O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tashqi savdo vaziri Afg‘onistonga rasmiy tashrif bilan bordi
2018-07-12 | Siyosat
Joriy yilning 8 iyulida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev Afg‘oniston Savdo va sanoat vaziri X.Raso, Temir yo‘llar boshqarmasi boshlig‘i Y.Shams, Xaridlar bo‘yicha milliy komissiya raisi I.Xotaki, Transport vaziri o‘rinbosari M.Sultani va Afg‘oniston savdo sanoat palatasi boshlig‘i A.Nusrat bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy muhiti masalalarini muhokama qilish doirasida chegaraga tutash hududlarda savdoni rivojlantirish, tranzitni amalga oshirish uchun qulay sharoitlarni yaratish, shuningdek, boj va tariflarni kamaytirish yuzasidan takliflar berildi. Tomonlar o‘zaro tovar aylanmasi tuzilmasini kengaytirishga qiziqish bildirdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vaziri J.Xo‘jayevning ta’kidlashicha, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, ikki tomonlama tovar aylanmasi 19 foizga oshib, 617,1 million AQSH dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar-may oylari mobaynida o‘tgan yilga qaraganda 15 foizga oshdi.
“Hozirda O‘zbekistonda afg‘on kapitali ishtirokida 110ta tashkilot muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, Afg‘onistonda O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari ishtirokida 8ta tashkilot tuzildi. Biroq, bu ko‘rsatkichlar o‘zaro savdo aloqalarining umumiy salohiyatini ochib bera olmaydi. Zero, bizda hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjud. Qo‘shni ekanligimiz va rivojlangan transport infratuzilmasiga egaligimiz sababli, qisqa vaqt ichida ikki tomonlama tovar aylanmasini 1 milliard AQSH dollarga yetkazishimiz mumkin”, deydi vazir.
O‘zbekiston delegatsiyasining Afg‘oniston Islom Respublikasiga tashrifining birinchi kuni yakuniga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida savdo, transport va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi. Shuningdek, muhim masalalarni muhokama qilish uchun komissiya tuzish zarurligi aytib o‘tildi.