yo sud buyrug‘ini izlab topish uchun tartib raqami yoki murojaat qiluvchining ma’lumotlarini kiritish yetarli. Izlanayotgan hujjat avtomatik ravishda ekranda paydo bo‘ladi.
Tashrif davomida “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadida tayyorlangan amaliy qo‘llanma va risolalar taqdimoti o‘tkazildi. Mehmonlar huquqiy adabiyotlar xalq qabulxonalari, mahallalar va xotin-qizlar qo‘mitalari orqali bepul tarqatilayotganini yuqori baholadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA