O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bolalarni migratsiya oqibatlaridan himoya qilish masalalariga bag‘ishlandi
2018-07-11 | Jamiyat
Toshkentda “Janubi-sharqiy, Janubiy va Markaziy Osiyoda migratsiyaning zararli oqibatlaridan bolalarni himoya qilish” xalqaro loyihasining ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISЕF) hamkorligida tashkil etilgan anjumanda tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar guruhi ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva, YUNISЕFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari S.Grauman va boshqalar O‘zbekistonda bolalarni migratsiya oqibatlaridan himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini ta’kidlagan holda, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosini yuksak baholadi.
Mamlakatimizda mehnat migratsiyasining oila va bolalarga ta’sirini o‘rganish orqali bolalar huquqlarini himoya qilish, migratsiyaning salbiy oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan manzilli ishlar olib borilmoqda. Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan qator loyihalar migrant oilalarning farzandlarini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Tadbirda mamlakatimizda bolalarga vasiylik qilishning umumqamrovli strategiyasini ishlab chiqish, oila tipidagi muqobil vasiylik tizimini yanada rivojlantirish, bolalar va yoshlar ishlari bo‘yicha ombudsman lavozimini joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Anjuman doirasida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan YUNISЕFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda bolalarni migratsiya ta’siridan asrashga qaratilgan loyihaning ishga tushirilgani ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, 2018-2020 yillarda Buxoro, Farg‘ona, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida migratsiyaning salbiy oqibatlariga duch kelgan oilalar va bolalarga ijtimoiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatiladi. Chet elga ishlashga ketgan oilalar va ularning farzandlari ehtiyojini aniqlashga yo‘naltirilgan tadqiqotlar o‘tkaziladi.
– Bugungi kunda migratsiya muammosi global xarakterga ega, – dedi Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi elchisi Eduards Stiprays. – Bu holat ko‘proq bolalar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida Yevropa Ittifoqi ham “Janubi-sharqiy, Janubiy va Markaziy Osiyoda migratsiyaning zararli oqibatlaridan bolalarni himoya qilish” loyihasida ishtirok etmoqda. Bu jarayonda mintaqa mamlakatlarida bu kabi muammolarni yuzaga keltirayotgan sabablar o‘rganilib, uning yechimi bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonda “Bolalar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyaning bajarilishini tashkil etish masalalari bo‘yicha Idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimizda ishlab chiqilgan Milliy harakatlar dasturi asosida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.