Bugun Milliy matbuot markazida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tashabbusi – “Obod xonadon – yurt ko‘rki” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda federatsiya Markaziy ijro etuvchi apparati xodimlari, Toshkent shahar hududiy birlashmaci, tuman (shahar) jamiyatlari raislari, hamkor tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni talablaridan kelib chiqadigan vazifalar doirasida loyiha ishlab chiqildi. Unda aholining turmush madaniyatini yuksaltirish yo‘lida joylarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli bunyodkorlik ishlariga munosib hissa qo‘shish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining turmush sharoitini yaxshilashga ko‘maklashish, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash orqali ularni ijtimoiy faollik sari yetaklash, ularning uy-joyga doir huquqlarini amalga oshirish, yer uchastkalaridan oqilona va samarali foydalanishi, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun ko‘maklashish maqsad qilingan.
Federatsiya tomonidan joylarda sayyor chiqishlar orqali aholining muammolarini o‘rganish va ularni tizimli bartaraf etish maqsadida xalq bilan muloqot kunlari muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Yurtimizning chekka hududlarida istiqomat qilayotgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, avariya holatida bo‘lgan 12 ta xonadon tanlab olindi va Federatsiya mablag‘lari hisobidan obod xonadonga aylantirish maqsadida belgilab olindi.
Loyihaning yana bir muhim vazifalaridan biri – aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash orqali ijtimoiy faollik sari yetaklash, ularni boqimandalik kayfiyatidan chiqarish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga ko‘maklashishdan iborat. Bu borada ham bir qator amaliy ishlar qilindi. Jumladan, Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi Bahriddin Otayevning xonadonida limon ko‘chatlari yetishtirishga mo‘ljallangan zamonaviy issiqxona barpo etilib, tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xorazmlik Shahlo Sobirova xonadonida gul ko‘chatlari yetishtirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Hanifa Rahimova (Namangan), Umid Tohirov (Buxoro), Tohir Qobilov (Surxondaryo)larning moddiy ahvollarini yaxshilash maqsadida ushbu xonadonlarga tovuqlar uchun maxsus kataklar qurilib, 20 donadan tovuq beg‘araz olib berildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj Hanifa Rahimovaning (Namangan) nabirasi va Bahriddin Otayevning (Farg‘ona) farzandlari uchun yangi qurib foydalanishga topshirilgan obod xonadonlarda sunnat to‘ylari o‘tkazilib, ehson dasturxonlari yozildi.
Federatsiya tashabbusi ko‘plab homiylar, hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan sektor rahbarlari ham loyihaga jalb qildi.
“Obod xonadon – yurt ko‘rki” loyihasi doirasida amalga oshirilgan qurilish va ta’mirlash ishlariga O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va homiylar mablag‘lari hisobidan jami 338 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarfladi.
Bir so‘z bilan aytganda, insonlar quvonchiga sabab bo‘layotgan, qishloqlarda amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlar yurt istiqboli, el manfaatiga xizmat qiladi.