Namangan viloyati “Qishloqichimliksuv” mas’uliyati cheklangan jamiyati qozog‘istonlik hamkasblarining ilg‘or tajribalari bilan yaqindan tanishish maqsadida Chimkent viloyatida bo‘lishdi.
Tumanlardagi “Suvoqava” korxonalari direktorlari, bosh muhandislari, “Qishloqichimliksuv” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutasaddilaridan iborat delegatsiya dastavval Chimkent viloyatida “SU Resurtarы-marketing” korxonasi muzeyida bo‘lishdi. Muzey faoliyati bilan tanishish asnosida korxonaning tarixi, bugungi kunda davlat-xususiy sheriklik asosidagi boshqaruv tajribalari bilan o‘rtoqlashildi.
Chimkent korxonasi bosh muhandisi Rahimdan Shamsutdinov mehmonlarga aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar, ichimlik suvlarini zararsizlantirish, suv inshootlaridagi quduqlar, muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarish borasidagi ishlar bilan tanishtirdi.
Jamiyat ishchi-xodimlariga yaratilgan qulay mehnat sharoiti, muntazam ravishda ularning kasb malakasini oshirish yo‘lidagi chora-tadbirlar, kutubxona hamda sihatgohlar faoliyati mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi.
– Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad ichimlik suvi ta’minotidagi yangiliklar, sohada amalga oshirilayotgan ishlar, eng muhimi, qo‘shni mamlakatda davlat-xususiy sheriklik asosida olib borilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishishdan iborat edi, – deydi Namangan viloyati “Qishloqichimliksuv” jamiyati direktori Salimjon Tulamov. – Albatta, o‘rganilgan ilg‘or tajribalarni korxonamiz faoliyatida qo‘llash suv ta’minotida xizmatni yanada yaxshilash imkonini beradi.
Qayd etish joiz, safar yakunida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, muntazam ravishda ish jarayonlarini o‘rganib borish, ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Oqilxon Dadaboyev