Farg‘ona viloyati hokimining yoshlar bilan uchrashuvi bayram kayfiyatiga mos ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Prezidentimizning yoshlarga yo‘llagan tabrigini viloyat hokimi Sh.G‘aniyev o‘qib eshittirdi. Mamlakatimizda yoshlarning intilish va va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib, iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratilganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 28-iyundagi “Mard o‘g‘lon” Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda faollik ko‘rsatayotgan bir guruh yoshlar ushbu yuksak mukofot bilan taqdirlandi. Mukofotlanganlar orasida farg‘onalik yoshlar – “Qo‘qon-1912” professional futbol klubi a’zosi Oybek Rustamov, Davlat xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasi harbiy qism vzvod komandiri Qobiljon Hoshimov ham bor.
Tadbirda viloyat hokimi Prezidentimiz qaroriga ko‘ra “Mard o‘g‘lon” Davlat mukofoti bilan taqdirlangan yigitlarga sovrindorlik diplomi va ko‘krak nishonlarini tantanali topshirdi.
Tadbir doirasida, shuningdek, turli sohalarda yuqori natijalarga erishayotgan yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.