O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston – Shveysariya: faol bosqichga o‘tayotgan iqtisodiy hamkorlik
2018-07-16 | Jamiyat
Mamlakatimizga tashrif buyurgan Shveysariya federal iqtisodiyot, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Yohann Shnayder-Ammann boshchiligidagi delegatsiya a’zolari 13 iyul kuni poytaxtimizda tashkil etilgan O‘zbekiston – Shveysariya biznes forumida tegishli vazirliklar, qo‘mitalar, Savdo-sanoat palatasi, bank-moliya institutlari, mahalliy hokimliklar vakillari, ishbilarmonlar bilan muloqotda bo‘ldi.
Bu yil O‘zbekiston bilan Shveysariya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik aloqalari o‘rnatilganiga chorak asr to‘ldi. O‘tgan muddat davomida mamlakatimizda Shveysariya hukumati bilan birgalikda 33 loyiha amalga oshirildi. Ayni vaqtda ushbu davlat investitsiyasi ishtirokida iqtisodiyot, moliya, ta’lim va bank tizimida, tadbirkorlik, xodimlar malakasini oshirish va suv ta’minoti sohalarida 7 qo‘shma loyiha amaliyotga tatbiq etilmoqda. Yurtimizda shveysariyalik investorlar ishtirokida tuzilgan 84 qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, ularning 29 tasi 100 foiz chet el sarmoyasi asosida tashkil etilgan. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi yiliga o‘rtacha 200 million dollarni tashkil etmoqda.
Biznes forum ochilishida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri Botir Xo‘jayev, Shveysariya federal iqtisodiyot, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Yohann Shnayder-Ammann shular haqida so‘z yuritib, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyov boshchiligida siyosiy-huquqiy, savdo-iqtisodiy va bank-moliya sohalarida olib borilayotgan islohotlar natijasida xorijiy sarmoyadorlar uchun yanada qulay muhit yaratilganini alohida ta’kidladi.
Biznes forumda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller ham ishtirok etdi. U so‘nggi 18 oyda O‘zbekistonning iqtisodiy siyosati yanada erkinlashgani, xususan, bank-moliya, soliq tizimidagi o‘zgarishlar, erkin konvertatsiyaning yo‘lga qo‘yilgani mamlakat iqtisodiy imidjini oshirganini qayd etdi.
– 2015 yilda Jahon banki reytingida qulay biznes muhiti bo‘yicha O‘zbekiston 100 o‘rinni egallagan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 74 ga tenglashdi, – dedi u. – Ikki yilda 26 pog‘ona o‘sish juda yaxshi ko‘rsatkich bo‘lib, xorijiy investorlarni jalb qilishda muhim omil bo‘ladi.
Biznes forum doirasida O‘zbekiston iqtisodiy salohiyatining taqdimoti o‘tkazildi. Unda Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari L.Qudratov va boshqalar shveysariyalik mehmonlarni yurtimiz sarmoyaviy imkoniyatlari, eksport, transport, logistika va sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishtirib, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasidan ko‘zlangan asosiy maqsadlar va uning yo‘nalishlari, yurtimizdagi erkin iqtisodiy zonalar va kichik industrial zonalarda qo‘shma korxonalar tashkil etishning afzalliklari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Forumning shu’ba yig‘ilishlarida Shveysariyaning “ABB Group ABB Switzerland”, “Stadler”, “Bühler AG”, “Swiss Medical Network”, “Rieter Group”, “Economiesuisse”, “Reyl”, “At a Glance”, “Trüb Trading Internetional AG”, “Switzerland Global Enterprise” kabi eskport, import va investitsiyalarga ko‘maklashuvchi, elektrotexnika, energetika mashinasozligi va axborot texnologiyalari, temir yo‘l transporti, to‘qimachilik, innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 20 dan ziyod yirik kompaniyasi vakillariga O‘zbekistonda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish taklif etildi.