Mamlakatimizning ayol tennischilari orasida yetakchilardan hisoblangan Oqgul Omonmurodova Italiya poytaxti Rim shahrida o‘tkazilayotgan, sovrin jamg‘armasi 60 ming AQSH dollari bo‘lgan xalqaro turnirning saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan edi.
Hamyurtimizning ilk davradagi raqibasi italiyalik Klaudio Jiovayn kortga chiqmaganligi bois Oqgul osonlik bilan ikkinchi davraga yo‘l olgandi. Afsuski, u ikkinchi bosqichda yana bir mezbon tennischi Martina Spigarelliga 2:6, 2:6 hisobida yutqazib qo‘ydi.
Bugun Omonmurodova musobaqaning juftlik bahslarida ishtirokini davom ettiradi.
Oqgul juftlikda rossiyalik Anastasiya Potapova bilan birga turnirning ikkinchi saralangan juftligi – slovakiyalik Mikaela Xonkova hamda ispaniyalik Silviya Soler-Espinozaga qarshi kortga chiqishadi.
Shuningdek, O‘zbekistonning birinchi raketkasi Denis Istomin “Ulkan toj“ turkumidagi “Uimbldon“ musobaqasining ilk davrasida kortga chiqdi. Avstraliyalik Nik Kirosga qarshi 2 soatu 37 daqiqa davom etgan o‘yinda hamyurtimiz 6:7(3), 6:7(4), 7:6 (5), 3:6 hisoblarida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Oybek Yunusov