Ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mamlakatimizda ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyatni amalga oshirish, ilmiy-texnikaviy va innovatsion rivojlanishni ta’minlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishda mavjud moliyaviy va moddiy resurslardan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, 2014-2018-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘laridan ilmiy-amaliy va innovatsion loyihalar hamda ishlanmalarni moliyalashtirish uchun qariyb 800 milliard so‘m ajratilib, ularning natijalariga ko‘ra ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari tomonidan 700 dan ortiq ixtiro patentlashtirildi.
Shu bilan birga, iqtisodiyotning jadal rivojlanishi mamlakat ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyati natijalarini tijoratlashtirishda mavjud salohiyatdan yanada to‘liq foydalanish zaruratini taqozo etmoqda.
Biroq, ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalaridan amalda foydalanishning tahlili ularni yaratish, huquqiy muhofaza qilish va joriy etish jarayonida tizimli muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda, xususan:
birinchidan, oxirgi 5 yil ichida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan va patentlangan ixtirolar sonining yiliga 0,5 foizini tashkil etuvchi tijoratlashtirish darajasi yetarli emas;
ikkinchidan, chop etilgan ilmiy maqolalar va yaratilgan intellektual mulk obyektlari soni ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlari bo‘lib qolmoqda, bunda ularni joriy etish natijalari hisobga olinmayapti;
uchinchidan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ularning tasarrufidagi ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyati natijalari uchun, shuningdek, ilmiy-texnikaviy dasturlarga davlat mablag‘lari sarflanishining samaradorligi uchun lozim darajada mas’uliyatni namoyon etmayapti;
to‘rtinchidan, ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishning, shu jumladan, ilmiy-amaliy va innovatsion loyihalar hamda ishlanmalar ro‘yobga chiqarilishida iqtisodiyotning real sektori korxonalari ishtirokini rag‘batlantirishning samarali vositalari joriy etilmagan;
beshinchidan, amaldagi standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimi ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini ishlab chiqarishga tezkorlik bilan joriy etishni ta’minlamayapti.
Mahalliy ilmiy-amaliy va innovatsion loyihalar hamda ishlanmalarni jadal joriy etishni ta’minlash, mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini kuchaytirishda ilm-fan hissasini oshirish, shuningdek, ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyatning istiqbolli mahalliy yutuqlarini ilgari surishning samarali mexanizmlarini yaratish maqsadida:
1. Quyidagilar ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining (keyingi o‘rinlarda muassasalar deb yuritiladi) ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish sohasidagi asosiy vazifalari etib hisoblansin:
respublika iqtisodiyotining raqobatbardoshligini yanada oshirish maqsadida ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini jadal va keng joriy etish;
fanlararo aloqalarni, shu jumladan, xalqaro fanlararo aloqalarni shakllantirish jarayonlarini rag‘batlantirish, qo‘shma dasturlar ishlab chiqish va jamoalarni yaratish;
ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyatni iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirishning aniq vazifalarini hal etishga, shuningdek, ichki va tashqi bozorlar ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan amaliy natijalarni olishga yo‘naltirish;
yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni yaratishga xizmat qiladigan yuqori texnologiyalarni ishlab chiqish sohasida innovatsion tadqiqotlarni olib borish;
tadqiqotlarni mamlakatni izchil rivojlantirish bo‘yicha zamon talablariga javob beradigan, tijoratlashtirish darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlar va texnologiyalarni jadal ishlab chiqishga yo‘naltirish.
2. Quyidagilar ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirishning asosiy usullari etib belgilansin:
ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalaridan foydalangan holda yaratilgan tovarlarni (bajarilgan ishlarni, ko‘rsatilgan xizmatlarni) realizatsiya qilish yoki ushbu natijalardan o‘z ehtiyojlari uchun foydalanish;
tijorat tashkilotlarini tashkil etish, bunda ularning ta’sischilaridan biri ustav fondiga hissa sifatida intellektual mulk obyekti yoki tayyor texnologiyani kiritgan muassasa (yoki ixtisoslashtirilgan affillangan tashkilot) hisoblanadi;
intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan mulk huquqlarini uchinchi shaxslarga o‘tkazish va mazkur obyektlardan foydalanish huquqini litsenziya shartnomalarini tuzish orqali, shu jumladan, ularni keyinchalik ushbu huquqlar oluvchisi tomonidan tijoratlashtirish sharti bilan berish.
3. Vazirlik va idoralar tomonidan shartnoma asosida xarid qilish orqali tijoratlashtiriladigan ishlanmalar ro‘yxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, ilovada ko‘rsatilgan ishlanmalarni o‘z vaqtida tijoratlashtirmaganligi va sifatsiz tijoratlashtirganligi uchun ularni joriy etishga javob beradigan shaxslarga nisbatan ularning o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima shaklida intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2019 yil va undan keyingi yillarga mo‘ljallangan parametrlarini shakllantirishda “Ilm-fan” moddasi bo‘yicha ajratilayotgan mablag‘lar doirasida quyidagilarni amalga oshirish uchun mablag‘larning kamida 20 foizi yo‘naltirilishini nazarda tutsin:
davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, shu jumladan, davlat-xususiy ilmiy klasterlarini yaratishga, ilmiy-texnikaviy tadqiqotlarni respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va mintaqalari ehtiyojlariga moslashtirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish;
ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirishga, shu jumladan, byudjet mablag‘lari oluvchilar faoliyatini tegishli maslahatchilar tomonidan ekspertizadan o‘tkazish, qo‘llab-quvvatlash, xalqaro standartlarga muvofiq biznes-rejalarni tayyorlashga grantlar ajratish.
5. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasining 2018-yil 1-oktyabrdan boshlab quyidagilarga qo‘shimcha bir martalik mukofotlar joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:
patentlangan intellektual mulk obyektlari mualliflariga muassasaning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida;
mualliflar hamda ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini ishlab chiqish va tijoratlashtirishda ishtirok etgan ilmiy jamoaga ularni tijoratlashtirishdan muassasa hisobiga kelib tushayotgan mablag‘larning tegishli ravishda 40 va 30 foizi miqdorida.
6. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar bo‘yicha davlat ilmiy-texnik dasturlarini bajarish doirasida muassasalar tomonidan yaratilgan ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalari, davlat ilmiy-texnik loyihalar yakunlanganidan va (yoki) ular belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin tijoratlashtirilishi lozim, fundamental tadqiqotlar natijalari, shuningdek, gumanitar va ijtimoiy fanlar sohasidagi loyihalar bundan mustasno;
muassasalarning ilmiy kengashlari ishlab chiqarish siri (nou-xau) yoki tijorat siri rejimida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining intellektual (nomoddiy) natijasini qo‘riqlash to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqiga ega.
7. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga ilmiy va ilmiy texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish uchun muntazam ravishda investitsiyalarni jalb qilishni ta’minlash mas’uliyati yuklatilsin.
8. Xo‘jalik boshqaruvi organlari va yirik davlat korxonalariga samarasiz va ma’naviy eskirgan infratuzilmani almashtirish, shuningdek, atrof-muhitni ifloslantirish darajasini pasaytirish imkonini beradigan yangi texnika va ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish hamda joriy etish bilan bog‘liq tadbirlarni faol moliyalashtirish tavsiya etilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:
a) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ilg‘or xorijiy tajriba va milliy amaliyotni o‘rganish natijalari asosida quyidagilar tasdiqlanishini nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan yaratilgan ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
tijorat siri rejimida qo‘riqlanadigan intellektual mulk obyektlariga, shu jumladan, patentlash imkoniyatiga ega bo‘lgan texnik yechimlar va ishlab chiqarish sirlariga (nou-xaularga) bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va berish to‘g‘risidagi nizom;
mualliflar hamda ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini ishlab chiqish va tijoratlashtirishda ishtirok etgan ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy jamoalariga qo‘shimcha bir martalik mukofotlarni to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom;
b) O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyatning tijoratlashtirilgan natijalari sonini asosiy mezonlardan biri sifatida nazarda tutgan holda muassasalarning samaradorligini baholash mezonlarini belgilash bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
v) O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ishlab chiqarishda joriy etishga tayyor ilmiy va ilmiy-texnikaviy natijalarni tijoratlashtirish uchun texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlashda muassasalarga ko‘maklashsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan yaratilgan intellektual mulk obyektlari bo‘yicha axborotning “Innovatsiyalarning virtual yarmarkasi” interaktiv internet-portalini yangilash uchun doimiy asosda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etilishini ta’minlasin.
11. Belgilab qo‘yilsinki:
innovatsion mahsulotlarga doir davlat standartlari O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining buyurtmalariga muvofiq davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari huzuridagi standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalar tomonidan ishlab chiqiladi;
innovatsion mahsulotlarga doir davlat standartlari istiqbolda an’anaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan ilgarilab ketadigan boshlang‘ich talablardan iborat bo‘lishi va xalqaro standartlarga yoki rivojlangan xorijiy mamlakatlarning milliy standartlariga mos kelishi lozim;
tajriba va seriyali ishlab chiqarishni tashkil qilish maqsadida yangi innovatsion mahsulotlarga davlat standartlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va sertifikatlar olishga qilingan xarajatlar Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
12. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi muassasalar tomonidan ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini xorijda tijoratlashtirishga, shuningdek, ularni xalqaro bozorlarda ilgari surishga diplomatik vositalar orqali ko‘maklashsin.
13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, shahar (tuman)lar hokimliklari har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar markazlari bilan birgalikda respublika olimlarining ilmiy-amaliy va innovatsion loyihalari hamda ishlanmalari uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlarning buyurtmalari portfelini shakllantirsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R.Xolmuradov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu.Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 14-iyul