O‘zbekistonda 2019-yildan boshlab, ipak gilamlar to‘qiladi, deya ma’lum qilmoqda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasining matbuot xizmati. Bunga sabab Belgiyaning dunyoga mashhur VANDEWIELE kompaniyasi bilan tuzilgan kelishuv deb aytish mumkin.
“Biz mazkur kompaniyaning ipak gilamlar to‘qish dastgohlarini yurtimizdagi pillani qayta ishlash korxonalariga o‘rnatmoqchimiz. Bu jihozlarda Yevropa standartlari asosida ipak gilamlar to‘qishni kengaytirib boramiz. Kelasi yildan “Made in Uzbekistan” yorlig‘i bilan raqobatbardosh ipak gilamlari eksport qilinadi. Ayni vaqtda bu yo‘nalishni boshlash uchun bizda yetarli miqdorda ipak xomashyosi mavjud”, deydi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi B.Sharipov
Shu o‘rinda qayd etish joizki, mazkur uyushma bir qator innovatsiyalarni amaliyotga joriy etmoqda. Xususan, tut bargidan choy, pilla g‘umbagidan yog‘ olish usullari shular sirasidandir.