O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida

2018-06-28 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Jonajon Vatanimiz – O‘zbekistonimiz milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yib, barcha soha va tarmoqlarda demokratik yangilanish jarayonlari amalga oshirilayotgan bugungi kunda biz uchun bebaho ne’mat bo‘lgan mustaqillikning qadr-qimmati va ahamiyati tobora ortib bormoqda. 

O‘tgan davr biz uchun g‘oyat muhim bir haqiqatni takror va takror tasdiqlab bermoqda. Erkin va farovon hayotimizni, buyuk kelajagimizni faqat mustaqillik asosida qurishimiz, odamlarimiz, el-yurtimizni faqat mustaqil siyosat asosida rozi qilishimiz mumkin. Faqat mustaqillik bugungi va kelgusi avlodlar uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatlar ochib beradi. 

Shu ma’noda, mamlakatimiz istiqlolini, u bilan bog‘liq tarixiy sana va voqea-hodisalarning mohiyatini chuqur anglash va qadrlash, har tomonlama munosib nishonlash ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotimizda alohida muhim o‘rin tutadi. 

Xalqimizning asriy orzusi bo‘lgan, Vatanimizning necha ming yillik tarixida mutlaqo yangi sahifa ochgan, mamlakatimizni xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosiga aylantirgan O‘zbekiston mustaqilligining yigirma yetti yilligini munosib kutib olish va nishonlash maqsadida: 

1. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

2. Respublika komissiyasi bir hafta muddatda “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqsin. 

Mazkur dastur 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi bilan uyg‘un holda tayyorlansin. 

Bunda davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, ayniqsa, xalq bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, inson manfaatlarini ta’minlash, qonun ustuvorligiga erishish va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy sohani, xususan, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, turizm va sport tarmoqlarini rivojlantirish, tinchlik-osoyishtalik va xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, tashqi siyosat sohasida barcha uzoq va yaqin davlatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni jadal rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning mazmun-mohiyatini ilmiy-ma’rifiy asosda, hayotiy misollar orqali ochib berishga alohida e’tibor qaratilsin. 

3. Respublika komissiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o‘tkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot guruhlari tashkil etilsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi ta’minlansin. 

4. Respublika komissiyasi o‘z yig‘ilishlarida belgilangan chora-tadbirlar markazda va joylarda qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitib borsin. 

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin. 

6. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etishga qaratilgan eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika tanlovining yakuniy bosqichini o‘tkazsin. 

Tanlov g‘oliblari va sovrindorlari Mustaqillik bayrami arafasida e’lon qilinsin va taqdirlansin. 

7. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda “Eng ulug‘, eng aziz”, “Ranglar jilosida – ona diyor”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlarni yuqori darajada o‘tkazishni ta’minlasin. 

8. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari: 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan; 

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi. 

9. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin. 

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklansin. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                          SH.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 28-iyun

 

Поделиться