O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Klaster usulida urug‘lik yetishtirish

2018-07-05 | Iqtisodiyot

Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi “Semrug‘” fermer xo‘jaligida boshoqli don, dukkakli va moyli ekinlar seleksiyasi, urug‘chiligi va ularni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan tashkil etilgan seminarda qishloq xo‘jaligi ilmiy muassasalari, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlaridagi urug‘chilik xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
 
Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘ini yetishtirish, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash va sotish, shuningdek, nav va urug‘lik nazorati – oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim omili hisoblanadi. Shuning uchun mamlakatimizda bu sohaga alohida e’tibor qaratilayotir.
 
Prezidentimizning 2018-yil 17-apreldagi “Qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan paxta va boshoqli don ekinlari urug‘ini tayyorlash hamda ulardan foydalanishning yagona zamonaviy tizimini shakllantirish uchun mas’ul bo‘lgan Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” DUK tashkil etildi.
 
Davlatimiz rahbarining joriy yil 27-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida urug‘chilik tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi”ning asosiy vazifalari belgilab berildi va uning tuzilmasi tasdiqlandi.
 
Mamlakatimizda gen kolleksiyasidan unumli foydalanib, serhosil, ertapishar va sifati yuqori bo‘lgan yangi navlar yaratish ustida ish olib borilayotir. Jumladan, hozirgi kunda qishloq xo‘jaligi institutlarining gen kolleksiyalarida bug‘doyning 15 ming 378, arpaning 2 ming 23, sholining 2 ming 200, makkajo‘xorining 3 ming 582, oq jo‘xorining 1 ming 127, tritikalening 453, rapsning 10, sulining 94, moshning 678, soyaning 948, no‘xatning 1 ming 193, ko‘k no‘xatning 102, loviyaning 60, kungaboqarning 62, yeryong‘oqning 1 ming 415, maxsarning 418, kunjutning 1 ming 437, zig‘irning 671, bedaning 6 mingta nav namunalari saqlanmoqda.
 
Afsuski, oldingi yillarda ushbu ekinlar seleksiyasi va urug‘chiligiga yetarli e’tibor qaratilmagani oqibatida mahalliy navlarni yaratish ishlari ko‘lami past bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” tomonidan sifatli urug‘lik yetishtirish, jamg‘arish, saqlash, qayta ishlash, dorilash, qadoqlash, fermer xo‘jaliklariga yetkazib berish va eksport qilish jarayonlarini o‘z ichiga olgan urug‘chilik klasterlari tashkil etish loyihasi ishlab chiqilmoqda.
 
– Shu maqsadda mamlakatimizda qishloq xo‘jalik ekinlarining birlamchi urug‘lik materiallarini yetishtirish, qayta ishlash va tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi urug‘chilik kompaniyalari, jumladan, chet el kapitali ishtirokida va davlat xususiy sherikchilik asosida kompaniyalar tashkil etilmoqda, – deydi “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasi rahbari o‘rinbosari M.Tolibov. – Barcha elita urug‘chilik xo‘jaliklarida bugungi kungacha faqat urug‘lik chigit yetishtirilgan bo‘lsa, endilikda barcha qishloq xo‘jalik ekinlarining birlamchi urug‘lik materiallari yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Birinchi bosqichda 6 viloyatda urug‘chilik klasterlari tashkil etish belgilangan. Shunday urug‘chilik klasteri usulini ushbu seminar o‘tkazilgan “Semrug‘” elita urug‘chilik xo‘jaligi negizida ham tashkil etish ishlari boshlab yuborildi.
 
“Semurg‘” fermer xo‘jaligi rahbari, asli mutaxassisligi agronom bo‘lgan Muhammad Suvonqulov qator yillardan buyon O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti olimlari bilan yangi navlarni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik qilib kelayotir. Xo‘jalik dalalarida ushbu ilmiy muassasa olimlari tomonidan yaratilgan “Ko‘paysin” yangi g‘o‘za navi ekilib, sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazilgan edi. Fermer xo‘jaligi sinov tariqasida ekilgan dastlabki yillardayoq ushbu navdan 40 sentnerdan oshirib hosil oldi.
 
Olimlarning tavsiya va maslahati asosida paxta navini yaxshilashga salmoqli ulush qo‘shayotgan fermer urug‘ yetishtirishdan olayotgan daromadi hisobiga o‘simlik yog‘i ishlab chiqaradigan korxona barpo etdi. Faqat chigitdan emas, balki zig‘ir, kunjut, masxar, soya, kungaboqar kabi moyli ekinlar urug‘idan ham yog‘ ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona xo‘jalikka yaxshi foyda keltirmoqda.
 
– Xo‘jaligimizda klaster usulining qo‘llanishi faqat paxta yo g‘alla emas, balki sabzavot, poliz, moyli hamda dukkakli ekinlar urug‘chiligini ham yo‘lga qo‘yish imkonini beradi, – deydi M.Suvonqulov. – Xo‘jaligimizda moyli va dukkakli ekinlar urug‘ini qayta ishlash korxonasi mavjudligi, jamoamiz bu sohada katta tajribaga egaligi asosiy imkoniyatimizdir. Prezidentimiz qo‘llab-quvvatlayotganidan foydalanib, qishloq xo‘jaligida yangi yo‘nalish bo‘lgan klaster usuli urug‘chilik sohasiga ham joriy etilishi dehqonchilikdagi ko‘plab muammolarning muvaffaqiyatli hal etilishiga zamin yaratadi.
 
Albatta, barcha urug‘chilik xo‘jaliklarida ham “Semrug‘”dagi kabi imkoniyatlar yo‘q. Ayniqsa, sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlarining navlarni tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib tanlash, sifatli urug‘ va ko‘chatlar ekish hamda yetishtirish uchun malakasi yetarli darajada emas.
 
Urug‘chilik sohasida hali muammolar yetarlicha ekani seminarda ma’ruzachilar va muhokamada qatnashganlar tomonidan ta’kidlab o‘tildi. Sifat ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan eksportbop mahsulotlar yetishtirish uchun sertifikatlangan sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari urug‘larini yetkazib berish hozircha tizimli yo‘lga qo‘yilmagani soha rivojida jiddiy to‘siq bo‘lmoqda. Shuning uchun bu sohani rivojlantirish don va dukkakli don hamda moyli ekinlar urug‘chilik tizimini tubdan yangilashga qaratilgan dastur ishlab chiqishni taqozo qilmoqda. Ushbu seminar bu yo‘nalishdagi eng dolzarb masalalarni bevosita soha mutaxassislari, mutasaddilari va fermerlar bilan batafsil maslahatlashib olishda dastlabki muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
 

Toshqul Beknazarov, O‘zA

Поделиться