O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorijiy investitsiya qancha bo‘ldi?
2018-07-11 | Jamiyat
Samarqand viloyat hokimligida viloyat, tuman va shaharlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlili hamda 2018 yil uchun tasdiqlangan investitsiya loyihalari ijrosini so‘zsiz ta’minlash yuzasidan joriy yil ikkinchi yarim yilligida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalarga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Uni viloyat hokimi T.Jo‘rayev olib bordi.
Yig‘ilish videoselektor tarzida shaharlar va tumanlar studiyalari bilan bog‘langan holda o‘tkazildi. Unda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, bojxona boshqarmasi rahbariyati, huquq-tartibot idoralari, xo‘jalik boshqaruvi organlari va boshqarmalar boshliqlari, shaharlar va tumanlardagi 4 ta sektor rahbarlari ishtirok etdi.
- Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yilning 21 iyun kuni tarmoqlar va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish holati, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va o‘zlashtirish natijalari tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida yurtboshimiz keng imkoniyatlari bo‘lishiga qaramay, Samarqandda xorijiy investitsiyalar ishtirokida yetarlicha loyihalar amalga oshirilmayotganini alohida ta’kidlab, bu borada oldimizga aniq vazifalarni belgilab berdi, - deydi T.Jo‘rayev. – Darhaqiqat, viloyatimizda investitsiya muhiti yaxshilangan, buning uchun zarur qonuniy hujjatlar mavjud bo‘lsa-da, natijalarimiz ko‘ngildagidek emas. Masalan, 2018 yilning birinchi yarmida viloyatimiz bo‘yicha umumiy qiymati 355,7 milliard so‘m bo‘lgan 446 ta loyihani ishga tushirish hamda 2 774 ta ish o‘rni yaratish belgilangan edi. Biroq hisobot davrida qiymati 298,1 milliard so‘m bo‘lgan 402 ta loyiha foydalanishga topshirildi, 2450 ta ish o‘rni yaratildi, xolos. Mazkur loyihalar doirasida 5,2 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya, 109,2 milliard so‘m bank krediti, 165,9 milliard so‘m tashabbuskorlarning o‘z mablag‘lari hisobidan investitsiyalar o‘zlashtirildi.
Qiymati 57,7 milliard so‘m bo‘lgan 44 ta loyiha ishga tushirilmasdan qoldi. Jumladan, sanoat yo‘nalishida 48,5 milliard so‘mlik 16 ta, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 3,8 milliard so‘mlik 17 ta, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 5,3 milliard so‘mlik 11 ta loyiha ishga tushirilmadi.
Yurtboshimiz 2018 yildan barcha tuman, shaharlar hokim va sektor rahbarlariga hududiga har oyda 1 million dollardan xorijiy investitsiyani jalb qilish lozimligini topshirgan edi. Shundan kelib chiqib, viloyat delegatsiyasi Turkiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Tojikiston, BAA, Indoneziya, Malayziya, Singapur kabi bir qator davlatlarga tashriflar amalga oshirdi. 21 ta turli davlatlarning ishbilarmon doira vakillari esa viloyatimizga tashrif buyurdi.
Birgina joriy yil 7-11 aprel kunlari viloyat delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi davomida umumiy qiymati 205,3 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha 44 ta memorandum va kelishuvlar imzolanib, qiymati 44 million dollar bo‘lgan 2 ta loyiha bo‘yicha ishlar boshlandi. Natijada o‘tgan 6 oylikda viloyatning 9 ta hududida 59 ta qo‘shma va xorijiy korxona ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularning soni 345 taga yetdi.
Bu yaxshi, albatta. Ammo o‘tgan 6 oyda viloyatning 7 ta hududi - Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on, Bulung‘ur, Qo‘shrabot, Paxtachi, Nurobod va Narpay tumanlarida birorta ham xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona tashkil etilmadi.
Shuningdek, yig‘ilishda viloyatda turizmni rivojlantirish va bu borada ham investitsiya jalb etilishi bilan bog‘liq muammolar o‘rtaga tashlandi.
Ta’kidlandiki, o‘tgan 6 oy davomida viloyatimizga 115 ming xorijiy va qariyb 1 million mahalliy sayyohlar jalb etildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2-3 barobar ko‘p, degani. Turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida 34 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Shundan 350 o‘ringa mo‘ljallangan 6 ta mehmonxona ishga tushirildi.
Biroq Samarqand shahrida hunarmandchilik, kiyim-trikotaj, suvenir va boshqa mahsulotlar sotuvi uchun mo‘ljallangan yangi mahsulotlar turini namoyish etish uchun “shou rum” (show room) zallarini ichida mujassam etgan an’anaviy sharqona me’morchilik uslubidagi yopiq savdo majmuasini barpo etish loyihasi, Samarqand shahrining Bo‘stonsaroy ko‘chasida 100 o‘ringa mo‘ljallangan to‘rt yulduzli mehmonxona tashkil etish loyihasi, buyuk allomalar Burxoniddin Marg‘inoniy va Abu Lays Samarqandiyning dafn qilingan maskanlari hududida ziyoratchilar uchun barcha shart-sharoitni nazarda tutuvchi kompleks loyihalar hanuzgacha amalga oshirilgani yo‘q.
Shuningdek, Samarqand shahrida Turkiyaning “APЕAS” va Koreyaning “Yangon Korporeyshn” korxonalari ishtirokida qurilishi rejalashtirilgan 2 ta mehmonxona uchun ajratilgan yer maydonlarida bino va inshootlarni buzish hamda yer maydonini tozalash ishlari hamon kechikayotgani ta’kidlandi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosarlari – Sh.Xudoyberdiyev, O.Boboyev, M.Voseyev, K.Qurbonov, Ishtixon, Qo‘shrabot, Urgut, Bulung‘ur tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrining to‘rtta sektor rahbarlari hisoboti tinglandi. Ulardan xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha belgilangan topshiriqlar ijrosi so‘raldi, investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirilishiga to‘siq bo‘lgan jihatlar tahlil qilindi.
Yig‘ilish yakunida hududlarga investitsiya kiritish ishlarini keskin faollashtirish lozimligi, bunda viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarining mas’uliyatini oshirish, shuningdek, sektorlar rahbarlarining har biri o‘z hududiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etishga hissa qo‘shishi zarurligi aytildi. Investitsiya takliflarini shakllantirish, investorlar topish, loyihalar ishlab chiqish, ekspertiza qilish, moliyalashtirish va amalga oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi ham hududlarga investitsiya kiritish ishlarida faol ishtirok etish maqsadida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator vazifalarni belgilab oldi.